Аholini ro‘yxatga olish bosqichlarini bilasizmi?
Har qanday muhim ahamiyatga ega ishlar aniq va puxta ishlangan reja asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda 2022-yili o‘tkazilishi belgilangan aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbiri ham alohida tayyorgarlik, bilim va ko‘nikma, yetarlicha moddiy-texnik baza hamda inson mehnatini talab etadi. Shundan kelib chiqib, Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Konsepsiyaga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish:
— respublika darajasida;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida;
— tumanlar va shaharlar darajasida amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayoni xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda uch bosqichni o‘z ichiga oladi. Bu tayyorgarlik ko‘rish, aholini ro‘yxatga olish va olingan ma’lumotlarni qayta ishlash bosqichlaridir.
Birinchi bosqich 3 yilga yaqin vaqtni talab qiladi. Mazkur muddat davomida:
— aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi (hozir respublikamizda “Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlanmoqda);
— aholini ro‘yxatga olish dasturi, ro‘yxatga olish varaqalari blanklari, ro‘yxatga olish tadbirlarining metodologiyasi ishlab chiqiladi;
— sinov asosida aholi ro‘yxatga olinadi, uning natijalari tahlili asosida metodologik hujjatlar takomillashtiriladi;
— xaritalash ishlari, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalari tuziladi;
— aholini ro‘yxatga olish tadbirlarining avtomatlashtirilgan tizimi yaratiladi;
— axborot-tushuntirish ishlari o‘tkaziladi;
— moddiy-texnik ta’minot vositalari tayyorlanadi va (yoki) xarid qilinadi, shuningdek, ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkaziladi;
— ro‘yxatga olish uchastkalari bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanadi;
— ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlar o‘qitiladi va boshqa ishlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqich bevosita aholini ro‘yxatga olish bosqichi bo‘lib, konsepsiyada keltirilishicha, 10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladi. Bunda aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) aholini ro‘yxatga olishga doir birlamchi materiallar ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlash uchun tayyorlanadi, qayta ishlangan ma’lumotlar asosida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalar olinib, ular e’lon qilinadi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayoni shoshma-shosharlik bilan amalga oshiriladigan tadbir emas. Unga puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim, sarf-xarajatlarni minimallashtirgan holda mamlakat aholisi borasida maksimal aniq va muhim bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish talab etiladi. Bunga erishishda davlat hamda fuqarolarning aholini ro‘yxatga olish tadbiriga mas’uliyat bilan yondashuvi muhim ahamiyatga ega.
Dilnur A’ZAMOV, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi