San’atimizning tub ildizi
Agarda baxshilar bo‘lmaganida, xususan, qashqadaryolik baxshilar sardori Qodir baxshi bo‘lmaganida men san’at yo‘lini, san’atda esa bu yo‘lni tanlamagan bo‘lar edim. O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi Boltayevning termalarini aytib tanglayim ko‘tarildi. Elga tanildim. Ammo keyingi paytda, ochig‘i, ko‘nglimiz biroz cho‘kib yurar edi. Negaki, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘liday, Ergash Jumanbulbulday baxshilarni bergan Zomin-u Nurota tizmalari atroflarida baxshilar ovozi eshitilmay qo‘ydi. Baxshilar Surxon va Qashqadaryo to‘ylaridagina o‘z ijodini ko‘rsatib qolgan edi.
Ammo ming shukrki, xalqning bemisl san’atini Prezidentimiz qayta tikladi. Ko‘plab san’at ahli nomidan u kishiga ming rahmat deyman! Avvalo, Termizda baxshilar maktabiga asos solindi. Mana endi, olamshumul, dunyoga ovozasi ketadigan festival ostonasida turibmiz. Baxshilarga bo‘lgan e’tibor xalqqa, uning ko‘ngliga bo‘lgan e’tibordir.
Bugun san’at yo‘lini tanlayman deb kelayotgan yoshlarimiz kimga ergashishi, kimning yo‘lini tanlashi kerak, degan savol mana o‘z javobini topdi. Bizga begona bo‘lgan yevropacha, amerikacha ohanglarga javob bera oladigan, ulardan baland bo‘lsa, baland, ammo kam bo‘lmagan shunday noyob san’atimiz o‘z qaddini ko‘tarayotganidan juda xursandman. Birgina misol, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri artisti Beknazar Nurmuhammedov degan yigit baxshichilik va opera san’atini omuxta qilib qo‘shiq kuylamoqda. Bu ham do‘mbiraning, azaliy san’at bo‘lgan baxshichilikning hosilidir.
Xalqaro baxshichilik festivalining bardavom bo‘lishini yurak-yurakdan istab qolaman.
Mahmud NAMOZOV,
O‘zbekiston xalq artisti