“Qizlarjon” sammiti – muvaffaqiyat sari yo‘l
O‘zbek ayollari azaldan o‘zining oqilaligi, sabrliligi, dono va ishbilarmonligi bilan ajralib turgan. To‘maris, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy va Zulfiyaxonim kabi momolarimiz an’analarini davom ettirish, o‘zbek qizlarining jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlash, ularga hayotda va oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari uchun ko‘mak berish davlat siyosati darajasidagi masalalardandir.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Qizlarjon” o‘quvchi qizlar sammiti shu kabi ishlarning davomi bo‘ldi deyish mumkin. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan sammitda hududlarda faoliyat yuritayotgan “Qizlarjon” klubi koordinatorlari, nufuzli musobaqalar g‘oliblari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan faol qizlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda profilaktik hisobda turuvchi qizlar, jami 140 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Uch kun davom etgan sammitda deputatlar, xalqaro trenerlar va yetuk mutaxassislar tomonidan mahorat darslari va davra suhbatlari tashkil etildi, qizlar viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari bilan tanishtirildi, muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan ta’lim va ijtimoiy sohalarda faoliyatni yo’lga qo‘yish, rivojlantirish va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish masalalarida fikr almashildi.
Sammit yakunida tashkilotchilar tomonidan kelgusidagi rejalar kelishib olindi. “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida boshlangan sammit Samarqand shahridagi tarixiy obidalar ziyoratiga ulanib ketdi.
S.ZIYODOV