Uyg‘oq xotiralar
4-sinfda o‘qiyotganimda, germaniyalik maktab o‘quvchisi Xildaga maktub yozganman. Jahlim chiqqanidan salom bilan boshlamaganman. Unda shunday satrlar bitilgan edi...
* * *
“Men o‘zbek qahramonining nabirasiman. Buvamni hamma pahlavon deb hurmat qiladi. Sening buvang fashistdan o‘tgan fashist ekan. Tinch vatanimizga bostirib kelgani yetmaganday, bizning askarlarni qamoqqa tashlagan. Azob bergan. Buvajonimni va u kishining bir necha o‘rtoqlarini asir olgan. Buvam va safdoshlari tutqunlikdan qochishga erishgan. Buvajonimning badanida chandiqlari ko‘p. Uni sening buvang otgan. Chandiqlar o‘qlar tekkan yaralarning o‘rni. Itlaring ham haqiqiy fashist iti ekan. Buvajonimning oyoqlarini tishlab tashlagan, ammo buvam baribir taslim bo‘lmagan. Sening buvang o‘zi qanday odam?
Aleksandr Sergeyevich Pushkin ertagida yozganidek:
Na qizaloq, na o‘g‘lon,
Badbashara bir hayvon.
Meni kechirgin-u, balki buvang o‘zini senga qahramon qilib ko‘rsatar. G‘irt yolg‘on. Buvangning badanida chandiqlar yo‘qdir, oyoqlari og‘rimas. Mening buvam bir kuni Berlinga yana bormoqchi, balki meni ham olib borar. Sen o‘shanda buvangni yashirib qo‘y. Yo‘qsa, buvam uni Brest qal’asidan uloqtirib yubormoqchi. Buvam menga “Buvalarning gunohi uchun nabiralar javob bermaydi, faqat uyaladilar”, deydi. Bizda o‘lgan odamning arvohiga atab chalpak pishiriladi. Jahli chiqqan momom buvangni va uning o‘rtog‘i Gitlerni “Chalpagini itlar yesin”, — deb qarg‘aydi. Bu juda yomon qarg‘ish.
Agar fashistlarni qarg‘ash bo‘yicha jahon birinchiligi o‘tsa, mening momom birinchi o‘rinni olishi aniq. Momom sening momongni qarg‘amaydi, ammo uning aytishicha, momong buvangga “Hoy, yaratganning bandasi, birovning yurtida senga pishirib qo‘yibdimi? Birovni otib, o‘ldirib nima qilasan? Haromdan topganing buyurmaydi”, demagan. “Sen o‘zbeklarning qarg‘ishini olma!” demagan.
Darsdan qaytganimda momojonimga tinchlik haqida yozgan she’rimni o‘qib bersam, ko‘zida yosh bilan meni rosa duo qildi. Buvamga o‘qib bersam, u kishi maktabimiz oshxonasidan shirinliklar sotib olishim uchun qo‘shimcha pul berdi.
Xilda, senga maktub yozishimdan maqsad — dugona topolmay qolganimdan emas, aksincha, sen yurtdoshlaringga biz, o‘zbeklar haqida gapirib ber. Bundan keyin buvalaring qilgan xatolarni nabiralari takrorlamasin. Do‘st bo‘lib yashaylik. Biz tinchlik istagan xalqmiz. Sen o‘zlaring haqingda yozib yubor.
Manzilim: Samarqand viloyati, Narpay tumani, 9-maktab 4-“A” sinf, Mo‘minova Zulfiya ”.
* * *
Bu sarg‘ayib ketgan maktub oradan yillar o‘tib momomning katta, guldor sandig‘idan topilganiga qaraganda, Xildaga jo‘natilmagan, ammo momojonimning surat albomida saqlanganidan ma’lumki, maktub mehribonimga nimasi bilandir qadrli bo‘lgan...
* * *
Dugonam Xolbuvini juda yaxshi ko‘raman. U amakimning qizi bo‘lib, ikkimiz bir sinfda o‘qiymiz. Shuning uchun maktabga birga borib, birga qaytamiz.
U juda mehribon va kamgap. Qish kunlarining birida o‘qish tugab, darsdan chiqsak, rosa qor yog‘ibdi. Menga yangi etik olib berishgani uchun etikdaman. Xolbuviga esa hali etik olib berib ulgurishmagani uchun kalishda. Qishlog‘imiz maktabdan uzoqda joylashgan. Oraliq bir yarim soatlik yo‘l. Maktabdan chiqib sal yo‘l yurib qarasam, Xolbuvining oyog‘idan sovuq o‘tib, yuzlari qizarib ketyapti.
Shunda men “Xolbuvijon, mening oyog‘im qizib ketyapti. Kel, menga kalishingni berib, etigimni kiya qol”, dedim. U esa “Yo‘q, sening tez-tez tomog‘ing og‘riydi, etigingni menga bersang, shamollab qolasan”, dedi. Unga ichim achirdi, nima qilishni bilmayman. “Mana ko‘rasan, biz uyga borsak, senga etik olib kelishgan bo‘ladi”, deyman umid bilan. Daryoga yaqinlashganimizda, izg‘irin kuchaydi. Men toqat qilolmadim. Unga “To‘xta, menga kalishingning bir poyini ber, men senga etigimning bir poyini beraman”, dedim. U bunga rozi bo‘ldi. Biz, ikki do‘st bir oyog‘imizda kalish, bir oyog‘imizda etik bilan qishloqqa kirib borganimizni ko‘rganlar “chin do‘stlar” deb rosa maqtagan. Uyga borsak, Xolbuviga ham yangi etik olib kelingan ekan. Ertasi kuni tomog‘im og‘rib, maktabga borolmay qoldim. U meni ko‘rishga kelib “Zulpiyajon, sen meni deb kasal bo‘lib qoldingmi? Men hamma darslarni tayyorlashingda yordam beraman. Barcha mavzularni senga o‘qituvchi aytgandek tushuntirib beraman”, dedi. Birinchi kuni darsdan qaytib kelib, “Men seni yo‘l bo‘yi sog‘indim. Maktabda ham sog‘indim, endi hech ham kasal bo‘lmagin”, deb yig‘ladi. Men do‘stimning gaplariga ishondim. Chunki men ham uni maktabdan kelgunicha sog‘inib qolgan edim.
* * *
Yuqori sinfda o‘qiyotganimizda Xolbuvi jismoniy tarbiya fanidan uzunlikka sakrash bo‘yicha imtihon topshira olmadi. O‘qituvchimiz Saydilla domla juda qattiqqo‘l bo‘lib sinfimizdan yana sakkiz, Xolbuvi bilan to‘qqiz o‘quvchining bahosini qo‘yib bermadi. Qolganlar topshirganmiz. Men — sinf sardoriman. O‘quv choragi yakuniga yetib borar, bu bechora to‘qqiz sinfdosh topshirolmas edi. Bir kuni tanaffusda Xolbuvi menga “Sen sinfboshisan, yo‘lini top! Men shu “jt”dan bahomni olayin”, dedi. Men unga: “Mana Yangi yil kelyapti, o‘qituvchiga biror narsa sovg‘a qilsak, baloga qolib, “poraxo‘rlar” degan nom olamiz. Ammo uning bolalari ko‘p. Sen uydagilarga aytib, bitta archa oldir. Ikkimiz archani “jt”ning uyiga — bolalariga olib boramiz. Bolalari archa atrofida aylanib, o‘yinga tushsa, “jt”ning ko‘ngli yumshab, senga baho qo‘yib yuboradi”, dedim. Ish shuncha oson kechishidan xursand bo‘lgan Xolbuvi oradan uch kun o‘tib, otasiga aytib qishlog‘imizdan uncha uzoq bo‘lmagan o‘rmon xo‘jaligidan yam-yashil archa oldirib keldi. U “Kel, archaga bitta qog‘ozga gullar chizib, bu sovg‘a Zulfiya va Xolbuvidan, deb yozib qo‘yamiz. Chunki sen bahoni olgansan. Shunday deb yozmasak, mening bu xatti-harakatim baho uchunligi bilinib, o‘qituvchining battar jahli chiqadi”, dedi. Ismimni archaga tiqishtirish uncha yoqmasa-da, sinf sardori sifatida rozi bo‘ldim. Ertasi kuni archani ko‘tarib, o‘qituvchinikiga yo‘l oldik. Oldinda archani ko‘tarib olgan Xolbuvi, orqada men sumkalarimizni ko‘tarib olganman. O‘qituvchining uyi yangi qurilgan uylardan bo‘lib, qishlog‘imizdan ancha olisda — temiryo‘l tarafda ekan. So‘rab-surishtirib topib bordik. Darvozani chiroyli ayol — jismoniy tarbiya fani o‘qituvchimizning rafiqasi ochdi. Ochishi bilan baravariga “Assalomu alaykum, Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!” dedik. Ayol “Ha, yana archami?” dedi va darvozani lang ochdi. Ichkarida devor bo‘ylab qator qilib terilgan sakkizta archa, ya’ni Xolbuvi kabi imtihondan o‘tolmaganlarning archalari turar, ularning har biriga “Zulfiyadan, Risolatdan”, “Zulfiyadan, Otamuroddan”, “Zulfiyadan, Tojinordan” degan gulqog‘ozlar ilingandi. Biz archalar yoniga o‘z archamizni qo‘ydig-u, tez chiqib ketdik. Ertasiga bildimki, Xolbuviga maslahat berayotganimda sinfdagi qolgan o‘quvchilar ham eshitib, bu maslahatni o‘zlari uchun yagona yo‘l deb o‘ylab, allaqachon archalarni o‘qituvchining uyiga eltib qo‘ygan ekan. Ertasi kuni meni va to‘qqiz nafar sinfdoshimni maktabimiz direktori Razzoq Xudoyorovichning xonasiga chaqirishdi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, direktorning xonasida qator qilib terilgan archalarimiz turar, dumaloq stol atrofida jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz, sinf rahbarimiz va direktor o‘rinbosarlari o‘tirardi. Xonadagi sukunatdan sezdikki, sinfdoshlarimga bergan maslahatim — jinoiy javobgarlik darajasidagi salbiy oqibatga olib kelibdi. Bu holatga mening aloqam yo‘q, deyolmayman, chunki yashil archalardagi gulqog‘ozlarda ismim turardi. Direktor o‘shanda uzundan-uzoq tarbiyaviy soat o‘tgani va hammaning archasini qo‘liga berib “Uylaringga olib ketasizlar, har biringiz jismoniy tarbiyadan uzunlikka sakrash bo‘yicha qaytadan imtihon topshirasizlar!” degani hamon yodimda.
Eh sinfdoshlar, sinfdoshlar! Axir, mening Xolbuviga bergan maslahatimni shunchalar quloqlaring ding bo‘lib eshitganlaringni, archalarni bizdan oldin hammalaring o‘qituvсhining uyiga g‘izillatib olib borishlaringni bilganimda edi...
Direktorning xonasidan chiqdim-u, shalpayib, archa ko‘tarib olgan sinfdoshlarimga qarab yig‘lab yubordim. Ular esa “Bizni kechir, Zulpi, sendan so‘ramay, ismingni gulqog‘ozlarga yozib yubordik, biz qayoqdan bilaylik? Ishlar teskari ketib qoldi”, dedi. Sinfga kelsak, sinfdoshlar bizlarni masxara qilib, rosa kulib:
Archa, archa, archajon,
Yaproqlaring ninajon.
“JT”dan topshirolmay,
Biz yuribmiz chalajon — deb qo‘shiq aytishgan. Avvaliga xafa bo‘ldik, so‘ngra biz ham ularga qo‘shilib, kulib, o‘ynab ketdik.
Mana, oradan o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Hamon sinfdoshlarim Yangi yil arafasida menga internetdan to‘qqiz dona yashil archa yuborishadi. Tabrik yoniga gullar suratini chizib, “Seni yaxshi ko‘ramiz, “jt”chilar, deb qo‘yishadi. “Men ham sizlarni yaxshi ko‘raman, mening beg‘uborlarim”, deyman sog‘inch bilan.
Zulfiya MO‘MINOVA, shoira