Farzandingiz o‘ziga ishonadimi?
Birinchi manzara
— Bugun ham harflarning birini katta, birini kichik qilib ko‘chirsang, ko‘chaga chiqishga umuman ruxsat yo‘q, — deya tanbeh berdi birinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lini yetaklab ketayotgan ayol. — Shu ahvolda uyqusirab yuraversang, sinfdagi eng uquvsiz bolaga aylanasan.
— Agar kimdir qo‘limdan ushlab yordamlashsa, yozuvim chiroyli chiqadi.
— Biror ishni mustaqil bajarishni eplay olmaysan-a, bolam.
Bunday qo‘rs muomala bolaning kayfiyatiga ta’sir etmay qolmadi. Undagi tushkunlik yon-atrofdagilarning e’tiborini tortmasa-da, mashg‘ulot jarayonida diqqatini jamlashga qiynaldi. Darslarda sust ishtirok etdi. O‘qituvchi buning sababini bilishga qiziqqanda, o‘quvchi qo‘rqayotganini aytib, yig‘lamsiradi.
Ikkinchi manzara
— Mening aqlli va kuchli qizalog‘im tezda o‘rnidan turib, maktabga otlanadi, — dedi ona injiqlanayotgan qizini erkalab. — Axir bugun darsda yod olgan she’ringni o‘qib berishing, o‘qituvchining “barakalla!” degan maqtoviga sazovor bo‘lishing kerak-ku, to‘g‘rimi?
— Ha, oyi. Faqat yana ozroq uxlagim kelyapti-da.
— A’lochi o‘quvchi darsga kechikmaydi...
Shu kuni qizcha uyga vazifalarini to‘g‘ri bajargani, misollarga tengdoshlaridan avval javob topgani uchun olqishlandi. Dugonalari havas bilan qaraganini ham sezdi va uyga quvnoq kayfiyatda qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay ertangi darsga puxta tayyorlanish kerakligi haqida ham o‘ylab qo‘ydi.
— Birinchi manzaradagi ayol ayni bolaning intellektual imkoniyatlarini haqqoniy baholamasdan yanglishdi, qizaloqning onasi esa farzandini emotsional jihatdan mustaqil bo‘lishga undadi, — deydi amaliyotchi-psixolog Go‘zal Sattorova. — “Bu ish mening qo‘limdan kelmaydi” yoki “Men yaxshi yozolmas ekanman, yaxshi o‘qiy olmayman” degan tushunchaning paydo bo‘lishi, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchisining fanlarni o‘zlashtirishdan ortda qolishiga, irodasizligiga, qiziqishining pasayishiga sabab bo‘ladi. Ularning avval xato yozib, keyin to‘g‘rilashiga yoki noto‘g‘ri talaffuzdan so‘ng ravon so‘zlashiga yordam berish kerak. Bolaning biror yumushni mustaqil bajara oladigan bo‘lishi unda ishonch hissining shakllanishida juda muhim. Endigina emaklayotgan go‘dak ham o‘zini qiziqtirgan o‘yinchoqqa qo‘l cho‘zadi, detalni mustaqil ravishda ushlagach, boshqa jismoniy harakatlarida tezkorlik kuchayadi. Aksincha, jajji bolakayning ovunchog‘ini ancha uzoqqa joylashtirsangiz, uni olishga intilmaydi, bu ishni bajara olmasligiga ko‘zi yetadi. Mana shu davrdan boshlab unda ishonch va ishonchsizlik tuyg‘usi uyg‘onadi. Keyinchalik esa bolaga har qanday holatda ham to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, erkalash, ota-ona uchun qanchalar qadrli ekanini bildirish kerak. Bolalikdan o‘z o‘rnini his etgan, sog‘lom fikr yuritgan inson ulg‘aygach ham do‘stlar orttirib, to‘g‘ri kasb-hunar tanlaydi.
Ishonch o‘z xatti-harakatini mustaqil bajarish, yoqmagan taklifni rad eta olish, o‘zini yaxshi ko‘rish, hurmat qilish natijasida shakllanadi. O‘quvchilarning tarbiya olish va ilm egallash pog‘onalarida o‘ziga ishonch va mas’uliyat hissi qay darajada ahamiyat kasb etadi? Mutaxassislarning bu boradagi pedagogik-psixologik yondashuvlari bilan qiziqdik.
Odatga aylangan “ojizlik”
Ba’zida farzandimizning xato va kamchiliklaridan noliymiz: ertalab nonushta qilmaydi, ozoda emas... Ulg‘ayish pallasidagi bolaning istak-xohishlarini, qisqacha aytganda, harakatlarini to‘g‘ri qabul qilish lozim. Haddan ziyod himoya qobig‘iga o‘rash ularning ishtiyoqini so‘ndiradi. Xatosini aniqlashdan oldin rag‘bat, chegaralashdan avval imkoniyat taqdim etish kerak.
Tadqiqotchilar akvariumdagi baliqchalar o‘rtasida kichik psixologik tajriba o‘tkazdi. Akvariumga bitta katta va turli mayda baliqlar tashlandi. Yirik baliq qorni ochgach, qarshisidagi ojiz baliqchalarni yeya boshladi. Keyin laboratoriya xodimlari idishning o‘rtasini shisha bilan ajratib, bir tomonga mayda baliqchalarni, ikkinchi tomonga katta baliqni joylashdi. Katta baliq och qolgani sayin o‘zini narigi tomonga ura boshladi, har safar shishaga urilib qaytaverdi. Vaqt o‘tib, akvariumdagi qo‘shimcha shisha olib tashlanganda ham katta baliq maydalarini yeyishga urinmadi va ochlikdan nobud bo‘ldi.
Insonlar ham nimagadir ko‘p marta intilib, maqsadiga yetisha olmasa, o‘zini ojiz his eta boshlaydi. Bu ishonchsizlik odatga aylangach, vaqti kelib u xatolarni tuzatish va marrani egallashga kuch paydo bo‘lganini sezmay qoladi. Kichkintoylarga ham biror yumushni mustaqil bajara olishi uchun fursat berib, sabr qilish unda o‘ziga ishonch hissining shakllanishida juda muhimdir.
— Har bir o‘g‘il-qizning bolalikdan o‘z orzu-o‘ylari bo‘ladi. Bu maqsadlarga yetish uchun ularda qobiliyat va ishtiyoq ham yetarli, — deydi Yakkabog‘ tumanidagi 14-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi G‘ayrat Elmurodov. — Faqat bunda ota-ona va pedagogning ma’naviy ko‘magi zarur. Masalan, men 3-sinf o‘quvchilari bilan ishlash jarayonida ularning tasavvuridagi qahramonlarning rasmini chizdiraman. Har biridan inglizcha izoh talab qilaman. Keyin guruhlarga bo‘linib, “koptokcha” mashqini bajaramiz. Bu metodda o‘qituvchi suratlardan bolalarning psixologik holati, istaklarini anglab oladi va shunga mos harakat nomini aytib, koptokchani otadi. Koptokchani ilib olgan bola so‘zni ingliz tilida takrorlaydi. Malikaning rasmini tasvirlagan qizga “siz chiroylisiz — you are prettily”, deydi, futbolchilarni chizgan o‘quvchiga “siz mohir o‘yinchi bo‘la olasiz — you can be featly gamester”. Quvonarlisi, bu tajriba sinfdagi har bir o‘quvchining nutqini rivojlantirishga yordam berdi. Qahramonlar tasvirida shoira Zulfiyaning portretini chizgan o‘quvchi har qancha ifodali she’r aytishni istasa ham, ikki so‘zni takrorlayverar, tutilib qolaverardi. Unga “Sen iste’dodli bolasan, mustaqil ravishda ijod qilib ko‘r-chi”, dedim va qat’iyat bilan she’r yodlashni o‘rgata boshladim. Yaqinda maktabimizda bo‘lgan bayram tadbirida shu o‘quvchim o‘zi yozgan she’rini ravon o‘qib berganini ko‘rib, juda quvondim. Asosiysi, uning “odatiy ojizlik”ni unutgani, o‘ziga ishonch hissi ko‘tarinki kayfiyatidan sezilib turardi.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning o‘z kuchi va qobiliyatiga bo‘lgan ishonchini shakllantirish uchun ko‘p tajribalar, tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, “O‘rgan-o‘rgat” tavsiyasi asosida sinfdagi tartib-intizomga rioya etishni istamaydigan bola sinf sardori, o‘zlashtirishda ortda qolayotgan o‘quvchi sinf sardorining yordamchisi etib saylanadi. Bu kabi mas’uliyatli vazifaga jalb etish o‘g‘il-qizlarda o‘z-o‘ziga ishonchni oshiradi. “Tengdosh-tengdoshga” tavsiyasi asosida iqtidorli o‘quvchiga bo‘sh o‘zlashtiruvchi tengdoshining biriktirilishi ham fikrimizga dalildir.
Quvonch gormonlari ishga tushsa...
Shifokorlarning ta’kidlashicha, kulgan va xursand bo‘lgan bola miyasi quvonch gormonlarini ishlab chiqaradi hamda kislorod bilan to‘yinadi. Nimadandir qattiq ranjigan bolada esa o‘z-o‘zini ayblash, xafa bo‘lish, o‘ziga ishonmaslik hislari paydo bo‘ladi. Bu uning asabiylashishiga, nafas olish ritmining buzilishiga olib keladi. Oqibatda bosh miya tomirlarida qon yaxshi aylanmasligi mumkin. Miya kislorod bilan qancha ko‘p ta’minlansa, shuncha yaxshi faoliyat ko‘rsatadi. Bosh miyani kislorod bilan ta’minlash uchun esa bola ko‘proq rag‘batlantirilishi, tabiat qo‘ynida sayr qilishi, badiiy gimnastika, suzish kabi jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi lozim.
Shoira BOYMURODOVA