Millatning sifat belgisi
Ayol deganda o‘zidan ham farzandini yaxshi ko‘radigan, eng ezgu tuyg‘ularini dilbandiga ilinadigan mehridaryo onajonlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. yetmish ikki tomirida bolasiga muhabbat mavjlangan, quvonganida kipriklariga quvonchning duri ilinib, og‘ringanida iztirobning ming bir tuynuklarida ko‘ksi tilinib, yorug‘ kunlarni sog‘ingan ayol — onajonlarimizdir.
Onadagi aql, farosat beshikdayoq alla orqali millatning ertasi bo‘lgan bolamizga singadi. Jamiyatning, millatning ertasi bo‘lgan bolajonlarimiz qalbiga ma’naviyatni yoshlikdanoq singdirolsak, odobimiz bilan bolamizga o‘rnak bo‘lolsak, halol va harom, savob va gunohning farqini, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, samimiyat tuyg‘ularini o‘rgata olsak, farzandimiz chinakam qahramon, mehnatimiz esa qahramonlikdir.
Umid daraxtini ko‘nglida ko‘kartirib, muhabbat bilan sug‘orolgan, mevasini orzulagan onaning farzandi — jamiyatning javohiridir. Mana shunday javohirdan ham qimmat, asrlarga tatigulik, o‘lmas asarlar yaratgan Beruniy, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur beshigi boshida alla aytgan onalar bizning onalarimiz. Sohibqiron Amir Temur vorislari bizning bolalarimiz. Bolalarimiz ajdodlariga haqiqiy izdosh bo‘lishi uchun ularni chinakam bahodirlar qilib tarbiyalashimiz, buni maqsadga aylantirish uchun hayot ilmini puxta o‘rganmog‘imiz darkor.
Har bir ona, har bir kelin kitob ichida yashasa, farzandlarimiz bilimdon, ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayadi. Farzand — ota-onaning ko‘zgusi. Go‘zal kelajakni orzulagan onalar hamisha or uchun, sha’n uchun kurashadi, farzandlarini oriyatli, mehnatsevar, sadoqatli qilib tarbiyalaydi. Har bir xonadondagi onalar suyukli yor, bolasi uchun haqiqiy muallim, ustoz, joni og‘riganda hamshira-yu shifokor, xonadonda orasta beka, iboli kelin, bag‘rikeng qaynona, ma’rifatli buvijondir. Bunday yuksak vazifani uddalay olgan onaning ko‘zlarini mehrning nuri olovlantirib, go‘zal tarbiyali farzandlari orqasidan ehtiromga sazovor bo‘ladi, onalikning muhtasham taxtida malikalarday huzurlanadi.
Aziza BOYMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori