Sobiq o‘quvchilar tuhfasi
Shu kunlarda yurtimiz kitob savdo majmualari xaridorlar bilan gavjum. Bir-biridan sara, durdona asarlarni tanlayotgan ziyolilar yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga o‘z hissasini qo‘shish harakatida. Davlatimiz rahbari shu yil 19-martdagi yig‘ilishda kitobxonlikni yanada jonlantirish maqsadida har bir rahbar o‘zi ta’lim olgan maskaniga kitob sovg‘a qilishini taklif etgandi. Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan Xalq ta’limi vaziri birinchilardan bo‘lib bu ishga qo‘l urdi. Respublikamizdagi aksariyat maktablarning kutubxonalari yoshlarning intellektual salohiyatini oshiradigan, badiiy didi va dunyoqarashini o‘stiradigan turli adabiyotlar bilan boyimoqda.
— Oxirgi 3-4 kunda kitob xaridorlari soni keskin oshdi, — deydi “Sharq ziyokori” kitoblar markazi marketologi Kamola Allamova. — Savdo markazimizda “Sharq” NMAK tomonidan chop etilgan o‘zbek adabiyotiga doir asr oshgan asarlardan 9 to‘plam mavjud. Asosan, mana shu asarlar, jahon adabiyoti, ensiklopediyalar, chet tilidagi qiziqarli kitoblar, bolalar adabiyoti durdonalari, o‘smir yoshdagi o‘quvchilarga mo‘ljallangan “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”, “O‘n besh yoshli kapitan” kabi badiiy kitoblar qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Ba’zi xaridorlar ta’lim muassasasi kutubxonalarida kamyob yoki umuman majvud bo‘lmagan kitoblarni aniqlab, shu asosida maxsus ro‘yxat tuzib kelishibdi. Biz ham o‘zgacha ishtiyoq bilan ishlayapmiz, xaridorlarimiz talab va istaklarini inobatga olib, kerakli adabiyotlarni yetkazib bera olsak, xursandmiz.
“O‘tkan kunlar”ni 11 marta o‘qigan”
O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Yunusobod tumanidagi 9-IDUMda bo‘lib, o‘zi tahsil olgan maktab kutubxonasiga sevib o‘qigan o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlari jamlanmasini tuhfa etdi.
— Bosh vazirimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini 11 marta o‘qigani, ushbu asarning qadr-qimmati, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi haqida so‘zladi, — deydi maktab direktori Malika Maqsudbekova. — Hadya etilgan kitoblar orasida rus adabiyoti, Shekspirning saylanmasi, o‘zbek adabiyotining tarixiy, badiiy asarlari, bolalar adabiyoti durdonalari va boshqa 120 dan ortiq kitob bor. Shu kuni maktabga Bosh vazirimizning sinf rahbari, kimyo fani o‘qituvchisi, 80 yoshdan oshgan faxriy pedagog Ma’mura Alimuhammedova ham tashrif buyurdi. Ma’mura aya bugungi islohotlardan mamnun ekanini bildirib, maktab xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Kelajakda ham ushbu maktab o‘quvchilaridan yuksak martabali insonlar yetishib chiqishiga umid bildirdi. Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov ham bizning maktabda tahsil olgan bo‘lib, u kishi ham maktab kitob fondini turli adabiyotlar bilan boyitdi. Maktabimizga mehmon bo‘lib kelayotgan sobiq bitiruvchilarning izi uzilmayapti. Taniqli aktyor Fotih Jalolov ham kitoblar hadya etdi. Endi o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarni ko‘proq o‘tkazish niyatidamiz.
Uchtepa tumanidagi 4-maktabga sobiq bitiruvchilardan biri — Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev kitoblar jamlanmasi va sport anjomlarini taqdim etdi. Vazir “Nilufar” gimnastika to‘garagi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Maktab kutubxonasi 50 dan ziyod sara adabiyotlar bilan boyidi.
“Kitoblarimiz 2790 nusxaga yetdi”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Shofirkon tumanidagi 38-maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.
— Bu tuhfa bizni nihoyatda quvontirdi, — deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Oripova. — Ilm maskanimizda kitobga, mutolaaga ishtiyoqi baland o‘quvchilar juda ko‘p. 2018-yili 7-sinf o‘quvchisi Shuhrat Saidov “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida sovrindorlar qatoridan joy oldi. Maktabda “Kitobxonlik kunlari”, yangi kitoblar taqdimotini tez-tez o‘tkazib turish an’anaga aylangan. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab o‘qituvchilar o‘rtasida “Eng kitobxon o‘qituvchi” tanlovini o‘tkazib kelyapmiz. Ayni paytda umumiy fondi 2700 nusxa kitobni tashkil etgan mo‘jazgina maktab kutubxonasi hamisha kitobxonlar bilan band. Endilikda bu fond yana 90 nusxaga boyidi. Taqdim etilgan kitoblar orasida “O‘tkan kunlar”, “Ikki eshik orasi”, “Sariq devni minib” kabi o‘zbek adabiyotining durdona asarlari bor.
Yangi kitoblar bo‘limi tashkil qilindi
Pop tumanidagi 16-maktab kutubxonasi boshqa ta’lim muassasalariga nisbatan boy bo‘lsa-da, o‘quvchilar so‘ragan ayrim kitoblar topilmas edi. Maktabning sobiq bitiruvchisi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajapovning qadrdon ziyo maskaniga 150 dona kitob sovg‘a qilgani ana shu kemtikni to‘ldirdi. Endi yosh kitobxonlar o‘zbek va jahon adabiyoti vakillarining asarlarini maktab kutubxonasida mutolaa qilish imkoniga ega.
— Prezidentimiz Namanganga tashrifi chog‘ida faollar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatni yurtimizdagi eng kitobxon hududga aylantirish taklifini berdilar. Davlatimiz rahbarining da’vatlari ko‘nglimda shu muddaoni uyg‘otgan edi, — dedi Vahobjon Rajapov. — Kitob qalblarga ezgulik va yaxshilik urug‘larini joylovchi bebaho manbadir. U hayotimizni puxta saboq va mazmun bilan to‘ldiradi. Yetuklik sari etaklaydi.
— Tuhfa etilgan badiiy kitoblar orasida G‘afur G‘ulom, Habib Sa’dulla, Safo Matchon kabi o‘zbek adabiyoti namoyandalarining asarlari bilan birga, jahon adabiyotiga oid durdona kitoblar jamlangan, — deydi maktab kutubxonasi mudiri Dilnoza Eshmatova. — Vahobjon ustoz izidan maktabimizda ta’lim olgan ko‘plab sobiq o‘quvchilar ham kitob sovg‘a qildi. Ularni alohida fondga kiritib, yangi bo‘lim tashkil qildik.
Komillik beshigi
Qarshi shahridagi 31-maktab kutubxonasining kitob fondi ham 35 dona eng sara badiiy adabiyot bilan boyidi. Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i Behzod Jo‘rayev ana shu ulug‘ maskanda dastlabki ta’lim-tarbiya saboqlarini olgan bo‘lib, endilikda u shaxsiy kutubxonasi durdonalaridan o‘quvchilarga tuhfa etdi.
— Maktabimizga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i hamda Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislarining kutilmaganda kirib kelishi biz uchun haqiqiy bayramga aylandi, — deydi maktab direktori Shuhrat Rashidov. — B.Jo‘rayev maktabimiz kutubxonasiga hadya etgan kitoblardan tashqari yana 10 dona badiiy adabiyotni eng a’lochi o‘quvchilarga topshirdi. Bu o‘quvchilarimizning kitob mutolaasiga qiziqishini yanada oshirdi.
Maktab kutubxonasining kitob fondi kundan-kunga boyib borayotganidan kutubxonachilar ham mamnun. Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Maxsud Panjiyev ham o‘zi o‘sib ulg‘aygan va boshlang‘ich ta’lim-tarbiya saboqlarini olgan Kasbi tumani Pandiron qishlog‘idagi 26-maktab kutubxonasiga oilaviy kutubxonasidan 20 dona badiiy adabiyot tortiq etdi.
— Biz o‘qigan kezlarda ushbu maktab paxsa devordan tiklangan bo‘lib, pastqamgina edi, — deydi Maxsud Panjiyev. — Bugungi mahobatli va shinam o‘quv binolarini, o‘quv-laboratoriya xonalarini, sport zallarini ko‘rib ko‘zing quvnaydi. Ular orasida yer bilan osmoncha farq bor. Inson qachon komil bo‘ladi, qachonki, kitobga oshno, kitob bilan hamnafas bo‘lsa. Zero, kitob komillik beshigidir.
Bu an’ana Sharof Rashidov tumanida ham keng quloch yozdi. Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Avvalboyev va ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Jizzax viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov tumandagi 31-maktabda tahsil olgan. Ular ham maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini taqdim etdi.
— Sobiq o‘quvchilarimizning himmati bizni quvontirmoqda, — deydi maktab kutubxonachisi Hilola Tangriberganova. — Bunday xayrli tadbirlarda tadbirkorlar ham faol ishtirok etmoqda. Viloyatimiz ijodkorlari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda shoir va yozuvchilar ham kutubxonadagi kitoblarni ko‘paytirishga hissa qo‘shmoqda.
— O‘qib yurgan kezlarimizda maktab kutubxonasida ertak kitoblar kam, borlari ham qo‘lma-qo‘l bo‘lar edi. Hozir savdo do‘konlarida sifatli bolalar kitoblari bisyor. Lekin kuzatishlarimdan amin bo‘ldimki, kutubxonalarda ba’zi adabiyotlarga haligacha ehtiyoj bor, — dedi biz bilan suhbatda Sharof Rashidov tumanidagi 36-maktab direktori G‘ani Siddiqov.
U ham maktab kutubxonasi boyishiga o‘z hissasini qo‘shib, turli kitoblar hadya qildi.
“Xayrli tadbir an’anaga aylansa...”
Andijon shahridagi 35-IDUMga ham sobiq o‘quvchilar — turli tashkilot rahbarlari tomonidan kitob jamlanmalari sovg‘a qilinmoqda.
— Yaqinlarimga biror hadya olishga to‘g‘ri kelganda eng sara badiiy asarni xarid qilardim, ta’lim olgan maktabim kutubxonasi uchun o‘zbek adabiyotidan tashqari chet el yozuvchilarining asarlaridan ham tanladim, — deydi Yangiqo‘rg‘on tumani prokurori Tohirjon G‘afurov. — Jumladan, to‘plam orasida o‘zim sevib mutolaa qilgan “Sariq devni minib”, “Chol va dengiz”, “Qizil va qora” asarlari bor. O‘quvchilik davrimda ustozlarim Ra’no Mo‘ydinova, Gulchehra Asqarovalarning sa’y-harakati bilan shu kitoblarni mutolaa qilganman. Boshlang‘ich va yuqori sinfda ta’lim olayotgan o‘quvchi-yoshlarga mo‘ljallangan badiiy, falsafiy, mantiqiy hamda psixologik kitoblar ularning nafaqat bilimini, balki badiiy did, nutq madaniyati va dunyoqarashini oshiradi. Bolalarga kitob sovg‘a qilishdek xayrli tadbirni an’anaga aylantirib, boshqa maktab va mehribonlik uylaridagi kutubxonalarga ham borishni niyat qildim.
Ushbu xayrli tabdir respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda. Ta’lim maskanlariga kitob hadya qiluvchilar safi yanada kengaymoqda. Yosh avlodni kitobxonlikka da’vat etish, ular qalbiga ezgulik urug‘ini qadash har bir ziyolining oliy maqsadi.
Muxbirlarimiz