Behbudiyning armoni ushalsin!
“Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 5-dekabr sonida “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali bosh muharriri Halim Sayidning “Behbudiy armoni yoxud bolamning to‘yini o‘tkazay, keyin internetga kiradigan telefon olaman” nomli maqolasini qiziqish bilan o‘qidik.
...Adashmasam, o‘shanda 2014-yilning so‘nggi oylari edi. “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalida yangi tashkil qilingan “Ziynat” rukniga fikr-mulohazalarimni yuborishga qaror qildim. Aksiga olib, shaxsiy kompyuterim yo‘q edi. Qo‘lyozmamni tuman markazidan jo‘natdim. Ko‘p o‘tmay maqolam chop etildi. Respublika pedagoglari jurnalidagi ilk chiqishim olam-olam zavq bag‘ishlagan edi. Mana shu kichkina yutug‘im gazeta-jurnallarni sevib o‘qishga havas uyg‘otdi. Oylik maoshimdan yangi noutbuk sotib oldim.
Agar men ham maqoladagi opaga o‘xshab, avval noutbuk sotib olay, keyin maqola yozarman, deganimda o‘sha damlarda yuragimda tug‘ilgan kuchli ishtiyoq so‘nardi! Shu vaqtga qadar matbuotda saksondan ortiq ijodiy ishim e’lon qilindi. Ayniqsa, ta’lim nashrlarini muntazam kuzataman, yangi g‘oyalar, usullarni o‘zlashtiraman. Darslarimni yangicha yondashuvlar asosida boyitib boraman. Ta’lim nashrlaridagi metodik maqola va tavsiyalar, hamkasblarimizning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirmay turib, zamon bilan hamnafas, mohir o‘qituvchi bo‘lolmaymiz.
Gazeta-jurnal, internet saytlaridagi ta’lim-tarbiyaga oid yangiliklarni kuzatib bormaslik — millat fojiasi. Ba’zida ayrim pedagoglarning savolidan kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysiz. “Maqolamni kimga, qayerga yuboray?”, “Qanday mavzuda yozsam, chop etiladi?”, “Hajmi qancha bo‘lsin?”... Axir, har bir nashrda uning manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili yozilgan-ku. Qolaversa, nashrlarni muntazam o‘qib borsangiz, qanday maqolalar berish mumkinligini bilib olasiz.
Gazeta sahifalarida yoritilayotgan tajribali pedagoglarning metodik tavsiyalari va ommalashgan usullaridan dars jarayonida foydalanish ta’limda yuqori natija berishi isbotlangan.
Shunday ekan, Behbudiy armonining ushalishiga, gazeta-jurnallarning qadrini oshirishga doim kurashib yashaylik.
Dilnoza NARZULLAYeVA, Vobkent tumanidagi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi