Dunyodagi eng yosh shifokor
1993-yili Hindistonning Nurpur shahrida tug‘ilgan Akrit Yasval mamlakatdagi eng aqlli bola (IQ146) hamda jahondagi eng yosh shifokor hisoblanadi.
Bolaligidan tibbiy adabiyotlarni mustaqil o‘qishga qiziqqan Akrit 5 yoshidayoq anatomiyadan yetarli bilimga ega edi. Kunlarning birida uning qo‘shnisi — 8 yoshli qizaloq qo‘lini qattiq kuydirib oladi. Qizcha hilvirab qolgan barmoqlarini sira harakatlantirolmaydi. Shunda Akrit qo‘shni qizning barmoqlarini ajratib, yana joyiga solib qo‘yadi. Shunda barmoqlar yana harakatlana boshlaydi. Shu tariqa bo‘lajak shifokor 7 yoshida ilk jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.
Akrit 12 yoshida tibbiyot universitetiga qabul qilinib, 17 yoshida amaliy kimyo sohasida magistrlik darajasini oldi. Hozir u saratonga qarshi dori vositasini yaratish ustida ish olib boryapti. Uning o‘zi bu haqida shunday deydi: “8 yoshimdayoq saratonga qarshi dori vositasini topish haqda o‘ylay boshlaganman. Internet orqali bu mavzudagi ko‘plab adabiyotlar va maqolalarni o‘qib chiqdim. Mening uslubim saraton hujayralarini paydo qiluvchi noto‘g‘ri genlarni davolab, ularni fermentlarni faollashtirish hisobiga qayta tiklashdan iborat”.