Obro‘ emas, zavol
O‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘st bo‘lgan. Orzu-havas bilan yashash, to‘ylar qilish, tadbirlar o‘tkazish bizga ota-bobolarimizdan qolgan udum va an’anadir. Biz bugun ham ushbu merosni davom ettiryapmiz, deb o‘ylaymiz-u, aslida quyushqondan ancha chiqib ketganimizni, dabdababozlikka mukkamizdan ketganimizni sezmayapmiz.
Achinarlisi, ish faoliyatimda ham shu kabi holatlarning guvohi bo‘lyapman. Maktabimizda “Farzandingizga kitob sovg‘a qiling!” deb nomlangan kitob marafoni o‘tkazilishidan uch kun oldin ota-onalar uchun maxsus taklifnoma tarqatildi. O‘quvchilarimiz kitob marafonida ota-onalari qatnashishi va o‘zlariga yangi kitob sotib olib berishlarini istagani yuz-ko‘zidan ko‘rinib turardi. Afsuski, farzandiga qimmatbaho kiyim olib berib, sochlarini turmaklatib tadbirga jo‘natgan ota-onalarning aksariyati o‘zi kelmadi. Kelgan ota-onalar ham arzonroq narxdagi 1000 so‘m va 1500 so‘mlik ertak kitobchalarni xarid qilish bilan cheklandi. Pardozxonaga, qimmatbaho kiyimlarga sarflangan pullar farzandlar bilimi, kelajagi va kitob uchun ajratilishini biz, pedagoglar qanchalar xohlagan edik...
Shu voqeadan so‘ng sinfimizda tadbir o‘tkazishdan avval o‘quvchilarning bayramda kiyadigan kiyimi, soch turmaklari haqida ota-onalar bilan maslahatlashdik. Shunda ularning ayrimlari o‘quvchilar kiygan milliy libos, mayda o‘rilgan soch va boshdagi do‘ppi oddiy ko‘rinadi, undan ko‘ra oq ko‘ylak, turmaklangan soch bilan chiqishlari chiroyliroq bo‘ladi, deya fikr bildirishdi. “Tadbirda hamma bir xil — milliy kiyimda ishtirok etsa, o‘quvchilar orasida tengsizlik bo‘lmas edi”, deganimdan keyin ota-onalar bir ovozdan fikrimga qo‘shildi. Tadbirimiz kutilganidan ham fayzli o‘tdi.
Gulzoda BOYMURODOVA, Sergeli tumanidagi 285-maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi