Muchal yilingizni bilasizmi?
Har bir yilning o‘z egasi bor, ya’ni yillar 12 ta hayvon nomi bilan ataladi. Har o‘n ikki yilda bir muchal aylanadi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, yillarni aynan hayvonlar nomi bilan atash qachon paydo bo‘lgan va bunga sabab nima?
Rivoyatlarda aytilishicha, yillarga nom berilishi Sulaymon (a.s.) zamonlariga borib taqaladi. Оllohning inoyati bilan Sulaymon(a.s.)ga barcha maxluqot-larning podshohligi berilgan bo‘lib, ularning inon-ixtiyori u kishinig qo‘llarida ekan. To‘rt fasl bir zayl aylanib, yillar bir-birini quvib o‘taverganidan uni farqlash, ajratish mushkul bo‘libdi. Ana shunda yilning yildan farqini aniqlash uchun aqlli maxluqlardan yillarga nom berish taklifi tushgan ekan. Hazrati Sulaymon(a.s.)ga bu taklif ma’qul kelib hayvonlarni belgilangan vaqtda daryo bo‘yida yig‘ilib, yillarga nom berish uchun tanlovga chaqiribdi. Kichkina bo‘lsa-da, chaqqon va abjirligi tufayli tuyaning boshiga chiqib olgan sichqon daryo bo‘yiga birinchi bo‘lib yetib kelgan ekan. Shuning uchun muchal yilining birinchisi sichqon nomi bilan atalibdi. Bundan ranjigan tuya majlisni tashlab ketib qolibdi. “Yildan qolgan tuya” iborasi o‘shandan qolgan deyiladi.
Keyin sigir, yo‘lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it va eng oxirida to‘ng‘iz kelgan ekan.
Muchal yili 1-yanvardan emas, balki sharqona yangi yil — 21-martdan boshlanadi.
Mana bu yil ham 21-martdan it yili o‘rnini to‘ng‘iz yili egallaydi. Shuningdek, har o‘n ikki yilda bir marta muchal yili aylangan hisoblanib, ba’zi joylarda o‘n ikkiga kirganlarning muchal to‘yi nishonlanadi. Yoshi ulug‘larimizning deyarli barchalari muchal hisobini, nomlanishini bilishar edi, hozir bunga kam ahamiyat berilmoqda. Bunday yil hisobi Sharq xalqlariga xos bo‘lib, ming yillik qadriyatlarimizning ajralmas qismidir.
Shuning uchun mening taklifim bu muchal hisobini barcha ta’lim maskanlarida yoshlarga o‘rgatishdan iborat. Maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab va oliy ta’limda ham bunday yil hisobini o‘rganishni yo‘lga qo‘yish kerak. Quyida muchal yili aks etgan jadvalni keltirdim. Bunda birinchi ustunda muchal yilining forscha nomlanishi, keyingi ustunda yillar, uchinchi ustun hijriy oylar bo‘lib, undan Yaqin Sharq yoki butun arab dunyosida foydalaniladi. Hijriy yil taqvimida Oy hisobi yuritilganligi bois uning bir yili 354-355 sutkadan iborat bo‘ladi. Shuning uchun muqaddas Ramazon oyi har yili 10-11 kun oldinga suriladi. Bunda 4 ta ulug‘ oy ajratilgan bo‘lib, ularning sayyidi Mohi Ramazon ekanligi ko‘rsatilgan. Oxirgi ustun hijriy-shamsiy oylar bo‘lib, u bizning taqvim(Gregoriy taqvimi)ga mos keladi, faqat ular har Gregoriy taqvimi bo‘yicha oyning 21-sanasida almashadi. Deylik, Hamal 21-martdan kirib keladi va hokazo. Bu hisobni bilish fasllarni o‘rganishda juda qo‘l keladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun jadval kattaligi 1x2 metr, qolgan o‘quv yurtlari uchun esa 2x4 metr bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bunday jadvalga har kuni ko‘zi tushgan bolaning xotirasiga shu ma’lumotlar yaxshi joylashadi. Tajribalardan ma’lumki, biz axborotning 90 foizini ko‘rish orqali olamiz.
Dilmurod XO‘JAQULOV