O‘quvchi nega qing‘ir ishga qo‘l uradi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax viloyatida 2018-yili voyaga yetmaganlar tomonidan jami 30 ta jinoyat sodir etilgan. 2017-yilga nisbatan kamayish bo‘lsa-da, 21 nafar maktab va 16 nafar kasb-hunar kolleji o‘quvchisining jinoyat ko‘chasiga kirishi ta’lim dargohi mutasaddilarini ogohlikka, sergaklikka chorlashi kerak. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, leytenant Mirzabek Toshxo‘jayev sodir etilgan jinoyatlardan 23 tasi o‘g‘irlik bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi. Jumladan, 2018-yil 8-martda Do‘stlik tumanidagi savdo do‘konlaridan birida 14-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchilari o‘g‘irlik sodir etgani achinarlidir. G‘allaorol tumanida ham Qo‘ytosh va G‘allaorol transport kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchilari qing‘ir ishga qo‘l urgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 5 ta qing‘ir ish soat 12—18 oralig‘ida, 19 tasi soat 18—24 oralig‘ida sodir bo‘lgan. Demak, darsdan tashqari vaqtda jinoyat sodir etilgan. Bu o‘quvchining bo‘sh vaqti ota-onalar va maktab ma’muriyati tomonidan to‘g‘ri nazorat etilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Joriy o‘quv yili boshidan beri viloyat umumta’lim maktablarining 61 nafar o‘quvchisi ichki ishlar bo‘limlari profilaktik nazoratiga olingan: Jizzax shahrida 17, Arnasoyda 10, Zominda 7, G‘allaorol, Zafarobod, Mirzacho‘l tumanlarida 5 nafardan.
Umumta’lim maktablarining ichki nazoratiga olingan 307 nafar o‘quvchidan 78 nafari qizlar ekani tashvishlanarlidir. Ta’lim maskanlarida ichki nazoratga olingan o‘quvchilar bilan ish olib borish tajribasi mavjud emas. Tarbiyasi e’tibortalab o‘smirlarga bosim o‘tkazish usuli amalda ijobiy natija berayotgani yo‘q. Kuzatishlar bebosh, tanbal o‘smirda ham iste’dodning u yoki bu qirrasi borligini ko‘rsatadi. Bitta yoki ikkita “aybi” bilan “otning qashqasi”ga aylangan o‘quvchiga yot ko‘z bilan qaralib, rag‘batlantirilmasligi, turli to‘garaklarga jalb etilmayotgani real holatni o‘nglamaydi, balki yana ham yomonlashtiradi. Holbuki, har bir maktabda fan va sport to‘garaklari yetarli. O‘quvchining darsdan tashqari bo‘sh vaqti mazmunli o‘tkazilmadimi, u ko‘ngliga kelganini qiladi.
— O‘quvchi qiyofasi uning davomatidan bilinadi. Dars qoldirmaydigan o‘quvchi huquqbuzarlikka, mayda jinoyatchilikka moyil emas. Lekin davomati past, darsda to‘liq ishtirok etmaydigan o‘smir turli ko‘ngilsizliklarni sodir etadi. Yanvar oyida maktabga sababsiz kelmayotgan 14 nafar o‘quvchi aniqlandi. Bu raqam Jizzax shahri, Sharof Rashidov, G‘allaorol, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zomin, Forish tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sababsiz ravishda maktabga kelmayotgan bu o‘quvchilarning oilaviy muhiti nosog‘lom, bola nazoratsiz qolmoqda. Ularning har biri bilan individual ish olib borish uchun direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda ish rejasi tuzib oldik. Buning samarasi — fevral oyida o‘qivchilardan bir nechtasi maktabga qaytdi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’naviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i Feruza Negmatova.
Har bir maktab qaysidir mahalla hududida joylashgani bois, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bevosita va bilvosita qiziqishi kerak. Lekin bu masalaga barcha mahalla oqsoqollari ham Zomin tumanidagi Navbahor mahalla fuqarolar yig‘ini faollari kabi munosabatda bo‘layotgani yo‘q.
— Mahallamizda 746 oila istiqomat qiladi. Ularda tarbiyalanayotgan 923 nafar voyaga yetmagan shaxs 15-umumta’lim maktabida bilim olmoqda. Tartibbuzarlik, huquqbuzarlik sodir etilmasligi uchun mahalla faollari har bir oila muhitini chuqur o‘rganib chiqqan. Ota-onalarning farzand tarbiyasiga munosabati, o‘qishi, davomati, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida bandligi bo‘yicha rasmiy ma’lumotnoma tayyorlaganmiz. Vaqti-vaqti bilan notinch oilalarga kirib, o‘smirning bo‘sh vaqti qanday o‘tayotgani bilan qiziqamiz. Doimiy so‘rab-surishtirish va qat’iy nazorat o‘rnatibgina voyaga yetmaganlarni mustaqil hayotga munosib tayyorlash mumkin, — deydi mahalla oqsoqoli Nurmuhammad Taniqulov.
Viloyat umumta’lim maktablarida 821 nafar psixolog faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning oldiga o‘smir ruhiy olamini o‘rganish va murakkab vaziyatda unga ko‘maklashish vazifasi qo‘yiladi.
— Jinoyatchilik va suitsid hodisasining oldini olish uchun maktab psixologlariga metodik qo‘llanma, anketa-so‘rovnoma namunasi, taqdimot va tarqatma materiallar yetkazib berildi. Ularning ishini yanada takomillashtirish uchun “Pedagogik-psixologik konsilium” faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Tuman markazlarida “Psixologik markaz” ochildi. “Ota-onalarga maktub” loyihasiga ko‘ra, xonadonlarga kirib borish, oila boshliqlarining ijtimoiy-siyosiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar uyushtirilmoqda. “Farzandingizni tushunasizmi?”, “Oiladagi tushunmovchilik va nizolarning farzand tarbiyasiga ta’siri bormi?” kabi savollarni berib, bola tarbiyasiga munosabatni aniqlamoqdamiz. Ota-onalar o‘rtasida “O‘smir-likdagi ruhiy va fiziologik o‘zgarish” mavzusida suhbat o‘tkazib, ularning psixologik, pedagogik, yuridik, tibbiy tushunchalarini bir qadar kengaytirdik. Maktab o‘quvchilari bilan esa “Yashash uchun 1001 sabab”, “Hayot go‘zal”, “Biz baxtlimiz”, “Hayotdan zavqlanaman” mavzularida o‘tkazilgan trening mashg‘ulotlari o‘z samarasini bera boshladi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi muta-xassisi Muhabbat Rixsiyeva.
Abdusattor SODIQOV