O‘zbekistonda “DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan” dasturi
Mamlakatimizda joriy yilning mart oyi boshida qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish va texnologiya faniga qiziqishini rivojlantirish maqsadida “DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan” ta’lim dasturi o‘tkaziladi.
DigiGirlz — “Microsoft” kompaniyasining loyihasi bo‘lib, ta’lim, fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasidagi investitsiya dasturi hisoblanadi. Mazkur dastur qizlarga texnologiya sohasini chuqur o‘rganish hamda yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, dastur xodimlarni iqtisodiyotning global muammolariga tayyorlash uchun mo‘ljallangan.
Ta’kidlash joizki, dastur O‘zbekistonda ilk marotaba 2018-yili o‘tkazilgan edi. Joriy yilda ham Toshkentdagi Inha universiteti ishtirokchilarni 2-, 3- va 6-mart kunlari qabul qiladi.
Dasturda “Microsoft” kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke Den Oudenning ishtirok etishi va loyiha qatnashchilari bilan o‘z tajribasi haqida o‘rtoqlashishi kutilmoqda.
Ta’lim dasturi ikki qismdan iborat. Birinchi qismda ishtirokchilar “Microsoft” kompaniyasi vakillari hamda mutaxassislarining texnologiya sohasida ayollar noan’anaviy tarzda erishgan yutuqlar borasidagi ma’ruzalarini tinglaydi. Ushbu ma’ruzalar qatnashchilarga bu sohadan nimalar kutishini va qanday ishlarni amalga oshirish mumkinligini tushunishga imkon beradi. Ikkinchi qism esa amaliy mashg‘ulotlardan iborat. Qatnashchilar texnik mashg‘ulotlarda ishtirok etib, Arduino to‘plamidan foydalanadigan qurilmalarni yaratadi.
Dastur 12—14 yoshdagi (kichik guruh) hamda 15—17 yoshdagi (katta guruh) qizlarga mo‘ljallangan. Loyihaga qiziqish bildiruvchilar joriy yilning 23-fevraligacha http://www.digigirlz.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Joylar soni cheklangan (60 kishi — kichik guruh va 40 kishi — katta guruh uchun).
“Microsoft” kompaniyasi hamda Toshkentdagi Inha universiteti “DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan” dasturining tashkilotchilari hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, tadbir Xalq ta’limi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.