Sohibqiron mahobati
Orzu
Haykaltaroshlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri mahobatli (monumental) haykaltaroshlikdir. Hayotim davomida shu yo‘lda bir qancha asarlar yaratdim. Ular orasida buyuk bobomiz Amir Temurning Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda o‘rnatilgan haykallari ham bor.
Mahobatli haykal yaratishning mashaqqatli tomonlari ko‘p. Birinchidan, bizda bunday milliy maktab yo‘q. Qadimgi yodgorliklarimiz o‘tmishda bu soha yurtimizda juda taraqqiy etganidan so‘zlaydi. Musulmon san’atida inson tasviriga ruxsat berilmagani haykaltaroshlikka ham ta’sir qilgan. Yigirmanchi asrda esa bu san’at, asosan, o‘zga g‘oyalar targ‘ibotiga xizmat qildirildi. Mustaqillik yillari mahobatli haykaltaroshlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Sohibqiron obrazini yaratish azaliy orzum edi. Dastlabki eskizlar talabalik davrlarida, o‘tgan asrning 70-yillari pishib yetilgan. O‘shanda ilk bor Samarqandga borgandim. Shaharga kiraverishda bir tepalik bor. Undan o‘tgandan keyin bor-bo‘yicha yastanib yotgan afsonaviy shahar ko‘rinadi. Shu yerga yetganimda ulkan bir haykal ko‘z oldimga keldi. Tasavvurimda tepalik ustida qo‘lini duoga ochib turgan Amir Temur Samarqandga kiraverishda peshvoz chiqib turganday tuyuldi. Bu safardan ko‘p tassurotlar kutgandim. Lekin qadimiy shaharning ahvolini ko‘rib, og‘rindim. Bibixonim masjidining xarob holi, obida uzra uchib yurgan qora qarg‘alar xayolimni parchalab yubordi. Ammo bu orzu keyin yana bezovta qila boshladi
Ustaxonamga Rauf Parfi, Abdulla Oripov kabi do‘stlarimiz tez-tez kelib turardi. 80-yillardagi bir gurungimizda Abdulla akaga Amir Temur haykali haqidagi tasavvurimni aytgandim. Shunda shoir: “Hali Shahrisabzga Temur boboning haykalini ziyorat qilishga boramiz”, degandi. Shoir juda zakiy inson edi. Sohibqironga yodgorlik o‘rnatiladigan joylardan biri uning ota yurti Shahrisabz bo‘lishini o‘n yillarcha oldin ko‘ra bilgandi o‘shanda.
Sohibqironning qaytishi
Mustaqillikning ilk yili Samarqand shahar hokimligi Sohibqiron haykalini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Yigirma uch ijodkor orasidan tanlovda mening ishim birinchilikka loyiq ko‘rildi. Unda bobomiz Samarqandning markazida, juda baland ustun ustidan otda uchib o‘tib ketayotgandek tasvirlangan. Ustun ham haykaltaroshlikda o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Bu bilan Amir Temurning ruhi poki Samarqand osmonida hamon kezib yurganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandik. Biroq turli sabablar bilan qurilish boshlanmay qoldi.
Ko‘p o‘tmay, Toshkentda o‘rnatiladigan haykal uchun tanlov e’lon qilindi. Bunda ham haykaltarosh jiyanim Kamol Jabborov bilan oliy o‘rinni egalladik. Shundan beri birga ijod qilamiz. Qandaydir sabablar bilan Birinchi Prezidentimizga oliy o‘ringa loyiq ko‘rilgan haykal emas, boshqa namuna ko‘rsatilgan. Undan ko‘ngli to‘lmagan Islom Karimov bu obida haqida o‘z takliflarini beradi. Keyin o‘sha paytdagi mutasaddilar meni chaqirtirib, barcha eskizlarimni olib kelishimni tayinladi. Turkiya safaridan qaytayotgan prezidentni kutib olgani aeroportga chiqdik. Namunalarni ko‘zdan kechirar ekan, o‘zi kutgan ishni ular orasidan topa oldi. U hozir poytaxtimiz markazida o‘rnatilgan haykalga juda o‘xshash edi. Shunda Islom aka qo‘limni mahkam siqdi va ma’qul topgan eskiziga ishora qilib: “Ot minganmisan?”, deb so‘radi. So‘ng haykalga jilovni qanday ushlatish, qilich va qalqonning qay tarzda turishi haqida maslahatlar berdi.
Shunday qilib ish boshlandi. Haykalni joylashtirishda aniq hisob-kitoblarga asoslandik. Quyosh nurining haykal yuziga tushish burchaklarini ham hisobga oldik. Dastlabki variantda old tarafi Samarqandga, hozirgi kurant soatiga qaratilgan edi. Lekin keyinchalik yodgorlik yuzi Mustaqillik maydoni tarafga burildi. Bu uning ramziyligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi. Hammasidan ham Sohibqironning qo‘lini tasvirlash eng qiyini bo‘lgan. Haykalning asl g‘oyasi qo‘llar orqali ochib berilgan. Amir Temur chap qo‘li bilan otning jilovini ushlab, ikkinchi qo‘li bilan xalqqa murojaat qilayotgan holatda tasvirladik. Qo‘llar olg‘a ishora qilish bilan birga, murojaat mazmunini ham ifoda etishi uchun ko‘p kuch sarfladik. Har bir barmoqning holati ustida jiddiy ishladik. Bundan maqsad esa, buyuk sarkarda millatga qarata: “Xalqim, men qaytdim. Endi mustaqilsan, O‘zbekistoningni, o‘z erkingni qo‘ldan berma”, deyayotgandek tasavvur uyg‘otishi kerak edi. Bu g‘oya bundan yuz yillar keyin ham ahamiyatini yo‘qotmaydi. Shuning uchun ham bu obidalarni o‘z asarim deb atashga istihola qilaman. Ularni o‘z ko‘nglimni ifoda etadigan ishlarim bilan yonma-yon qo‘yolmayman. Bular — xalq uchun, uning g‘ururi, tarixi uchun qilingan ishlar. Ularni yaratishga hissa qo‘shganimni o‘ylab ko‘nglim tog‘day o‘sadi.
Yana bir sirni aytsam: dastlabki rejada haykal biroz kichik edi. Xiyobon atrofida daraxtlar o‘sishini va yodgorlikning yanada salobatli ko‘rinishini o‘ylab, tagkursini ham, haykalning o‘lchamlarini ham bir metrga balandlashtirganmiz. Ular bir xil masshtabda kattalashtirilgani uchun hech kimning e’tiborini tortmagan. 1994-yili Mustaqillik bayramida poytaxtimizdagi Amir Temur haykali xalqimizga tuhfa qilindi.
Haykal ham “so‘zlaydi”
1996-yil yurtimizda “Amir Temur yili” deb e’lon qilindi. Oldimizda Samarqand va Shahrisabzda ulug‘ jahongirga haykal o‘rnatish vazifasi turardi. Samarqanddagi haykalni tik turgan holatda tasvirlash taklif qilingandi. Lekin biz o‘tirgan holatini yoqlab chiqdik. Sohibqironning taxtini yaratish bir qancha muammolarni keltirib chiqarardi. Haykalning orqa tomonidan kelayotgan kishi taxtda kim o‘tirganini ko‘rolmay qolardi. Bu esa haykalning mahobatiga ta’sir qilmay qolmasdi. Samarqanddagi hozirgi yodgorlikda Sohibqiron yengil kursida omonat o‘tirgan holda tasvirlangan. Go‘yoki endi safardan qaytgan-u, boshqa bir harbiy yurishga shaylanib turgandek. Hali qilichini ham qo‘ldan qo‘ymagan. Yuzida ham allanechuk taraddud zohir bo‘lgan. Mamlakatni idora qilish, xalq g‘ami, muhorabalar orasida afsonaviy poytaxtida bir zum tin olgan-u, shu holati toshga muhrlangan. Qo‘llari qilichga tayangan, qilichni tutib turgan qo‘lning ustidan ikkinchi qo‘l — o‘sha mashhur (“Kuch — adolatdadir” deb yozilgan) uzuk taqilgan qo‘l bosib turibdi. Jahongirning bu holati “Saltanat ishining o‘ndan to‘qqiz ulushini mashvarat bilan hal etdim”, degan iqrorini so‘zlab turgandek.
Endigi vazifa ko‘hna Kesh zaminiga “o‘z farzandini qaytarish” edi. Shahrisabzga borganimda tog‘lar orasidan navqiron Temurbek chiqib kelayotgandek hayajonlandim. Buni boshqacha tasvirlab bo‘lmasdi. Dunyoga Sohibqironni bergan elga uning siymosini tik holatida tuhfa qilishni ko‘nglimga tugdim. Haykalni o‘ylashim bilan ko‘z oldimga Shahrisabz tog‘laridan qoyalar oralab potirlab qanot qoqib chiqayotgan burgut kelaverdi. Atrofga mag‘rur-mag‘rur qaraydi. O‘z tog‘lariga posbonlik qilib, xatarlardan himoya qiladi. Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur Turonga bostirib kelganda Kesh viloyati amiri yurtni tashlab qochadi. O‘shanda 24 yoshli Temurbek egasiz qolgan elni himoya qilib chiqadi. O‘lkaning tinchligini saqlab qoladi. Haykalning yuziga qarasangiz, u hali ham ogohlikni yo‘qotmagani sezilib turadi. Ammo bu 24 yosh yigitning qiyofasi emas. Barcha mahobatli asarlarda Sohibqironni bir xil qiyofada tasvirlaganmiz.
Shahrisabzdagi haykal uchun joy tanlash ko‘p tortishuvli bo‘lgan. O‘sha paytdagi rahbarlardan biri shaharga borib, Oqsaroyning orqa tomonidagi bir burchakdan joy ko‘rsatib kelibdi. Bu joy byust uchun ham noqulay edi. “Agar shu joyda haykal quriladigan bo‘lsa, boshqa haykaltarosh toping”, dedim mas’ullarga. Ular viloyat hokimiga uchrashishimni aytishdi. Hokim meni sovuq qarshi oldi. Unga vaziyatni tushuntirdim. “Sayohatga kelganlarni qo‘lidan yetaklab Oqsaroyning orqasiga olib borasizmi?” dedim. Hokim o‘sha vaqtdagi hukumat rahbarlaridan biriga qo‘ng‘iroq qilib gapimni yetkazdi. Oraga sukunat cho‘mdi. Bir necha daqiqadan so‘ng go‘shakdan ovoz keldi. “Mayli, u o‘zi qaysar odam. Qilmayman, desa, qilmay qo‘yaveradi. O‘ziga qo‘yib beraveringlar”. Keyin hokim mendan taklifimni so‘radi. O‘sha paytda Oqsaroyning old tarafidagi xiyobonda sovet davridan qolgan qandaydir soldatlar monumenti bor edi. Shuning o‘rnida qurmoqchiligimni aytdim. (Hozir u rahbarlarning hammasi bo‘shab ketgan. Lekin Sohibqiron haykali qoldi. U hali yana yuz yillar shu elning g‘ururini o‘zida mujassam etib turadi).
Islom Karimov Qashqadaryoga safari vaqtida Shahrisabzdagi maydonni ko‘zdan kechirdi. Xiyobon atrofi turarjoylar va dam olish maskanlari bilan o‘ralgan edi. Birinchi prezident haykalning hozirgi o‘rnini ko‘rsatib, yodgorlikni shu yerda o‘rnatish kerakligini tayinladi. Bu biz tanlagan joydan bir necha metr berida edi. Yillar o‘tib, atrofdagi ko‘p qavatli binolar buzib tashlandi. Ularning o‘rniga katta yo‘llar tushdi. Hozir shaharga kirganingizdan sizga Sohibqiron peshvoz chiqib turadi. Keyinchalik rahmatli birinchi rahbarimiz bu rejani avvaldan pishitganini tushundim.
Shunaqasi ham bo‘lgan...
Shahrisabzga haykalni ikkiga bo‘lib olib ketayotgan edik. Ayni qovun pishgan mahallar. Yo‘lda jamoa bilan qovun yeyishga to‘xtadik. Yuk mashina esa yo‘lda davom etdi. Biz ham qovunxo‘rlikdan so‘ng yo‘lga tushdik. Ellik-oltmish kilometr yurgandik, chamasi, yo‘lda oppoq bulutdek nimadir ko‘rindi. Borib qarasak, gipsdan ishlangan haykalning bosh qismi mayda-mayda bo‘lib ketgan. Ikki kundan keyin ochilishi kerak bo‘lgan yodgorlikning boshsiz qolganini eshitgan rahbarlar o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Chora izlab boshimiz qotdi. Shaharga tun qorong‘isida kirib keldik. Ammo mishmishlar bizdan avvalroq yetib kelgan edi. Shahar hokimi bizga alohida xona ajratdi. To‘rt kishi ishga kirishdik. Ikki kishi payvandlash bilan, ikki kishi gipslash bilan band bo‘ldi. Ammo el orasida turli gap-so‘zlar ko‘payib ketgandi. Hokimga “Amir Temur bobomiz ruhi o‘z haykalining tug‘ilgan shahrida tugallanishini istabdi, shekilli”, dedim. Bir yarim kunda ishni tugatdik. Haykal vaqtida ochildi. Hozir bu gaplarni birov bilmaydi. Eslasam, chekkan mashaqqatlarimizga arzirli asar yaratganimizdan ko‘ngil xotirjam bo‘ladi.
Qiyofani tasvirlash mashaqqati
Sohibqironning qiyofasini tasvirlash uning shaxsini diqqat bilan o‘rganib chiqishni talab qilardi. Chunki toshga ko‘chgan tasvir o‘sha shaxsning butun umrlik yo‘lini, maslagini, fe’l-atvorini ochib bera olishi kerak. Sohibqiron haykali esa shunchaki monument emas. U o‘z vaqtida siyosiy hodisa ham edi. Birinchi prezidentimiz sarkardaning asl shon-sharafini tiklashni maqsad qilgandi. Bu esa katta siyosiy kuchni talab qilishi bor gap. Buni ijodkor bir o‘zi uddalay olmas edi. Islom aka har bir haykalni yaratishda o‘z fikrlarini berib bordi.
Qiyofaga kelsak, biror namunadan to‘liq foydalandik deb ayta olmaymiz. Tarixchi Ibn Arabshoh Sohibqiron bilan uchrashgan. Uning yuz qiyofasini o‘z xotiralarida yozib qoldirgan. Ammo unda Turon amiri mo‘g‘ul hukmdoridek tasvirlangan. Rus olimi Gerasimov tomonidan (Sohibqironning bosh chanog‘ini o‘rganib) yasalgan qiyofa esa tamoman boshqacha. Suyak ustidagi etning bir santimetr siljishi inson suratida katta o‘zgarishlarga olib keladi. Gerasimov tasviri o‘sha davr siyosiy mafkurasi yo‘lida xizmat qilgan. Oldimizda Sohibqironning ma’rifatparvarlik, olijanoblik va bunyodkorlik kabi sifatlarini aks ettirish vazifasi turardi. Buning uchun birgina poytaxtimizdagi haykalni yaratish uchun 20 dan ortiq eskizdan foydalandik. Bu jarayon haykal yaratishdan ham qiyin kechgan.
* * *
Monumental asarlar ayni damdagi g‘oyalarni o‘zida mujassam etsa, uzoq yashamaydi. Haykaltarosh boshqalardan yuz yillar oldin yurishi kerak. O‘tkinchi g‘oyalarni toshga ko‘chirib, toshni ham, o‘zini ham qiynamasin. Asl asarlargina xalq bilan qolishga haqli. Buni tushunmaganlar, ijod zahmatini bilmaydiganlar bir haykalning qarshisida turib, buni qanday yaratishgan ekan, deb emas, bunga qancha to‘lashgan ekan, deb o‘ylaydi.
Umrim davomida dunyoning turli joylaridagi ulkan haykallarni ko‘zdan kechirdim. Boltiqbo‘yi, Kavkaz yerlarida monumental haykaltaroshlikning milliy maktablari bor. Bizning yurtimizda ham san’atning bu turi o‘z maktabini topishi kerak.
Ilhom JABBOROV so‘zlarini Suhrob ZIYO oqqa ko‘chirdi.