Poytaxtsiz davlat
Ha, shunaqasi ham bo‘lar ekan — davlatning o‘zi bor-u, poytaxti yo‘q. Tinch okeanining g‘arbidagi marjon orolida joylashgan dunyodagi mitti davlatlardan biri — Nauru Respublikasi buning yaqqol misoli. Nauru — poytaxtsiz mamlakat bo‘lish bilan birga, sayyoramizdagi eng mitti respublika va orol davlat hamdir. Bu yerda asosan naurlar yashaydi. Ushbu mitti mamlakat o‘zining g‘aroyib tarixiga ega.
Aytishlaricha, 1980-yillarda davlat hududida fosfor miqdorining ko‘pligi sabab xalq juda boy bo‘lgan. Ammo fosfor olish maqsadida o‘rmonlarning 90 foizi vayron qilingan va orol hududining 80 foizi jonsiz cho‘lga aylangan. Shundan beri mamlakat hududining 80 foizi bo‘shab qolgan. Bu yerlarda hatto odamlar ham yashamaydi.
Dunyoning qolgan qismidan ajratilgan ushbu yagona kichik orol-davlatning umumiy maydoni 21 kv km bo‘lib, aholisi soni 10 mingga yaqin. Bu yerda uzunligi 3,9 kilometrga teng yagona temiryo‘l mavjud. Mamlakatdagi avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 40 kilometrni tashkil etadi. Nauru ekvatorga juda yaqin joylashgani bois, tuzilishi jihatidan boshqa davlatlarga aslo o‘xshamaydi. U okean yaqinida joylashgan bo‘lishiga qaramay, hududida birorta ham daryo yo‘q. Ko‘li ham yagona.