Bola mehnatga o‘rgansa...
Mehnatga ishtiyoq uyg‘otish, o‘z qo‘li bilan biror narsa yarata olishga qiziqtirish bola qalbida ijodkorlik, yaratuvchanlikni rivojlantiradi. Go‘zallig-u nafislik, sabr va qanoatni shakllantiradi. Bu borada amaliy fan o‘qituvchilarining o‘rni beqiyos.
Shayxontohur tumanidagi 324-maktabda amaliy (estetika) fanlar oyligi doirasida ko‘rgazmali darslar o‘tildi. Tumandagi maktablarda faoliyat yuritayotgan barcha amaliy (estetika) fanlar o‘qituvchilari ushbu tadbirda qatnashib, o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan badiiy chiqishlarni tomosha qildi.
Yig‘ilganlar “Yog‘och o‘ymakorligi”, “To‘quvchilik”, “Tikuvchilik”, “Dizaynerlik”, “Zardo‘zlik” to‘garaklari faoliyati bilan tanishtirildi. Ushbu to‘garaklarda texnologiya fani o‘qituvchisi Nafisa Hoshimova angi pedtexnologiyalar asosida dars o‘tib, o‘quvchilarni to‘garaklarga qanday qiziqtirayotganini ko‘rsatib berdi.
— Ayniqsa, qizlarimiz bugungi kunda dizaynerlik, to‘qish to‘garaklariga o‘zgacha qiziqish bilan qatnayapti. Bu ham mamlakatimizda yengil sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchayayotganidan dalolat, — deydi Nafisa Hoshimova mamnuniyat bilan.
Maktab o‘quvchilarining qo‘llarida yasagan buyumlarini ko‘rib, “inson qo‘li gul” degan ibora bejiz aytilmasligiga amin bo‘ldik.
N.XOLMETOVA tc "N.XOLMETOVA "