Yelimxalta zarari
Safarga chiqdik. Mashina oynasidan atrofni tomosha qilib ketyapmiz. Qalin terakzor va o‘rikzorlarning kuzgi manzarasi jozibador. Daraxt shoxlarida oqarib-ko‘karib nimalardir ko‘rinadi, xuddi yuzlab qushlar in qurib olgandek. Yaqinlashgach esa hayratga tushdim – shoxlarda yelimxalta. Hattoki, yo‘l cheti-yu butalarda ham osilib turibdi. Bu manzara bir necha chaqirimgacha davom etdi. Yelimxalta tom-u simyog‘ochlarga ham chirmashib olibdi. Tabiat qo‘ynida dam olishga kelgan kishilarning “ishi”.
Yelimxalta kundalik hayotimizda eng ko‘p ishlatiladigan vosita. Oziq-ovqat mahsulotlari, ro‘zg‘or buyumlarini solish uchun juda qulay. Bozorda, supermarketda sotuvchi tovarni yelimxaltaga solib bermasa, talab qilamiz. Ammo uyga kelishimiz bilan ular chiqindiga aylanadi. Undan shahar “Maxsustrans” shoxobchasiga keladi. Xo‘sh, yelimxaltaning atrof-muhitga ziyoni juda katta ekanligini bilamizmi? Plastik, polietilen xaltachaning to‘liq biologik komponentga aylanishi, ya’ni chirib bitishi uchun 400—450 yil talab etilishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Qog‘oz chiqindiga aylangach, uch oy o‘tib chiriy boshlaydi. Yelim va plastik chiqindi tuproq unumdorligini kamaytiradi, havo va suvning ifloslanishiga “hissa” qo‘shadi, demakki, bevosita hayvonot olamini ham zaharlaydi.
Bu qadar qulay, ayni paytda tabiatimiz uchun zararli mahsulotdan voz kecha olamizmi? Masalaga kim qanday munosabat bildiradi?
— Tabiiy ip va matodan tikilgan sumka bilan bozorga tushardik, og‘irgina tarvuz-qovunni to‘rvaxaltaga solib yurish qulay edi, — deydi toshkentlik onaxon Zarifa Bahriddinova. — Zamon o‘zgargani sari biz yoshi kattalar ham shu davrga moslashib, yelimxalta ko‘taryapmiz. Lekin bozor-o‘char uchun mato sumkam bor, juda mustahkam. Plastik paket shunaqa zarar keltirsa, o‘sha mato sumkani ishlatganim bo‘lsin.
“Poytaxt” savdo markazi xodimasi Sabina Yo‘ldoshbekova quyidagicha so‘zlaydi:
— O‘ziga xos dizaynli sellofan paketni ko‘tarib yurish o‘ng‘ay. Ayniqsa, kiyim do‘konlarining maxsus brend ostida chiqariladigan paketlari sovg‘abopligi bilan ajralib turadi.
Bundan chiqdi, yelimxaltadan voz kechish oson emas. Uning o‘rniga muqobil variant bormi? Dunyoning ko‘plab ilg‘or mamlakatlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida yelimxaltadan foydalanishga qarshi turli qonun-qoidalar ishlab chiqilmoqda. Bozor va do‘konlarda yelimxalta o‘rniga tabiiy matodan to‘qilgan sumka, qog‘oz paket sotiladi. Ba’zan xaridga chegirma va bonus taqdim qilinadi. Fransiyada ekologiyani muhofaza etish qonuniga ko‘ra, 2017-yildan boshlab yelimxalta tarkibidagi biomaterial 30, 2025-yilga borib esa 60 foizni tashkil etishi shart.
O‘zbekistonda chiqindini boshqarishga oid davlat siyosatini yuritish maqsadida 2002-yil 5-aprelda “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Chiqindining fuqaro hayotiga, atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish qonunning asosiy maqsadidir. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-oktabrdagi “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori va boshqa qonunosti hujjatlarining hayotda qanchalik darajada joriy qilingani haqida bir narsa deyish qiyin.
Yelimxalta orqasidan daromad ko‘rayotgan tadbirkorlarga murojaat qilish bilan bu muammoning yechimini topish mushkuldek. Odamlar ongli ravishda yelimxaltadan sekin-astalik bilan voz kechishi, nazarimizda, eng maqbul yo‘ldir. Ommaviy axborot vositalari orqali plastik va polietilen paketdan foydalanishning tabiat hamda inson sog‘lig‘i uchun zararli oqibatlari haqida ma’lumot berishni kuchaytirish zarur. Tabiiy matodan tikilgan yoki qog‘ozxaltadan foydalanishni targ‘ib qilish bilan tabiatni asrash orqali atrof-muhit tozaligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Shundagina daraxt shoxlarida yelimxalta emas, yaproqlar emin-erkin hilpiraydi.
Irodabonu AVVALBOYEVA