«Bir dam bolalikka qaytdim...»
Ishdan qaytyapman. Ertangi reja xayolimni band etgan. Ko‘chani to‘ldirib «Top, top» degan chug‘ur-chug‘urdan sergak tortdim. Qizchalar katta sadaqayrag‘och soyasida biri-biriga gap bermasdi. Bolalik yillarim esimga tushadi...
Besh sinfdosh qiz orasi uncha uzoq bo‘lmagan hovlilarda yashaymiz. Kechki soat 6-7 larda avval ko‘chani supurib-sidirgach, o‘yinga oshiqamiz.
«Beshtosh», «Kelin tushdi», «Oq terakmi, ko‘k terak?», «Xola-xola», «Do‘xtir-do‘xtir», «O‘rtaga tush», «Tapir-tupur, qaldirg‘och», «Zuv-zuv», «Qo‘lga solish», «Qo‘g‘irchoq sotuvchi», «Poyezd-poyezd» o‘ynardik. Menga «Tapur-tupur qaldirg‘och», «Beshtosh» o‘yinlari yoqardi.
O‘yinlar bir-biriga umuman o‘xshamas, harakatlar farqlanardi. Biri mantiqiy fikrlashga undasa, boshqasi epchillik, zukkolik musobaqasiga aylanardi.
«Ism topish» o‘yinida guruh sardori quloqqa eng chiroyli nomni pichirlab aytar, ishtirokchi uning bosh va so‘nggi harfini aytgach, guruh a’zolari uni topishi lozim, kim eplay olmasa, «jazolanar» edi.
«Qo‘lga solish» o‘yinida ko‘pchilik bir qator bo‘lib o‘tirar, bir ishtirokchining ko‘zi bog‘lanar, juda kichkina, mitti tosh o‘tirganlardan birining kaftlari orasiga solinar, ko‘zidan bog‘ich olib tashlangan o‘yinchi tosh kimning kaftida ekanligini topishi zarur edi. Topgan kishi — g‘olib, aks holda u kuzatuvchi bo‘lib qolaverardi.
«Top-top» o‘yinida ko‘zi ro‘mol bilan bog‘langan ishtirokchining boshiga kimdir sekin chertib ketadi. U ko‘zini ochib, chertgan odamni aniqlashi zarur. Topsa, guruhga ochko, topolmasa she’r, qo‘shiq yoki maqol bilan «ayb»ini yuvadi.
«Beshtosh» o‘yini chaqqonlikka o‘rgatadi. Ichki kaftdan tashqi kaft ustiga kim ko‘p tosh tushirsa, shuncha ball bilan oldinga o‘tib oladi. Agar bitta tosh sirg‘alib tushib ketsa, u o‘yinni to‘xtatishga majbur. O‘yin shartlari bir nechta bo‘lib, bir necha kungacha davom etar, ertangi kunni kutib, ba’zan kechalari ham mashq qilib chiqar edik. Kim belgilangan 500, 800, 1000 balni yig‘sa, g‘olib bo‘lardi.
O‘yinlar orasida o‘zimiz ishtirok etmaydigan dorboz tomoshasini dam qo‘rquv, dam havas bilan ko‘rganmiz. Milliy libosda dor uzra yengil harakatlanadigan bolakay. Qo‘lida langar. Tomoshabinlar nigohi dorbozda. Biz qo‘rqqanimizdek, dorboz yerga tushib ketmaydi. Doira sadosiga hamohang tarzda langar bilan dor ustida goh yuguradi, goh o‘tiradi. Hayajonli, hayratga to‘liq lahzalar…
O‘yinlar keyinchalik zamonaviylashib ketgandek bo‘ldi. Yuqori sinflarga o‘tgach, voleybol, qo‘l to‘pi, tennis maydonida bellashadigan bo‘ldik.
Manzilga yaqinlashib qolibman. Qizaloqlar velosipedda, o‘g‘il bolalarga navbat yo‘q. Uyga kirdim. O‘g‘lim kompyuter, qizim esa telefon o‘ynab o‘tirardi. «Bolalik o‘yinlari ham davrga qarab ekan-da», degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan.
Chaqqonlikka, zukkolikka, hozirjavoblikka o‘rgatadigan o‘yinlar albatta tiklanishi kerak. Globallashgan jamiyatning farzandlarimizni fikrlashga undamaydigan, tayyorga ayyorlikka o‘rgatuvchi, jismoniy harakat talab qilmaydigan, ma’naviy ozuqa ulashmaydigan o‘yinlaridan imkon qadar qochish kerak. Xalqona o‘yinlarni mustahkam ildizga o‘xshataman. Daraxt ildizi suvdan bahramand bo‘lib tursagina qurib qolmaydi.
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi