XXI asr tahdidi yoxud telefoningizni o‘chirib qo‘ying!
Ota-onalar farzandlari zamonaviy aloqa vositalari, internetga ko‘p vaqtini sarflayotganini ta’kidlashadi. Biroq bolaga o‘rnak ko‘rsatishi kerak bo‘lgan kattalarning o‘zi bu vositalarga qaram bo‘lib qolayotganini o‘ylamaydi.
Smartfonlar avtohalokatlar sodir bo‘lishi, uyqusizlik, mehr-oqibatning yo‘qolishiga juda katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, asosiy muammoga haligacha yetarlicha baho bermayapmiz. Ya’ni, hozir ekranlarga yopishib olgan bolalardan ko‘ra, tashqi dunyodan uzilib qolgan katta yoshdagilar haqida qayg‘urishimiz lozim.
Hozirgi kunda pul topish ilinjida chet elga ketayotgan ayollar soni ortmoqda. Bugungi onalar XX asr onalari bilan solishtirganda, bolalariga qarash uchun hayratlanarli darajada kam vaqt sarflayapti. Ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetib, hatto sun’iylashib bormoqda. Ular jismonan doimo farzandlari bilan birga, ularning moddiy ehtiyojlarini ta’minlamoqda, afsuski, ruhiy-hissiy jihatdan bir-biridan juda yiroqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zamonaviy qurilmalar ekranida tez-tez aylanuvchi yoki zo‘ravonlik holatlari aks etgan videotasvirlar bolaning bosh miyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda maktabgacha yoshdagi bolalar bir kunda kamida 4—6 soat vaqtini ekran qarshisida o‘tkazmoqda. 1970-yildan beri muntazam televizor tomosha qiluvchilarning o‘rtacha yoshi 4 yoshdan 4 oylikkacha tushgan. Taassufki, bola hech qanday naf bermaydigan “chiqit mahsulotlar”ni tomosha qilib, yoshlik davrini o‘tkazayotganini, imkoniyatlarni qo‘ldan boy berayotganini, tashqi dunyoni o‘rganish va atrofdagilar bilan muloqot qilish ekrandan ming chandon a’lo ekanini hali fahmlamaydi. Bolaning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri o‘tkazishga, farzandlarini shunga da’vat etishga mas’ul bo‘lgan ota-onalarning o‘zi texnikaning quliga aylangan.
Olimlar chaqaloq bilan kam muloqot qilish tufayli u 2 yoshga to‘lganda ham lug‘at boyligi kambag‘alligi sababli muloqotga kirisha olmasligini ta’kidlaydi. Yaqin o‘tmishda izdan chiqqan ota-ona tarbiyasi tufayli bola turli jismoniy xavflarga duch kelishi masalasi jamoatchilik e’tiboriga tushdi, biroq biz bunday izdan chiqish bolalarning kognitiv rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘ylab ko‘rishda sustkashlik qildik. Biz bola bilan suhbatlarni to‘xtatib qo‘yib, uyali aloqa telefonlarimizga javob beraversak yoki ekranga chalg‘iyversak, o‘sib kelayotgan bolalarimiz aqliy rivojlanishdan ortda qoladi.
Yoshi kattalar hamda bolalarning talab va ehtiyojlari, istaklari orasida muvozanatni topish hech qachon oson bo‘lmagan. Bolalar hamisha ota-onalarning voz kechib bo‘lmaydigan darajada e’tibori markazida bo‘lishi lozim, degan fikr ham mutlaq to‘g‘ri emas. Vaqti-vaqti bilan bolalarning o‘zlarini yolg‘iz tashlab qo‘yish ota-onalar uchun odatiy holat bo‘lib kelgan. Hatto bu ijobiy holat bo‘lib, bolalarda chidamlilikni, mustaqillikni rivojlantiradi. Ammo kichkintoylarni surunkali e’tibordan chetda qoldirish boshqa masala.
Smartfonga qaramlikning belgilari shuki, telefondan ko‘z uzishga majbur bo‘lsa, tez jahli chiqadi; his-tuyg‘u belgilarini noto‘g‘ri talqin qiladi. Umuman, atrof-muhitdan uzilib qolgan ota-ona bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bilan band bo‘lgan ota-onadan ko‘ra tezroq g‘azablanadi. Chunki u aslida e’tiborga muhtoj bolani yolg‘ondan nag‘ma qilyapti deb o‘ylaydi. Ammo farzand elektron pochta manziliga kelgan xatday qimmati yo‘q narsa emas.
Bolalarga tashqariga chiqib o‘ynashni buyuradigan ona yoki kelgusi yarim soatda bir talay muhim ishni bajarishi kerakligini ta’kidlaydigan ota — bu tobora raqobatchilik kuchayib borayotgan kattalar hayotidagi javob reaksiyasidir. Biroq bu smartfonlar tufayli sodir bo‘ladi. Biz har doim jisman bolalar davrasida hozir bo‘lsak-da, ahyon-ahyondagina ular bilan hissiy munosabatga kirishamiz. Bu muammoni hal etish, mavjud ta’lim tizimidagi holatni hisobga olsak, oson bo‘lmaydi. Chunki hozir maktablarda darslar o‘ta zerikarli o‘tilmoqda va bunday muhitda bolalarda erkin muloqot uchun imkoniyat juda kam.
Haqiqat shuki, bolalar kattalardan nimani xohlashini oldindan anglagan holda tug‘iladi. Ular kattalarning e’tiborini o‘ziga qaytarish uchun ko‘p harakat qiladi. Agar biz o‘z munosabatimizni o‘zgartirmasak, ular buni bizning o‘rnimizga qilishga urinib ko‘radi: bolamiz maktab yoshiga yetganda yomon xulq-atvorini namoyish etishiga tayyor bo‘lishimiz lozim. Ha, biz ular bilan shug‘ullanmasak, bu ularga juda qimmatga tushadi va hayotda juda qiynaladi.
Psixologlar “texnoferensiya” deb atagan jihatga murojaat qilsak, farzandlarimiz maktabda oladigan ta’limning sifati yaxshi-yomonligidan qat’i nazar va ularga ajratadigan vaqtimizdan tashqari, shunchaki kamroq ishlasak, ular uchun hozirgidan ancha ko‘p foydali ish qilishimiz mumkin. Ota-onalar “hamma ishni bajarish”dek oxiri yo‘q majburiyatdan voz kechib, o‘zlariga biroz yengillik berishlari lozim.
Keling, aziz ota-onalar, farzandingiz bilan birga bo‘lgan paytingizda telefoningizni o‘chirib yoki bir chetga olib qo‘ying!
Azamat AKBAROV, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori