Xudoyberdi To‘xtaboyev: “Bolalarimiz chet el ertaklarini o‘qib katta bo‘layapti”
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xollida Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Cho‘lpon” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Quyida tadbir davomida Xudoyberdi To‘xtaboyev bildirgan fikrlardan ayrimlarini taqdim etamiz:
“So‘nggi o‘n yilda bolalar adabiyoti bo‘yicha bunday katta yig‘in bo‘lganini eslay olmayman. Kirill yozuvidan lotinga o‘tishning ta’siri tufaylimi, taxminan 15-20 yil mobaynida mamlakatimizda bolalar adabiyoti so‘nib ketdi.
1991-yildan to 2005-yilga qadar ko‘p avlod kitob o‘qimay katta bo‘ldi. Hozir maktab o‘qituvchilari o‘quvchilar bilan, ota-onalar farzandlari bilan shug‘ullanishyapti, tarbiyasiga e’tibor qaratishga harakat qilishyapti. Lekin tarbiyaning asosiy vositasi bu – kitob. Bolalar adabiyoti namunalari esa hozir ham juda kam.
Yurtimizda 150 dan ortiq nashriyot bor, hammasi chet el ertaklarini bosib, ota-onalarning qo‘liga tutqizayapti. To‘g‘ri, Yevropa, Amerika, Xitoy ertaklari jahon xazinasining bir qismi, ularni ham o‘qish kerak, lekin adabiyotimizning sahifalarini 100 foiz ularga berib qo‘yish to‘g‘ri emas.
“Birovning bolasini birovning otasi tarbiyalamasin” degan naql bor. Boshqa otalar yozgan ertaklarni o‘zbek otalari do‘kondan sotib olayapti.
Men 5 yil davomida Yozuvchilar uyushmasining bolalar adabiyoti bo‘yicha kengashlarida qatnashib keldim. Har yili matbuotda e’lon qilingan, kitob holida chop etilgan asarlar sarhisob qilinadi. Afsuslar bo‘lsinki, shu 5 yillik hisob-kitoblarga ko‘ra, bolalar adabiyotining 95 foizini she’riy asarlar, atigi 5 foizini esa nasriy ijod namunalari tashkil etgan.
Men bolalar yozuvchilarini faolroq bo‘lishga chaqiraman. Men ularga “Agar moshinangiz bo‘lsa, soting-da, pulini bolalarga kitob yozishga sarflang”, degan bo‘lardim".