Xalqaro Navro‘z kunini kim qanday nishonlaydi?
Ibtidoiy jamoa davrida odamlar dehqonchilikni boshlashdan oldin nishonlanadigan bahor bayrami vaqt o‘tishi bilan yilboshi sifatida belgilanib, unga “Navro‘z” – “Yangi kun” deb nom berildi.
Mana bir necha ming yildirki, Sharq xalqlari quyoshning hamal burjiga kirib, kun bilan tun birlashgan 21-mart sanasini ona zaminimizga bahor faslining kirishi va tabiatning yangilanishi sifatida keng nishonlab kelmoqda. Aksar xalqlarda bir necha kun davom etadigan Navro‘z shodiyonalari o‘zida insoniylik, mehr-muruvvat, mehnatsevarlik kabi qadriyatlarni namoyon etgani holda, jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi.
Qabul qilingan rezolyutsiyada mazkur bayram madaniyatlararo muloqot va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, avlodlar o‘rtasidagi birdamlik, oilalar totuvligi, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda yuqori qiymatga ega ekani ta’kidlandi. “Ishonamanki, jahon ahli bu kunni alohida qayd etadi. Zero, dunyoda turli o‘zgarishlar, inqiroz va urushlar bo‘lishiga qaramay, ushbu bayram an’analari nishonlanadigan mamlakatlarda Navro‘z ruhi sira yo‘qolmadi”, degan edi BMTning 8-Bosh kotibi Pan Gi Mun.
BMT qabul qilgan qarorda Navro‘z nishonlanadigan mamlakatlar bayramning kelib chiqish tarixi va u bilan bog‘liq an’analarni o‘rganib, bu merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishi lozimligi ko‘zda tutilgan. Bosh Assambleya BMTning barcha a’zo davlatlariga murojaat qilib, Navro‘z haqida axborot berishni kuchaytirish, zarurat tug‘ilganda BMT va xalqaro hamjamiyatning ixtisoslashgan tuzilmalari, fond va dasturlari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, nohukumat tashkilotlari tomonidan har yili Navro‘z tantanalarini tashkillashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Shu tariqa bugun Navro‘z biror-bir millat yoki madaniyatning bayrami emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda.
Navro‘z milliy urf-odat va qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan ramziy bayramdir. Shu bois, uni nishonlaydigan har bir xalqda o‘ziga xos an’analar mavjud.
Qozog‘istonda Navro‘z – Ulis Kuni (Yangi yilning ilk kuni) yoki Ulistin Uli Kuni (Xalqning buyuk kuni) deyiladi. Bu bayram ular uchun yangilanish, mehr-muruvvat, do‘stlik va bahor ayyomi bo‘lib, mamlakat ahli uni nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘radi. Bayram arafasida hamma yerda — ko‘cha-ko‘yda, mahalla-yu uylarda tozalash, obodonlashtirish ishlari olib boriladi.
Bayram o‘yin-kulgi, milliy qadriyatlar bilan nishonlanadi. Dasturxon turli noz-ne’matlar bilan bezatilib, bosh taom sifatida hayot uchun zarur yettita unsur — suv, go‘sht, tuz, yog‘, un, boshoqli o‘simliklar va sutdan tayyorlangan nauriz-koje tortiladi. Qozoqlar uchun bu mahsulotlar quvonch, omad, salomatlik, kuch-quvvat va mo‘l-ko‘lchilik ramzi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu millat vakillari Navro‘z qancha yuqori kayfiyat, to‘kin-sochinlikda nishonlansa, yil davomida xonadonni baxt va omad tark etmasligiga ishonadi.
Aytgancha, qozoqlar uchun Navro‘z bayramida 7 sonining bo‘lishi juda muhim. Uning ichiga haftaning yetti kuni va nauriz-koje tarkibidagi 7 mahsulot kiradi. Yana insonlar 7 ta uyga kirish va 7 nafar mehmon chaqirish odatiga ham amal qiladi.
Qirg‘izistonda mart oyi Nooruz deb ataladi. Bordi-yu, Navro‘z bayramida chaqaloq dunyoga kelsa, unga oy nomi beriladi. Shu kuni qor yog‘ishi esa yaxshilik alomati hisoblanadi.
Qirg‘izlar ham bahor bayramini katta shodiyona bilan kutib oladi. Har bir qirg‘iz oilasida dasturxon yozilib, turli noz-ne’matlar bilan bezatiladi. Uylarga mehmonlar taklif etilib, dasturxonga sumalak tortiladi. Bu yerda bayram arafasida bir-biridan arazlagan insonlar yarashib, olingan qarzlar egasiga qaytarilishi odatga aylangan.
Turkiyada Navro‘z 23-martda nishonlanadi. 22-mart — bayram oldi kuni esa xalq turli tansiq taomlar pishirib, Navro‘zga tayyorgarlik ko‘radi.
Bayram kuni barcha erta tongda uyg‘onib, yangi kiyimlar kiyadi. O‘tganlarni, qariyalar va bemorlarni ziyorat qilgani boradi. So‘ng bir-birilarinikiga mehmonga borib, qo‘ni-qo‘shnilar, do‘stlar holidan xabar olinadi. Insonlar baxt, omad, sog‘liq ramzi bo‘lgan yeguliklar yoki biror buyumni bezakli tasmalar bilan o‘rab, bir-birlariga hadya etadi. Xonadonlarda dasturxon yozilib, undan turli shirinliklar va turk milliy taomlari joy oladi.
Bayram kun davomida milliy an’analar, rasm-rusumlar bilan davom etadi. Ko‘chalarda folklor jamoalarining qo‘shiqlari yangraydi. Ramziy ma’noga ega olov va maxsus “o‘t sochib turuvchi” ajdaholar yordamida turli tomoshalar ko‘rsatiladi. Kechqurun esa yana barcha dasturxon atrofida jam bo‘lib, tongga qadar qizg‘in suhbat quradi.
Turkmanlar hozir ham xalq orasida mashhur bo‘lgan bahor ayyomi bilan bog‘liq ayrim alomatlarga qattiq ishonadi. Ularning fikricha, Navro‘zda kun bulutli bo‘lsa, bunday ob-havo iyun oyigacha saqlanib qoladi. Agar Navro‘zda qor yoki yomg‘ir yog‘sa, bu yilning hosildor bo‘lishidan dalolat beradi. Agar shu kuni havo sovuq bo‘lsa, demak, g‘alla hosildor bo‘ladi.
Xalq Navro‘zni o‘zgacha shodiyona bilan nishonlaydi. Yoshlar bahor sayliga chiqib, milliy xalq o‘yinlarini o‘ynaydi. Shu kuni Turkmanistonda yana ikkita bayram – “Ayollar kuni” va “Onalar kuni” ham keng nishonlanadi.
Tojikistonda bu kunda insonlar bir-birlarining uylariga “Navruz muborak bod!”, “Navruzaton piruz bod”, deb kirib boradi. Xonadonlarda bayram uchun alohida stol bezatiladi. An’anaga ko‘ra, dasturxonga yetti xil taom tortiladi. Bundan tashqari, stolga ko‘zgu, shamlar va turli ranglarga bo‘yalgan tuxumlar qo‘yiladi. Ularning bari ramziy ma’noga ega bo‘lib, shamlar — insonni yovuzliklardan saqlovchi yorug‘lik bo‘lsa, tuxum va ko‘zgu eski yilning tugab, yangi yilning kirib kelganini anglatadi.
Eronda qadimda Navro‘z bayrami naq 13 kun nishonlangan. Tantana so‘ngida odamlar maydonga to‘planib, yangi yilni kutib olgan. Xalq eski yilning so‘nggi kuni xursandchilikda o‘tsa, kelayotgan yil baxt va mo‘l-ko‘lchilik olib keladi, deb hisoblagan.
Navro‘zni 13 kun nishonlash an’anasi Eronda hozirgacha saqlanib qolgan. Bayramning birinchi 5 kunida insonlar yaqinlari va do‘stlarining uyiga mehmonga borsa, qolgan kunlari xalqning milliy marosim va urf-odatlari ado etiladi. Navro‘z arafasida eronlik ayollar gulxan atrofida aylanib, o‘yinga tushadi. Shahar ko‘chalarida esa qizil libos kiygan aktyorlar turli tomoshalar ko‘rsatib, odamlarning kayfiyatini ko‘taradi.
Ozarboyjonda Navro‘z kun bilan tun tenglashgan sanaga to‘g‘ri keladi va u rasman dam olish kuni deb belgilanadi. Navro‘z xuddi Ramazon hayiti kabi mamlakatdagi eng qadimiy va sevimli ayyom hisoblanadi. Xalq uni nishonlash uchun bir oy avval tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.
Bayramning birinchi kuni barcha erta tongdan turib, biror daryo yoki buloqqa boradi. U yerda yuvinib, poklik ramzi bo‘lgan suvni bir-birlariga sepadi. So‘ng yaqinlari, do‘st-birodarlarini kirib kelgan yangi yil bilan qutlab, ularga chiroyli tilaklar bildiradi. Shundan keyin an’anaga ko‘ra, shirinlik tarqatiladi. Odamlar bir-birini erta tongdan o‘zlari tayyorlagan shirinlik yoki oddiy qand bilan siylaydi. Barcha “tongal” deb ataluvchi katta gulxan yoqib, uning atrofida yetti marta aylanadi.
Ozarboyjonliklar Navro‘zda asosiy e’tiborini bayram dasturxoniga qaratadi. Unda, albatta, yetti xil taom bo‘lishi kerak. Bayramning bosh taomi — yong‘oqli xamirdan tayyorlangan shakyarbura bo‘lib, u oy shaklida pishiriladi. Pahlava, bug‘doy va rangli tuxumlar ham dasturxon to‘ridan joy oladi. Yana stolga ko‘zgu va shamlar qo‘yiladi.
Afg‘onistonda ham Navro‘z bayrami o‘zgacha kutib olinadi. Shu kuni barcha yangi kiyimlar kiyib, do‘stlari va yaqinlari uchun sovg‘alar hozirlaydi. Bayram stoli uchun maxsus taomlar, shirinliklar tayyorlanadi. Dasturxonda, albatta, mevalar, yong‘oq va 7 xil mevadan tayyorlangan sharbat bo‘lishi shart. Oiladagi farzandlar soniga qarab, shuncha miqdorda tuxum qaynatiladi va turli ranglarga bo‘yaladi.
Bayram arafasida ko‘chalar odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Yigitlar xalq o‘yinlarini o‘ynasa, qizlar lola sayliga chiqadi. Ammo odatga ko‘ra, Afg‘onistonda 21-mart — Navro‘z bayramida hech kim ko‘chaga chiqmaydi. Boisi, ushbu xalq 21-martda oila a’zolaridan birortasi uydan chiqsa, kirib kelayotgan yilda biror ko‘ngilsizlik bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, yil omadli kelishi uchun aynan shu sanada yig‘lash, asabiylashish va bolalarni jazolash man etiladi.
Hindlar ham yangilanish ayyomini 21-mart sanasida nishonlaydi. Shu kuni oila davrasida milliy urf-odatlar, qadriyat va an’analar ado etiladi. Bayram uchun maxsus gulchambarlar, shirinlik va sovg‘a-salomlar tayyorlanadi. Odamlar katta gulxan yoqib, uning atrofida aylanadi. Ko‘chalarda sho‘x kuy-qo‘shiqlar yangrab, xalqning maroqli dam olishi uchun turli tomoshalar namoyish etiladi.
Yurtimizda xalqimiz orziqib kutgan eng sevimli ayyomini katta shodiyona bilan qarshi oladi. Hamma yerga anvoyi gullar ekilib, shahar-u, qishloqlar yanada chiroy ochadi. Bir necha kun davom etadigan bayram tantanalari ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan xalq o‘yinlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, an’ana-yu urf-odatlar bilan yanada zavqli o‘tadi. Respublikamizning barcha hududlarida bayram tantanalari keng miqyosda o‘tkaziladi.
Shu kunlari qarindosh-urug‘, qo‘ni- qo‘shnilar bir joyga jam bo‘lib, doshqozonlarda sumalak pishiradi. Keksalar, bemorlar holidan xabar olinadi. Sochlariga gulchambarlar taqqan jajji qizaloqlar dala sayliga chiqsa, duogo‘y otaxon-u onaxonlarimiz bugungi tinch-osuda, baxtiyor kunlarga shukronalar aytadi. Navro‘z yurtimizga qut-baraka, mo‘l-ko‘lchilik olib kelsin, deb duolar qiladi.
Bahor va samimiyat kuychisi — Navro‘zni qaysi xalq qanday nishonlashidan qat’i nazar, u insoniyat uchun mehr-oqibat, ezgulik va hamjihatlik ayyomi bo‘lib qolaveradi.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.