Bola tarbiyasiga kim javobgar?
Jamila opa tong g‘ira-shirasida o‘rnidan turib, ro‘zg‘or yumushlariga kirishdi. Turmush o‘rtog‘ini ishga, farzandlarini kollej va maktabga kuzata turib, o‘zi ham ishga otlandi. Manzilga yetmay, hali ish boshlamay turib, negadir uni charchoq bosdi. Mana, maktabga ham yetib keldi.
Muallim… Bu so‘zni tilga olganimizda, ko‘z oldimizga ulug‘vor qiyofa — ko‘zoynak ostidan boquvchi ma’noli ko‘zlar, sokin tabassum, go‘yoki butun olam tashvishi yelkasiga ortilgandek horg‘in bir qiyofa gavdalanadi. Nega u hamisha toliqqan ko‘rinadi? Ta’lim-tarbiya berishdek yuksak mas’uliyatli vazifadan tashqari o‘qituvchi zimmasiga yana nimalar yuklatilgan ekan?
U darsni o‘quvchi davomatidan boshladi. Navbatchi hisobotiga ko‘ra, darsda yana Anvar yo‘q.
— Kecha otasi va’da beruvdi, ertaga yuboraman, deb. Sen birrov uyiga kirib o‘tmadingmi? — dedi Jamila opa Sirojiddinga qarab.
Sirojiddin ming‘irladi:
— Ustoz, men unikiga siz aytganingiz uchun bordim, ammo onasi meni haqoratladi, uyidan haydab soldi.
— Nega? Sening aybing nima?!
— Bilmadim... “Ko‘rganlaring — Anvar! Bor, ustozingga ayt, osmon qo‘lida bo‘lsa, tashlab yuborsin! Sendaqa yugurdakdan o‘rgildim”, deb baqirib berdi. Chiqib ketayotib nimani ko‘rdim, aytaymi, derazadan tilini chiqarib meni mazax qilgan Anvarni ko‘rdim, — Sirojiddin shunday dedi-yu, alamidan yig‘lab yubordi.
Jamila opa uni yupatgani so‘z topa olmay jim bo‘lib qoldi. Nima ham desin? Esiz, vaqtliroq uydan chiqib, Anvarlarnikiga kirsa bo‘lar ekan. Anvar Sirojiddinning ustidan kulgani nimasi? Onasining haqorat qilgani-chi! Yana ota-onasiga telefon qilishi kerak.
— Hozir ketdi maktabga! — Jamila opaning so‘zi tugamasdan go‘shakning “tu-tu”lagani eshitildi.
Ozgina bo‘lsa-da, tinchlangan ustoz darsni boshladi. Lekin muallimaning kayfiyati o‘quvchilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan shekilli, bari xomush. Ularni chalg‘itgan bo‘lib, uy vazifalarini tekshira boshladi. Ikkinchi soat ham tugadi, ammo Anvardan darak yo‘q. Yana qo‘ng‘iroq qilishga chog‘langan paytda navbatchi direktor chaqirayotganini aytib qoldi. Anvar masalasida-yov. Jamila opaning xavotiri rostga aylandi.
— Eplasangiz sinfga rahbarlik qiling-da! Komissiya kelyapti! Nima deb javob berasiz? Siz uchun ishdan ketish niyatim yo‘q! Bilib qo‘ying, davomatingiz uchun menga gap tegsa, bir kun ham ishlatmayman. Meni dars-parsingiz qiziqtirmaydi, progulchingizni topasiz!
Ukasi tengi rahbar oldida izza bo‘lgan Jamila opa o‘zini oqlolmadi, ammo direktorning vajohatini ko‘rib, fikridan qaytdi. Bunga faqat sinf rahbari aybdormi? “Nega hamma mas’uliyat sinf rahbariga yuklatiladi? Nega bola tarbiyasiga e’tiborsiz ota-onaga biror chora qo‘llanilmaydi, qani adolat?”.
Noiloj aybdorning onasiga yana qo‘ng‘iroq qildi, biroq javob bo‘lmadi. Ishdan so‘ng muallima mahalla chekkasida yashovchi Anvarning uyiga yo‘l oldi…
* * *
Bola uyida yo‘q. Ona Jamila opaga bobillaydi. Mahalla kompyuterxonalaridan ham o‘quvchini topolmadi. Maktabga qaytib ketayotib, shu mahallada yashovchi bir bolaga duch keldi. U Anvarning o‘zidan katta o‘rtog‘i borligi, ko‘pincha uning uyiga borishini aytib qoldi. Ustoz aytilgan manzilga bordi. Anvar shu yerda ekan. Muallima uni uyiga olib keldi. Bir kunlik vaqtini qidiruv bilan o‘tkazgan ustozga ota-onasi bilan tortishish ortiqchalik qildi. Tartibga chaqirish-dan natija chiqmasligini bilgan Jamila opa mahalla raisiga murojaat qildi: “Hamma o‘z ishini bilib qilsin”, dedi oqsoqol. Bu pisandada bir o‘zi kurashib charchagan ustozga xayrixohlik bor edi. Tartibbuzar o‘smirni faollar insofga chaqirmasa, g‘avg‘olardan o‘zini olib qochsa, oqibati nima bilan tugaydi? Bebosh o‘smir qancha-qancha sochlarni oqartirib, maktabni ham tugatdi, deylik, keyin-chi? Uyida tantiq, erkatoy bo‘lib o‘sgan bolaning taqdiri qanday kechadi? Uni yoshligidan nazorat qilgisi kelmay, sinf rahbariga “yukini ortadigan” ota-ona buni his qiladimi? Sen menga tegma, men senga tegmayman qabilida ish tutgan mahalla-ko‘y o‘sha tanbal yigitni katta bo‘lgandan so‘ng qanday tarbiyalaydi?
Bahs-munozarali savollarning cheki yo‘q. Ammo kimdan javob olamiz? Bola tarbiyasiga javobgar kim. Hamma baralla “Men” deganda edi…
Dildor NURMUHAMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi