Bolaga dabdaba, hasham ne darkor!
O‘zbek — bolajon xalq. Ba’zida bu xislat shu darajaga borib yetadiki, oqibatda farzandimizning barcha tilaklarini so‘zsiz bajaruvchi Olovuddinning sehrli chirog‘idagi jinga aylanib qolganimizni sezmaymiz ham. Bolaning xohish-istaklarini so‘zsiz ado etaverish esa ularni tanbal qilib qo‘yadi.
Bog‘cha yoshidagi o‘g‘ilcham xarxasha qilib qoldi: “Menga planshet olib bering!”. Uning nega to‘satdan bu talabni qo‘ygani ertasi kuni bog‘chada ayon bo‘ldi. Guruhdoshlari qo‘lidagi qimmatbaho planshet boshqa kichkintoylarning ko‘zini o‘ynatib turardi. To‘g‘risi, o‘g‘limning o‘ksinishini istamadim. Shu kuniyoq bozorga tushib, 200 ming so‘mga o‘yinchoq noutbuk sotib oldim. Ammo o‘shanda xato qilganimni bugun — 10 yoshida qimmatbaho telefon olib berishni talab qilgandagina angladim.
* * *
Qo‘shnimizning farzandi 4-sinfni tugatayotgan ekan. Xarajatlar haqida maqtangannamo gapirib qoldi:
— Hisoblasam, naqd 400 ming so‘m ketarkan.
— Nahotki?
— Ha, fotoalbomining o‘zi 70 ming so‘mdan tushdi. O‘qituvchisiga 30 ming so‘mdan yig‘dik. Eng asosiysi, restorandagi tadbir. Bolalarga arzonlashtirilgan holda 30 ming, ota-onalarga 50 ming so‘mdan. O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Bolani chiroyli kiyintirish kerak. Mayli-da, bolamiz uchun yashaymiz-ku! Bazmga libos sotib olasiz, jilla qursa, ijaraga olib turasiz. Go‘zallik saloniga olib kirib, makiyaj qildirasiz!
— Mushtdek bolaga dabdabali bitiruv oqshomi-yu, qimmatbaho fotoalbomning nima keragi bor? — so‘rayman ensam qotib.
— E, hozir zamon shunaqa. Boshqalardan orqada qolsang, bir chetga surib qo‘yishadi. Qo‘ying, o‘tkinchi dunyoda o‘ynab-kulganimiz qoladi...
To‘g‘ri, ota-ona farzandining o‘zidan ko‘ra baxtli, to‘kin va farovon yashashini, hayoti quvonch-u zavqqa to‘lishini, birovdan kam bo‘lmasligini istaydi. Ammo bir o‘ylab ko‘ring, hasham-u dabdaba farzandlarimiz tarbiyasiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?
Iroda ORIPOVA