Termiz shahri Xalqaro baxshichilik festivaliga mezbonlik qilmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy madaniy merosimizni dunyoga targ‘ib qilish maqsadida 2018-yilda Shahrisabz shahrida “Xalqaro maqom” festivali o‘tkazilgan edi. Buning davomi sifatida 2018-yilning 1-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorda festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tashkil etilib, qator vazifalar belgilab berilgan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur xalqaro festivalga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Festival shu yilning 5-10-aprel kunlari o‘tkaziladi.
5-10-aprel kunlari Termiz shahri mezbonlik qiladigan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali”ga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Ushbu festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san’atini rivojlantirish, baxshi-shoir, jirov, oqinlar ijodining sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga oid ”Baxshichilik san’atining jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, xorijiy va O‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining konsertlari, ijodiy ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xalq ijodiyotining o‘ziga xos ushbu bayramida baxshichilik san’ati targ‘ibotiga oid o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari, ma’rifiy adabiyotlarning taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi. Festivalda YUNESKO, AYSESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari bilan birga ko‘plab xorijiy davlatlardan mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Festivalda 80 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin ishtirokchining faoliyati saralash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, 20 ta davlatdan 57 nafar ijrochi, 12 ta davlatdan konferensiya ishtirokchilari – olimlar, folklorshunoslar, ekspertlar, 41 davlatdan 43 nafar mehmon, 20 davlatdan xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ijodiy tanlovni Fransiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Turkiya va 1 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislardan iborat nufuzli hakamlar hay’ati baholaydi. E’tiborga molik jihati, ushbu festival doirasidagi ijodiy tanlov ishtirokchilarining yoshi ham diqqatga sazovor. Ularning eng keksasi – tojikistonlik baxshi Hotam ota Hakimov to‘qson yoshda bo‘lsa, ijrochilarning eng kichigi – malayziyalik Kamarul Baihaqi Bin Kamarul Baisax esa to‘qqiz yoshda.
Obid SHOFIYEV,
“Termiz universiteti” gazetasi bosh muharriri
Toshkenboy PARDAYEV,
tarix fanlari nomzodi