Omon otaning maktabga sovg‘asi
O‘zbekiston tumanidagi 29-maktabga bundan 63 yil avval ushbu ilm maskanining 5-sinfini tugatib, taqdir taqozosi bilan poytaxtga ko‘chib ketgan faxriy avtotransportchi Omon ota Karimov 60 nomdagi badiiy kitoblar sovg‘a qildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashib, maktab jamoasi katta tayyorgarlik ko‘rganiga guvoh bo‘ldik.
Ilm maskaniga kirib borar ekanmiz, darvozadan boshlab to tadbir o‘tkaziladigan zalgacha kitobxonlikni targ‘ib etuvchi hikmatlar, xalq maqollari va gullar bilan bezatilgan.
Zaldan joy olgan kitobxon o‘quvchilar va o‘qituvchilar mehmonlarni qarsaklar bilan kutib olishdi. Maktab direktori Raxshonaxon Masharipova Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus, “Maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbir-ning ahamiyati xususida gapirdi. Maktabning sobiq o‘quvchisi Omon otaning o‘z pensiyasi hisobidan o‘quv maskani kutubxonasiga o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarini hadya etganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
O‘qituvchi va o‘quvchilar yig‘ilganlarni Vatan, mustaqillik, kitob haqidagi o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi she’rlar bilan qutladilar.
Tadbir tashabbuskori Omon ota Karimov so‘zga chiqib, maktab tarixi, ta’lim bergan ustozlarini xotirladi va o‘quvchilarga “Bolalarim, a’lo baholarga o‘qib, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirib yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shing!” deb xitob qildi.
Shu kuni maktabning yana bir sobiq bitiruvchisi, bugungi kunda poytaxtda bank sohasida ishlayotgan B.Sattorov ham so‘zga chiqib, o‘zi keltirgan kitoblarni kutubxonaga topshirdi.
Tadbirda Omon ota Karimovning sobiq sinfdoshlari E.Shomurodova va Z.Sotivoldiyeva so‘zga chiqib, o‘qigan davrlarini xotirladilar, bugungi dorilomon kunlar bilan taq-qosladilar.
Maqola tayyorlanayotganda maktab kutubxonachisi Musharraf Mahmudova qo‘ng‘iroq qilib tadbirning ertasi kuni sobiq bitiruvchilar tomonidan sovg‘a qilingan kitoblardan iborat ko‘rgazma tashkil etilganini aytdi. Maktabda ta’lim olayotgan 608 nafar o‘quvchining ota-onasi, mahalla faollari ko‘rgazmaga kelib, kitoblar bilan tanishdilar, nash-riyotlar tomonidan tashkil etilgan savdo-yarmarkasidan farzandlariga, maktab kutubxonasiga kitob olib berdilar.
Shavkat YOQUBOV, Xalq ta’limi a’lochisi