Muhim masala muhokama etildi
Urgut tumanidagi 71-maktabda o‘quvchilar orasida o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi. Unda “Murot ota” jome masjidi imom-xatibi Habibxon Amirov, “Murot” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, faxriy pedagoglar, ota-onalar hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar bu kabi holatlarning kelib chiqish sabablari va oqibati to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirdi.
— Inson hayot sinovlariga dosh berolmay, aksariyat hollarda arzimas muammolar qarshisida ojiz qolib, shunday mudhish ishga qo‘l uradi, — deydi “Murot ota” jome masjidi imom-xatibi Habibxon Amirov. — Ammo bu muqaddas dinimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Ayniqsa, yoshlar og‘ir ruhiy holatlarda o‘z harakatining oqibatini anglamaydi, mulohaza qilmaydi. Bunday paytda ota-ona, ustoz-murabbiy, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bolaga ko‘mak berishi zarur. Oilada ota-ona farzandi bilan yaqin munosabatda bo‘lsa, uning qilayotgan ishlari, orzu-maqsadlari, yutuq va muammolari bilan o‘z vaqtida qiziqsa, bunday hodisalar kamayadi.
To‘ychi ESHOV, Urgut tumanidagi 71-maktab o‘qituvchisi