Haqiqat va yolg‘on
“Mening Dog‘istonim” kitobidan parcha
Shunday kitoblar borki, o‘qigan sayin o‘qigingiz kelaveradi va har o‘qiganda ma’naviy xazinangiz yangi fikrlarga to‘laveradi. Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” kitobi ana shunday kitoblar sirasiga kiradi. O‘zbekcha tarjimasi chiqishi bilan u eng xaridorgir kitobga aylandi va sevib o‘qilmoqda. Chunki sevimli shoirimiz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, “Kitobda yuzlab, minglab yombi fikrlarni, hikmatlarni uchratish mumkin. Ularning hech biri atayin o‘ylab topilgan emas”. Chindan ham, kitobda onaga, hayotga, insoniyatga, tabiatga, vatanga muhabbat, boqiy qadriyatlarga hurmat, sevgi, haqiqat va ezgulikka sadoqat yuksak mahorat bilan tasvirlangan.
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti kitobxonlarning taklif va istaklarini inobatga olgan holda “Mening Dog‘istonim” kitobini 10 000 nusxada chop etdi. Shubhasiz, kitobning yangi nashrini kutayotgan zukko o‘quvchilarimiz uchun bu ajoyib tuhfa bo‘ldi. Ushbu kitobdan bir parchani e’tiboringizga havola etamiz.
Tarjimondan
Bolaligimda bir kuni otam meni qattiq jazoladi. Kaltaklar zarbini allaqachon unutdim, lekin otam nima uchun kaltaklagani hamon yodimda.
Ertalab maktabga ketayotgan bolaga o‘xshab ko‘chaga chiqdim, muyulishga yetganda burildim, keyin boshqasiga, xullas, o‘sha kuni maktabga bormadim. Kechgacha bolalar bilan chertmak o‘ynadim. Otam kitob olish uchun pul bergandi. Pulni dovga tikib, o‘yinga berilib ketibman. Albatta, bor pulimni tezda yutqazdim va qayerdan pul topish haqida o‘ylay boshladim. Qimor o‘ynagan bolaning holi shu: bor pulini yutqazgandan keyin qayerdandir 5—10 tiyin topsa, omadi kelib hamma pulini qaytarib oladiganday tuyulaveradi. Mening xayolimda ham ozgina mayda pul topsam, barcha yutqazganimni qaytib olaman, degan ilinj paydo bo‘ldi. Birga o‘ynagan bolalardan qarz so‘rashga tushdim. Hech qaysisi qarz berishni istamadi. Bu o‘yinda shunday irim bor: yutqazgan o‘yinchiga pul bersang, o‘zing ham yutqazasan.
O‘ylab-o‘ylab pul topish rejasini tuzdim. Ovuldagi uylarga birin-ketin kirib, ertaga polvonlar kelishini va katta kurash uchun pul yig‘ish menga topshirilganini aytdim. Mening bu ahvolim daydi itning u eshik-bu eshik oldiga kelishiga o‘xshardi: yo suyak tashlashadi, yo kaltak bilan quvlashadi. Xuddi shunday menga ham kimdir hech narsa bermadi, kimdir pul tutqazdi. Pul berganlar ham otamning hurmati uchun himmat ko‘rsatgandi.
Uyma-uy yurib yiqqan pulimni sanadim, bemalol o‘yinni davom ettirsam bo‘ladi. Ammo bu pul ham ko‘pga chidamadi. Keyin har yutqiziq uchun emaklashimga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa kechgacha emaklayverib, cholvorimning tizza qismi yirtilib ketdi.
Bu vaqtda uydagilar xavotir olishgan. Akalarim meni ovul bo‘ylab izlashgan. Men aldab pulini olgan ovuldoshlar uyimizga kirib, qaysi polvonlar kelishini, qachon kurash boshlanishini surishtirib ketishgan. Xullas, meni qulog‘imdan ushlab uyga olib kelishganda, bugungi sargu-zashtim hammaga ma’lum bo‘lgan.
Mana, otam hukm chiqarishini kutib jim o‘tiribman. Aslida, shunday ko‘yga tushishdan juda qo‘rqardim. Otam boshdan oyog‘imgacha razm soldi. Shilinib, qizarib ketgan tizzalarim cholvorimning yirtig‘idan ko‘rinib turardi.
— Bu nima? — dedi mumkin qadar muloyimroq ohangda otam.
— Tizzalarim, — deb javob berar ekanman, qo‘llarim bilan yirtiqlarni bekitdim.
— Tizzalarim degin, nega ular ko‘rinib turibdi? Ayt, cholvoringni qayerda yirtding?
Cholvorimning yirtig‘ini endi ko‘rib turganday qaradim. Yolg‘onchi va qo‘rqoq bolalarning tushunib bo‘lmaydigan odati bor: kattalar hammasidan xabardor ekanini va bahona topish befoydaligini bilishsa ham, to‘g‘risini aytish o‘rniga, xudo biladi, yana qandaydir yolg‘on to‘qishadi.
Otamning g‘azabi qaynadi, endi qattiqroq gapirdi. Uydagilar uning fe’lini bilishgani uchun meni himoya qilmoqchi bo‘ldi. Ammo otam ularni chetroqqa surib, yanada qattiqroq so‘radi:
— Nima uchun cholvoring yirtildi?
— Maktabda... mixga ilinib qoldi.
— Qanday, qanday? Yana qaytar-chi.
— Mixga.
— Qayerda?
— Maktabda.
— Qachon?
— Bugun.
Otam qulochkashlab yuzimga shapaloq tortib yubordi.
— Endi ayt-chi, qanday qilib cholvoringni yirtding?
Men gapirolmadim. Otam yuzimning ikkinchi tomoniga shapaloq tortdi.
— Endi ayt-chi!
Yig‘lashga tushdim.
— Jim bo‘l! — dedi otam qat’iy va qo‘lini qamchi tomonga cho‘zdi.
Yig‘lashdan to‘xtadim. Otam qamchini havoda aylantirib, qarsillatdi.
— Agar hammasini bir boshdan aytib bermasang, ayamay qamchilayman.
Uchi tugilgan qamchining zarbasi qanaqaligini yaxshi bilaman. Muqarrar qamchilanish qo‘rquvi haqiqatga iqror bo‘lish qo‘rquvidan ustun chiqdi. Ertalabdan boshlangan sarguzashtimni piqillagancha aytib berdim.
Sud tugadi. Uch kungacha o‘zimga kelolmay yurdim. Go‘yo uydagi va maktabdagi hayot avvalgiday davom etardi. Lekin ko‘nglim xotirjam emasdi. Bilardimki, otam meni huzuriga chaqiradi. Barchasiga nuqta qo‘yilishini istay boshladim. Otamning men bilan gaplashishni istamayotgani battar qalbimni ezardi.
Uchinchi kuni otam meni chaqirayotganini aytishdi. Otam meni yoniga o‘tqazdi, sochimni siladi, maktabda o‘qishlarim qanday ketayotganini va necha baho olayotganimni surishtirdi. Keyin kutilmaganda keskin so‘radi:
— Seni nima uchun urganimni bilasanmi?
— Bilaman.
— Nima uchun urdi deb o‘ylaysan?
— Qimor o‘ynaganim uchun.
— Yo‘q, buning uchun emas. Bolalikda hammamiz shunaqa o‘yin o‘ynaganmiz. Men ham, akalaring ham o‘ynagan.
— Cholvorimni yirtganim uchun.
— Yo‘q, buning uchun emas. Qaysi birimiz bolaligimizda cholvor yoki ko‘ylagimizni yirtmaganmiz? Boshimiz omon bo‘lsa, bas. Sen qiz bolamiding, oyoq uchida yuradigan.
— Unda maktabga bormaganim uchun.
— Albatta, bu sening katta aybing. Hamma sarguzashting maktabga bormaganingdan boshlangan. Buning uchun ham, cholvoringni yirtganing uchun ham, qimor o‘ynaganing uchun ham urishib qo‘ysam bo‘lardi. Nari borsa, qulog‘ingdan cho‘zardim. O‘g‘lim, men seni yolg‘on gapirganing uchun urdim. Yolg‘on bu — xato yoki tasodif emas, u inson fe’lidagi qusur. Vaqtida oldi olinmasa, gazak oladi. Qalb dalasidagi bunday xavfli yovvoyi o‘t ildiz-pildizi bilan sug‘urib tashlanmasa, qalb dalasida madaniy ekinlar o‘sishiga joy qoldirmaydi. Dunyoda yolg‘ondan xavfliroq narsa yo‘q. Vaqtida oldini olmasang, keyin uni haydab ham, kaltaklab ham yo‘qotib bo‘lmaydi. Qulog‘ingga quyib ol, yana yolg‘on gapirsang, o‘ldiraman. Shu lahzadan boshlab faqat rost gapirasan. Qiyshiq taqani qiyshiq, ko‘zaning qiyshiq ushlagichini qiyshiq, qiyshiq daraxtni qiyshiq deysan. Tushundingmi?
— Tushundim.
— Unda bor, bolam.
Ketar ekanman, ichimda endi hech qachon yolg‘on gapirmaslikka qasam ichdim. Bundan tashqari, juda yaxshi bilardim: otam meni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, agar yolg‘on gapirguday bo‘lsam, chindan ham o‘ldirishdan toymasdi.
Necha yillar o‘tgach, bu voqeani bir do‘stimga aytib berdim.
— Nimalar deyapsan? — hayron qoldi u. — Hozirgacha o‘sha arzimas yolg‘onni unutmadingmi?
Men ohista javob berdim:
— Yolg‘on har doim yolg‘on, haqiqat har doim haqiqat. Ular hech qachon arzimas va ulkanga ajratilmaydi. Ular hayot va o‘limga o‘xshaydi. Agar o‘lim kelsa, demak, hayot tugaydi. Agar hayot ekansan, demak, o‘lim hali kelmagan. Ular birga bo‘la olmaydi, ular bir-birini inkor etadi, xuddi haqiqat va yolg‘on kabi.
Yolg‘on bu — yuvindi, ifloslik, sharmandalik. Haqiqat bu — go‘zallik, poklik, musaffolik. Yolg‘on — qo‘rqoqlik, haqiqat — mardlik. Yo u tomon, yo bu tomon bo‘l, o‘rtada joy yo‘q.
Negadir, yolg‘onchi yozuvchilarning yolg‘on asarlarini o‘qiyotgan vaqtimda otamning o‘sha qamchisi esga tushaveradi. U narsa hozir ham kerak! Qaniydi, haqiqatgo‘y va talabchan otam kerakli lahzada qamchisini o‘ynatib po‘pisa qilsa: «Agar yolg‘on gapirsang — o‘ldiraman».
Qaniydi, yolg‘on hech qachon jazosiz qolmasa! Afsuski, ba’zan haqiqatni yoqlagani uchun jazo olishadi. Bunga tarixdan misollar keltirish mumkin, ayrim shaxslar ayni haqiqatni aytgani uchun jazolangan, boshi uzra qamchi ko‘tarilgan.
Menga ham bolaligimning o‘sha kunidan keyin yolg‘ondan tilimni tiyish, faqat haqiqatni aytish oson bo‘lmagan. Lekin haq gapni aytgach, o‘zimni yengil his qilganman.
Haqiqatdan ko‘z yummaslik uchun esa haqiqatni aytishdan ko‘ra ko‘proq mardlik kerak. Agar haqiqatdan qachondir ko‘z yumsang, ko‘ngling behalovat bo‘ladi, bir umr vijdon azobida qiynalasan.
Mardlar aytgan gapidan, dunyoqarashidan qaytmaydi. Ular Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishini bilishadi. Ular Quyosh Yer atrofida emas, Yer Quyosh atrofida aylanishini bilishadi. Ular tundan keyin tong kelishini, undan keyin kunduz, kunduzdan keyin tun boshlanishini ham bilishadi. Xuddi shunday ular qish o‘rnini bahor, bahor o‘rnini yoz egallashini bilishadi...
Ishonamanki, vijdon qamchisi, oriyat qamchisi, haqiqat qamchisi yolg‘onchilarni va ikkiyuzlamachilarni jazolaydi. Ishonamanki, oxir-oqibatda haqiqat yolg‘on ustidan g‘alaba qozonadi.
Asror MO‘MIN tarjimasi