Qo‘qon xonligi kutubxonasi
Qo‘qon xonligida kutubxona barpo etish va uni boyitish muhim hisoblangan. Xonlik tasarrufidagi eng yirik sulolaviy kutubxona o‘sha davr ma’rifatparvar xonlari tomonidan to‘ldirib borilgan. Ayniqsa, Umarxon va uning rafiqasi Nodirabegim qo‘lyozma kitoblarni yig‘ish va ko‘paytirishga alohida ahamiyat bergan.
Bu kutubxona to‘g‘risida Qo‘qon madaniyat tarixi muzeyi katta ilmiy xodimi Yahyoxon Dadaboyevning to‘plagan ma’lumotlari ahamiyatlidir: “Xudoyorxon madrasasi qoshidagi katta kutubxonada Qur’on, tafsir, hadis, fiqhga oid “mulki vaqf” yozuvli muhr bosilgan muqaddas ko‘chirmalar ham bo‘lgan. Bunday muhr qo‘yilgan kitoblarni bozorga chiqarish taqiqlangan”. Xonlar qimmatbaho kitobni boshqa mamlakat hukmdorlariga sovg‘a qilib yuborishgan. Tarixchi Ploskixtin bergan ma’lumotga ko‘ra, Qo‘qon xoni Umarxon 1819-1820-yillarda Konstantinopolga Hoji Mir Qurbon yetakchiligidagi elchilar orqali usmoniylar hukmdori Mahmud II ga chig‘atoy tilida yozilgan adabiy muhit namoyandalari ijod namunasi jamlangan kitob hamda Alisher Navoiyning bir qancha asarlarini in’om etgan.
Ruslar istilosi davrida saroy kutubxonasidan 103 ta qo‘lyozma olingan bo‘lib, ular asosan arab tilidagi Qur’on nusxalari, payg‘ambar-u sahobalar hayotiga bag‘ishlangan kitoblar edi. Durdonalar orasida falsafa, mantiq, grammatika va notiqlik san’ati, tibbiyotga doir “Bahr al-javohir” yoki Otabib Xorzaning “Marvarid dengizi”, fors tilidagi 15 nomdagi asar, musulmon qonunchiligi, “Tuhfat ul-xoniy”, Jigan Lodining “Tarixi Jahongiri” va boshqa kitoblar bo‘lgan. Olib ketilgan kitoblar orasida “Tavorixi Shohruxiy”, “Tarixi Muqimxoniy”, “Jahonnoma”, “Rashahot”, “Rashonax ul-funun” kabi ko‘plab noyob qo‘lyozma asarlar bor edi. Ular Rossiyaga olib ketilgan va imperator xalq kutubxonasi(bugungi Rossiya milliy kutubxonasi)ga topshirilgan. 1902-yili Turon zaminining bir necha shaharlariga safar qilgan akademik Bartold Qo‘qon madrasalarida foydalanilayotgan kitoblar xususida shunday deydi: “Shaharda topish mumkin bo‘lgan ozmi-ko‘pmi noyob kitoblar va qo‘lyozmalarni menga Madalixon madrasasidan to‘plab berdilar”. Akademik Sankt-Peterburgdagi Osiyo muzeyi uchun taqdim etilgan qo‘lyozma va kitoblar narxi juda balandligi uchun ularni xarid qila olmagan bo‘lsa kerak.
Sharq qo‘lyozma asarlari kutubxonasi Andijon begi (Xudoyorxonning o‘g‘li) Nasriddinning saroyida ham ochilgan edi. Shuning uchun ham Qo‘qon yurishi ishtirokchisi A.L.Kun 1875-yili mumkin qadar ko‘p kitob, qo‘lyozma va hujjatlar yig‘ish maqsadida Andijonga kelgan. Kutubxona unda qanday taassurot qoldirgani, bizga qorong‘i. Ammo O‘zbekiston tarixi bilan qiziquvchi olimlar arab imlosidagi tarixiy asarlarni o‘qib-o‘rganishga intilgan. Sharq qo‘lyozmalarini to‘plashga Namangan, Marg‘ilon beklari ham e’tibor qaratishgani o‘sha davrda kitobxonlikni rivojlantirish asosiy masalalardan biri bo‘lganidan dalolat beradi.
Qo‘qon xonligi chor Rossiyasi tomonidan tugatilgach, kutubxonalar faoliyati deyarli to‘xtab qoldi. Aksariyati talon-toroj qilindi. Afsuski, Qo‘qon xonligi davri kutubxonalari ilmiy jihatdan ko‘p o‘rganilmagan. Kelgusida tarixchi olimlar bu borada ilmiy izlanish olib borishlari maqsadga muvofiq.
Ravshanjon ABDULLAYEV, tc "Ravshanjon ABDULLAYEV," Bag‘dod tumanidagi tc "Bag‘dod tumanidagi " 8-maktabning tarix fani o‘qituvchisi