Katta xalqning belgisi
Biror-bir inson ulug‘ tog‘lar qoshidan befarq o‘tib ketolmaydi. Yuksak cho‘qqilarga termuladi, hayratga ko‘miladi, unga beixtiyor talpinadi. Sababi, balandlikka intilmoq insonning tabiatida bor. Va asosiy sabab, shu tog‘larda insonga kerak bo‘lgan hamma narsani topish ham mumkin: o‘tin, yegulik, boshpana, dildan g‘uborlarni ketkazuvchi hayrat va hokazo... Ana shu tog‘larda bir malham narsa ham bor. Uning nomi — mo‘miyo! Ming bir dardlarga shifo bo‘lgan mo‘miyo bor qoyalar qatida. Bu malhamni oyog‘i singan kiyikkina kelib, tili bilan yalab dardiga shifo topadi. Qattol ovchining o‘qidan yarador bo‘lgan bo‘rigina shu odam oyog‘i yetmas joylarga amallab yetib kela oladi va o‘z yarasini mo‘miyodan yeb tuzatadi. Mergan esa omadi kelib qolsa, mo‘miyoni otib oladi. Yoki yuragi dov bersa, beliga arqon bog‘lab yuqoridan pastga osilib tushib, mo‘miyoga egalik qiladi. Bu ne’mat agar hammaning qo‘li yetadigan joyda bo‘lganida, allaqachon toptalib ketgan, balki butkul yo‘qolib ketgan ham bo‘lar edi. Metin qoyaning bag‘ridan ko‘z ilg‘amas, fizika qonunlariga zid ravishda sizib chiqadigan mo‘miyo toshni yorib chiqa olgani bilan ham qadrli, shifoli...
El ham shu yuksak tog‘larga o‘xshaydi. Xalq ham shu baland qoyalardek doimo bor, bardavom. Uning bag‘ridan sizib chiqadigan mo‘miyo esa boshqacharoq tarzda paydo bo‘ladi. Nomi ham boshqachadir uning. Bu — shubhasiz el ichida kamolga yetgan baxshilardir. Baxshilar ham ana shu mo‘miyo yanglig‘ elning dardini oladi. Baxshining joni xalqining ichida bo‘ladi, xalqning dardi baxshining bo‘g‘zini kuydirib turadi mudom. Shu sababli ham el hamisha baxshining tomonida bo‘ladi. “Baxshili el — yaxshili el”, degan so‘zning yoshi ham baxshi do‘mbirasining yoshiga tengdoshdir. Ulug‘ Qodir baxshi aytganidek, mardni qirq shahar bergandek alqab, nomardni qirq qamchi urgandan battar qilib, o‘zi o‘ziga sig‘may, toshqinib kuylovchi baxshilar chin ma’noda o‘zbek degan katta xalqning dahosi hosilasidir. Bu baxshilar ming-ming genlar uyushib kelgan pallada ham xalq botinida, uning tomiridagi oqayotgan qonida o‘lmay kelganlar.
Jahon adabiyotida ilk shoir hisoblanuvchi yunonistonlik Gomerning aytimlaridan ko‘ra qadimiyroq bo‘lgan o‘zbek xalq baxshilari san’ati ham nihoyat XXI asrga kelib dunyoga chiqadigan bo‘ldi. Jahonda o‘zbek degan xalqning ovozini, uning benihoya o‘ziga xos san’ati borligini bilmoqning imkoni keldi.
Shu o‘rinda bir kuzatuvimni aytib ketay. Prezidentimizning Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingan kundanoq odamlarimizda ayricha bir o‘zgarishni kuzatdim. Bugungidek axborot oqimi kuchli bo‘lgan davrda odamlarni yoppasiga jalb etish, aytish mumkinki, hayron qoldirish ancha mushkul. Ammo baxshilar festivali borasidagi qaror xalqimizga boshqacha ta’sir qildi. Ko‘pchilik Termizda o‘tkaziladigan baxshilar festivali haqida allaqanday to‘lqinlanib gapira boshladi. Kasbidan, yoshidan qat’i nazar, o‘zini o‘zbekman degan eldoshimiz borki, bu tadbir haqida gap ketganda befarq bo‘lmadi. Bu holatdan ich-ichimdan quvongan holda odil tabiatning bir qoidasini his qildim. Bu ham bo‘lsa, xalqqa o‘zining narsasini qaytarish kerak ekan, xalqqa qonida bor bo‘lgan, ajdodlardan meros va aziz xazinani taqdim etish lozim ekan, degan to‘xtamdir. Shunda odamlar o‘z-o‘zidan qon tortib, suyak surib, bir-biriga yaqinlashib qolarkan. Baxshichilik san’atiga bo‘lgan bu yuksak e’tibor ham yurtdoshlarimizda ana shunday hayajonni, qalb qa’ridagi shodlikni qo‘zg‘atib yubordi.
Bugun biz tilini, dinini, milliy timsollarini yo‘qotayotgan el-u xalqlar bilan bir havodan nafas olgan holda yashayapmiz. Shunday paytda bir narsani faxr bilan tilga olish mumkin. Bu festival o‘zbek xalqining, o‘z milliy dostoniga ega bo‘lgan millatning naqadar katta xalq ekanidan dalolatdir. Bu san’at bayrami milliy san’atga qanchalik katta va ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, milliy adabiyotga, milliy kinochilikka ham undan kam ta’sir qilmaydi. Buni sohaning fidoyilari o‘z vaqtida anglab olsalar, bas.
Bu festival nafaqat adabiyotning bir tarmog‘i bo‘lgan og‘zaki ijodning bir namoyishi, nafaqat milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi, balki xalqning haqiqiy milliy bayrami hamdir.
Bugun yer kurrasi anchagina notinchdir. Bugun odam o‘z farzandini ishontirib, ortidan ergashtirishi mushkul bo‘lgan bir qaltis vaziyat hukmron, desak qo‘shib-chatmagan bo‘lamiz. Shunday bir zamonda o‘tkazilayotgan bu kabi festivalning ahamiyati juda ham katta. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin. Yuqorida tilga olingan tarixiy qaror e’lon qilinmagunicha baxshilar, do‘mbira degan soz, doston-u termalar zamon texnikasining qoshida allaqanday mung‘ayib turgan edi, desak yolg‘on emas. Shunday noyob va bobomeros san’at borligini ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar unuta boshlagan edilar. Ularning ong-shuuriga yetib borayotgan begona sadolarni bosib do‘mbira va baxshi ovozi ham eshitilishi chinakam noyob holdir. Faqat va faqat ezgulikka chorlovchi baxshi nolasidan ta’sirlangan zamon farzandidan esa yomonlik chiqmaydi.
Amir Temur ordenli qadim Termiz shahrida qo‘r tashlagan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali tadbiri shu kabi ko‘plab fazilatlarni o‘zida jamlagani bilan ham qadrlidir.
Shodmonqul SALOM, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi