Sayyohlikni chimyonliklar qanday tushunadi?
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani bejiz emas. Dunyo bizni ko‘rsin, o‘zbek xalqi jahonga chiqsin.
Shahar va qishloqlarimizda zamonaviy uylar, ko‘chalar, ko‘priklar qurilib, ziyoratgohlar ta’mirlanmoqda. Mikrohududlarning kengaytirilib, obodonlashtirilishi, suv ta’minotining yaxshilanishi ko‘ngilochar dam olish maskanlari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi, albatta. Ichki turizmni yaxshilash va optimal boshqarish uchun davlat qo‘mitasi va boshqa ma’muriy-tashkiliy idoralar ochildi. Oqilona olib borilayotgan siyosat o‘z natijasini bera boshladi. Agar yurtimizga 2016-yili 2,0 million sayyoh (shundan 94 foizi MDH davlatlaridan) kelgan bo‘lsa, 2017-yili bu raqam 2,7 million (93 foizi MDHdan) kishiga yetdi. Bu O‘zbekistonga qiziqish bilan qarayotgan chet ellik fuqarolar soni bir yilda 35 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Ichki sayyohlar soni esa oxirgi yillarda 1,8 milliondan 2,1 million kishiga yetdi yoki 17 foizga ortgan. O‘zbekistondan chet elga borganlar soni 3,8 milliondan 5,2 million kishiga, ya’ni 37 foizga oshgani yana bir quvonchli natijadir.
Bundan ham salmoqliroq raqamga erishish mumkinmi? Ha, albatta, qachonki biz turizm jozibadorligini yanada oshirib boraversak. Xorij fuqarolari uchun O‘zbekistonning maftunkorligini oshirishda ko‘plab omillar mavjud.
Xizmat yuzasidan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganmiz. Sayyohlar oqimi uzilmaydigan Italiya, Gretsiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarda mahalliy xalq tirikchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Hukumat buni qo‘llab-quvvatlaydi. Xorijliklar tajribasining Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Samarqand kabi tarixiy shaharlarda ommalashib, mahalliy aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgani ijobiy hodisadir. Ammo “Tirikchilik qilaman”, deb mehmonning ko‘nglini xira qilish, kayfiyatini buzish o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Chotqol tog‘ tizmasida joylashgan Chimyon dam olish maskaniga bordik. Mashinani yo‘l chetida to‘xtatdik. Bir yigit kelib, bu yerga mashina qo‘yish mumkin emas, deya bizni chet ellik mehmonimiz oldida haqoratlay ketdi. Biz turistni boshqa sheriklarimizga qo‘shib, osma yo‘l kassasigacha kuzatib qo‘ydik. Bilet ancha qimmat. Hamma yoq qor bilan qoplangan, havo sovuq bo‘lsa-da, (ikki kishilik) osma yo‘l o‘rindiqlarida nam taxta va yarim metr zanjirdan boshqa hech qanday himoya vositasi yo‘q. Chet ellik mehmonning oldida mulzam bo‘ldik. Mashinamizni tosh bilan o‘ralgan joyga olib kirdik, bor-yo‘g‘i 10 tacha mashina bor ekan. Na darvoza, na bir yozuv ko‘rinadi. 15 tacha ot va bir nechta mototsikl bu maydonni egallagan.
Darvoza oldida ovqat va somsa sotilar ekan. Har tugul ovqatlanish uchun ikkita stol va o‘rindiq mavjud. Idish-tovoq chelakdagi suvga chayiladi. Oshpazning kiyimi yog‘ bosganidan shunchalik yaltiraydiki, asti qo‘yaverasiz. Dori ichishga qaynatilgan suv so‘rasam, rad javobini oldim. Do‘konlarga kirdim. Eh-he, narxning balandligini qarang, uncha-muncha odamning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Do‘konlar orasidan kanatga eltadigan yo‘lda otliq va mototsikl mingan shovvozlar tiqilib olgan.
Bir yonda “Tualet” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi. Unga uch-to‘rt taxtazina orqali chiqilar ekan. Chiqish va tushish paytida juda hushyor bo‘lmasangiz, omonat. Tepada temirdan yasalgan ikkita xonacha, birida eshik yo‘q, ikkinchisining eshigi yarimta, yaxshi yopilmaydi. Qo‘l yuvishga Xudo bergan qor bor. Pastga tushib ulgurmasingizdan hojatbaror yigit paydo bo‘ladi: “1000 so‘m to‘lang!”.
Ko‘p o‘tmay, maxsus joyga ikkita avtobus kirib keldi. Malayziya va Tailanddan kelgan turistlar ekan. Avtobus eshigi ochilishi bilan otliq va mototsiklchilar hozir-u nozir. Mehmonlar ularga ajablanib qarashadi. Haydovchi gidni chaqirgach, ayrim turistlar osma yo‘lga ketishdi, ayrimlari rasm va videoga tushishdi, toza havodan bahramand bo‘luvchilar ham topildi. Ammo isiriq, dorivor o‘tlar, mahalliy shirinlik, kiyim-kechak va boshqa ashqol-dashqollarni pullovchi “tadbirkor”lar ularni bir nafas ham tinch qo‘yishmadi. Mehmonlar bir soatdan so‘ng bu makonni tark etishdi. Sezdikki, ularga bu yerning muhiti umuman yoqmadi. Biz ham xuddi shunday kayfiyatda edik.
Bunday noxush manzaralar faqat Chimyonda emas, respublikamizning boshqa dam olish maskanlarida ham kuzatiladi. Go‘zal yurtimizga O‘zbekiston haqidagi tasavvurini boyitish uchun oqib kelayotgan chet ellik sayyohlarga sifatsiz xizmat ko‘rsatish, yulg‘ichilik qilish, aldash faqat salbiy oqibatlarga olib keladi. Buning natijasida sayyohlar soni keskin kamayib, davlatning xalqaro doiradagi imijiga putur yetadi, yangi ish o‘rinlarini yarata olmaymiz. Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarishning ishonchli omillaridan biri turizm ekanligi tan olinayotgan bir davrda bunday kamchiliklarni tuzatish O‘zbekistonga qiziqish bilan qarayotgan chet elliklarning yurtimizga qadam ranjida etishi uchun muhim asos.
Hamid SHODIYEV, tc " Hamid SHODIYEV," Toshkent moliya instituti professori, iqtisod fanlari doktori, tc " Toshkent moliya instituti professori,
iqtisod fanlari doktori,"
A.JUMAYEV, tc
" A.JUMAYEV," institut doktoranti