Kegeyli tumanidagi 39-maktabga bir kunda 200 ta kitob sovg‘a qilindi
Kegeyli tumanidagi 39-maktabga ham sobiq o‘quvchilar — Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti «Arxeologiya» kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi Salamat Sulaymanov, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Qoraqalpog‘iston bo‘limi vakili Musa Aljanov va Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nesibeli Mambetirzayeva kitob jamlanmalari bilan kelishdi.
Ular o‘zlari sevib o‘qigan o‘zbek, qoraqalpoq va jahon adabiyoti durdonalarining eng sara namunalarini o‘quvchilarga ulashishdi. Mehmonlar o‘quvchilar bilan o‘zi o‘qigan davr va bugungi sharoitlar haqida suhbatlashdi.
Shu kunning o‘zida o‘qituvchilar va o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan ham ko‘plab adabiyotlar maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
— Maktabimizni bitirib, bugungi kunda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan sobiq o‘quvchilarimizning “O‘zim o‘qigan maktabga mening kitob sovg‘am” aksiyasida faol ishtirok etayotgani yoshlarimiz uchun katta ibrat maktabi bo‘lmoqda, — deydi maktab direktori Joldas Sarshayev. — Bir kunning o‘zida kutubxonamiz ikki yuzga yaqin adabiyot bilan boyidi.
Paro‘azxan NURKASHOVA, 39-maktab kutubxonachisi