“Bolalik kunlarimda” audio ertaklar loyihasining taqdimoti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimot marosimi o‘tkazildi.Ushbu loyiha Agentlikning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda Agentlik bosh direktori Komil Allamjonov, Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Afshin Parsi, loyiha mualliflari Sardor Boboyev va Deyl Ahmadiy, OAV vakillari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdi.
Loyihaning asosiy maqsadi – o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali xalq og‘zaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazishdan iborat.
Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus telegramm kanalda muayyan vaqtda bepul uzatib boriladi.
Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, ovoz rejissyorlari, aktyorlar hamkorlikda ish olib borishgan.
– “Kelajakda audio ertaklarni ommalashtirish va bolalarning chet tillarini samarali o‘zlashtirishini yo‘lga qo‘yish maqsadida ingliz tilida tayyorlash, shuningdek, jahon xalq ertaklarining audio talqinlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan, – dedi Agentlik bosh direktori Komil Allamjonov. – Millatimizning ulkan madaniy merosini dunyo miqyosida targ‘ib qilish yo‘lida o‘zbek xalq og‘zaki ijodining qardosh davlatlar tilidagi audio ertaklar platformasini shakllantirmoqchimiz”.
Audio ertaklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 fevraldagi qaroriga asosan Agentlik amalga oshirayotgan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar qatlami uchun ham mo‘ljallangani qayd etildi.
Taqdimot marosimida loyihaning ilk mahsuli – “Zumrad va Qimmat” ertagi artistlar ijrosida jonli ovozlashtirib berildi.
Hozirda loyiha ta’sischilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek va rus tillarida 5 ta ertak yuklangan. Bugundan e’tiboran har uch kunda bitta yangi ertak o‘zbek va rus tillarida bepul eshittirib boriladi.
Ovozlashtirilgan 10 ta ertak oy oxirida diskka yozib chiqariladi.