Fantastik filmlardan reallikka ko‘chgan texnologiyalar
1895-yili Parijda Kino san’ati asoschilari – aka-uka Lyumerlar namoyish etgan ilk film asosida kinеmatografiya sohasi shakllandi. Avvaliga, oq-qora ranglarda suratga olingan bir necha daqiqalik harakatlanuvchi tasvirlar o‘rnini sekin-asta rangli, sujetli, obrazli filmlar egalladi. Zamonaviy suratga olish texnologiyalarining paydo bo‘lishi esa kinoda kutilmagan janrlarning rivojlanishiga turtki berdi.
Ulardan biri — fantastik janrdagi filmlarning paydo bo‘lishida ham Lyumerlarning xizmati katta. Ular suratga olgan “Mexanik qassob” filmi shu yo‘nalishdagi kinolarning birinchisi sifatida e’tirof etiladi.
Fantastik filmlar rivoji XIX asrga — fantastik asarlar yozuvchilari ko‘paygan davrga to‘g‘ri keldi. Rejissorlar o‘z filmlarida aql bovar qilmas qurilmalar, hayotda uchramaydigan buyumlar, tasavvurga sig‘maydigan ixtirolardan foydalangani sari fantastik filmlar ishqibozlari soni ortib bordi. Bunday kartinalarda tasavvurga istalgancha erk berish, mavjud bo‘lmagan narsalarni ham bordek ko‘rsatish mumkin edi. Insonlar ekranda uchar mashinalar, simsiz aloqa vositalari, “aqlli” buyumlar, odam yordamisiz harakatlanadigan apparatlar, robot va boshqa texnologiyalarni ko‘rar ekan, ularning real hayotda paydo bo‘lishini tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi. Ammo...
Tinib-tinchimas olimlarning sa’y-harakatlari tufayli asrimizga kelib, har qanday g‘ayrioddiy texnologiya ham insoniyat uchun fantastika bo‘lmay qoldi. Hatto kishilar bugun o‘zlari film orqali ko‘rgan yangicha ixtironing ertaga real hayotda paydo bo‘lishini kuta boshladi.
Olimlar biror ixtiroga qo‘l urishdan oldin fantastik filmlardan ilhomlanishi bor gap. Avval kinoda ko‘rinib, so‘ng hayotimizda paydo bo‘lgan texnologiyalar ko‘p.
Ulardan eng birinchisi — mobil telefon va 3D-printer. Haqiqatan, mobil telefon g‘oyasi ilk bor hali u yaratilmasidan avval — 1966–1969-yillarda ekranlarga chiqqan “Yulduz yo‘li” serialida ko‘rsatilgan. Oradan bir necha yil o‘tib, 1973-yili filmdan ilhomlangan Martin Kuper dunyodagi birinchi mobil telefon apparati — “Motorola DynaTAC”ni yaratdi. Ikkinchi televizion serial — “Yulduz yo‘li: keyingi avlodlar” esa insoniyatga 3D-printer g‘oyasini tuhfa etdi.
2006-yili smartfonlarda paydo bo‘lgan videoqo‘ng‘iroq funksiyasi ham 1926-yili Frits Lang suratga olgan, tarixdagi eng katta mablag‘ sarflangan nemis filmi — “Metropolis”da ko‘rsatilgandi.
“Aqlli” ko‘zoynak
Kelajak texnologiyalarini bashorat qilishda barcha sevib tomosha qiladigan «Kelajakka qaytib» ilmiy-fantastik filmiga teng keladigani topilmasa kerak. Undagi g‘ayrioddiy ixtirolardan kishilar hayratga tushsa, olimlar ularni yaratish ustida bosh qotirardi. Bu borada ko‘plab yutuqlarga erishildi ham. Xususan, 1985-yili suratga olingan mazkur filmning birinchi qismida bosh qahramon foydalanadigan “aqlli” ko‘zoynakning real hayotdagi talqinini ko‘plab yirik kompaniyalar allaqachon yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Uning birinchi avlodi — 2014-yili “Google” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan kamerali, matnni o‘qish hamda video ko‘rishga mo‘ljallangan ekranli “Google Glass” ko‘zoynagi bo‘ldi.
1989-yili suratga olingan “Kelajakka qaytib 2” filmidagi bog‘ichi bog‘lanadigan krossovkalarni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Hatto o‘sha kezlari filmni tomosha qilganlar orasida “Qani endi, menda ham shunday krossovka bo‘lsa”, deguvchilar bo‘lgan. Bu g‘oya olimlarni ham befarq qoldirmadi. Poyabzal ishlab chiqaruvchilardan tortib, ixtirochilargacha uni hayotga tatbiq etish ustida uzoq vaqt izlanishlar olib bordi. Nihoyat, “Nike” kompaniyasi 2016-yili krossovkaning muvaffaqiyatli chiqqan modelini ommaga namoyish etdi. Uzoq kutilgan “HyperAdapt 1.0” film qahramoni Marti Makflay kiygan bog‘ichi avtomatik bog‘lanadigan krossovkaning ayni o‘zi edi. Poyabzal sohibi uni kiyishi bilan maxsus sensor hamda bog‘ichlarni avtomatik bog‘lash tizimi ishga tushadi. Bog‘lash darajasi krossovkaning yon tomoniga o‘rnatilgan ikkita maxsus tugma yordamida nazorat qilinadi.
Haydovchisiz avtomobil
Bunday mashinalar ilk bor “Barchasi — yodimizda”, “O‘zgacha fikr”, “Beshinchi element” kabi filmlarda ko‘rsatilgan. Hozir ham ular tez-tez ko‘zga tashlansa-da, hech kimni hayratlantirmay qo‘ygan. Biroq ulardan hayotda foydalanishga qiziqish yuqori.
Ushbu texnologiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha ko‘plab mamlakatlarda ish olib borilyapti. Bu bo‘yicha gigant kompaniyalar — “General Motors”, “Nissan”, “BMW”, “Volkswagen”, “Audi”, “Volvo”, “Google”, Rossiya kompaniyalaridan – “Yandeks”, “KamAZ”, “Cognitive Technologies” yetakchilik qilmoqda. Ammo mutaxassislar hozircha faqat tajriba-sinovlar bilan cheklanmoqda. Boisi, haydovchisiz mashinalar harakatlanishi uchun, avvalo, ularga mos yo‘l harakati qoidalarini ishlab chiqish lozim. Hozir qator davlatlar, xususan, Rossiyada bunday qoidalar majmuyi ishlab chiqilgan bo‘lib, kompaniyalar egalari hukumatning uni qonuniylashtirishini kutmoqda.
Uchar mashina
Birinchi uchar mashina 1965-yildayoq “Fantomas g‘azabda” filmida paydo bo‘lgandi. Keyin bu g‘oya boshqa ko‘plab filmlarga ko‘chdi. U, ayniqsa, “Kelajakka qaytib”, “Beshinchi element”, “Yashindek qora” kartinalari orqali yanada ommalashdi.
Hozircha havoda qatnayotgan mashinalarga ko‘zimiz tushmagan bo‘lsa-da, ularni yaratish bo‘yicha ko‘pgina qolip va namunalar ishlab chiqilgan. Yaqindagina “Boeing” korporatsiyasi shahar sharoitida uchar mashinaning birinchi sinovini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
“Uber” kompaniyasi “Uber Elevate” aviataksilar yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol harakatlarni boshlab yuborgan. Slovakiyada ham “AeroMobil 3.0” nomli mashina yaratilgan bo‘lib, u tez orada tirband shahar uzra parvoz qilsa, ajab emas. Axir, mashinani sinovdan o‘tkazish ishlari 5 yil oldin boshlangan. Biroq uchar avtomobillarni hayotga tatbiq etish oson emas. Buning uchun, avvalo, ularning xavfsizligini to‘liq o‘rganish hamda harakatlanish qoidalarini ishlab chiqish zarur.
Xotirani o‘chirish
Har birimizning miyamizda biz eslashni istamaydigan, imkoni bo‘lsa, undan xalos bo‘lishni xohlaydigan xotiralarimiz bor. Inson xotiralarisiz hech kim. Ammo keraksiz va og‘riqli xotiralar, yoqimsiz axborotni miyadan o‘chirib tashlash foydaliroq bo‘lardi. “Barchasi — yodimizda”, “Zulmatdagi odamlar”, “To‘lovlar vaqti” singari filmlardagi kabi xotirani o‘chirish texnologiyasi endi fantastika emas. U allaqachon laboratoriya sharoitida qo‘llash bosqichida bo‘lib, olimlar uni hayvonlarda sinab ko‘ryapti.
Esingizda bo‘lsa, 2009-yili oqsil molekulalari kashf etilgani haqida e’lon qilingandi. U ma’lum ma’noda xotira regulyatori bo‘lib, neyronlar tarmog‘idagi boshqa molekulalar miqdorini nazorat qilgani bois, olimlar uni hazil aralash “xotira molekulasi”, deb nomladi. Mutaxassislarning aytishicha, agar oqsil molekulasi bloklab qo‘yilsa, miyaning aynan shu qismida saqlangan xotiralar yo‘qolib ketadi. Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribada bu usul samara berdi. Olimlar kemiruvchilarga oqsil blokatori yuborilganda ular avvalgi sharoitga moslashish refleksi va boshqa narsalarni unutganiga guvoh bo‘ldi.
Muammo shundaki, neyrofiziologlarda hozircha zarur neyronlar — saqlangan yomon xotiralarga ta’sir ko‘rsatuvchi texnologiya yo‘q.
“Aqlli” uy tizimi
Bu g‘oya va uning loyihasi ilk bor 1999-yili ekran yuzini ko‘rgan “Aqlli uy” filmi orqali namoyish etilgandi. Kartinada uyni bosh qahramon — “RAT” laqabli robot boshqaradi. U qo‘ng‘iroqlarni mustaqil qabul qilish, ovozli topshiriqlarga javob berish bilan birga, uy ichida sodir bo‘ladigan barcha jarayonlarni nazorat qila oladi. Hatto xonadon sohiblarining odatlarini ham osongina o‘zlashtirib oladi.
So‘nggi yillarda “Amazon Echo” kabi “aqlli” uy qurilmalari jadallik bilan hayotimizga kirib keldi.
Uchar skeytbord
Ushbu qurilma g‘oyasini ham ilk bor “Kelajakka qaytib 2” filmi ijodkorlari bergan. Qurilma yerdan osongina ko‘tarilib, bir maromda uchishi bilan tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Muxlislar orasida skeytbordda uchib ko‘rish uchun film qahramonlarining o‘rnida bo‘lib qolishni istaganlar ham bo‘ldi. Ixtirochilar ham tezroq shunday qurilma yaratib, ommani hayratga solishga oshiqdi. Uzoq izlanishlardan so‘ng xoverbord, sigvey, giroskuter kabi yerda o‘zi harakatlanadigan qurilmalar yaratildi. Ammo ularning hech biri filmdagi skeytbord singari ucha olmasdi.
Nihoyat, 2015-yili “Lexus” kompaniyasi raqobatchilarini dog‘da qoldirib, “Lexus Hoverboard” uchar skeytbordini taqdim etdi. Biroq qurilmada faqat maxsus maydonlardagina uchish mumkin. Shu sababli, yangi ixtiro hozircha sotuvga chiqarilmadi va kompaniyaning “imij loyihasi” bo‘lib qoldi.
Tushlarni nazorat qilish va yozib olish
Bunday g‘oya ilk bor “Pok idrokning abadiy yog‘dusi”, “Vanilli osmon”, “Xayrli tun”, “Boshlanish” kabi ilmiy-fantastik trillerlar orqali ekranlarga olib chiqildi. Ushbu filmlar, xususan, “Boshlanish” kartinasi bosh qahramoni Leonardo di Kaprio tushida josuslik bilan shug‘ullanadi. U uxlayotgan insonlarning ong ostidan zarur axborotlarni topadi va ularni tortib oladi.
Bu g‘oya chinakam fantastika, shunday emasmi? Ammo dunyo olimlari uni ham real hayotda yaratishning uddasidan chiqmoqchi. Bir qancha ilmiy guruhlar uyquni yozib olish texnologiyasini yaratish bo‘yicha ish olib boryapti. Ulardan biri AQShdagi Shimoli-g‘arbiy universitetning yetakchi mutaxassisi Moran Serf bo‘lib, u bir necha yillardan buyon miya faoliyatining elektron tasviri yordamida uyquni qayd etish mumkin bo‘lgan qurilma yaratish ustida izlanyapti.
Olimlarning aytishicha, uyquni yozib olish yo‘li allaqachon topilgan. Biroq hozircha uni “temir”ga o‘tkazishning imkoni bo‘lmayapti. Bordi-yu, tadqiqot muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu usul ruhiy tahlil jarayonida qo‘l keladi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi