«Ma’rifat» bilimdoni» tanlovining navbatdagi g‘oliblari va aprel oyi uchun savollari
«Ma’rifat» bilimdoni» tanlovi orqali siz bilan yanada yaqin bo‘layotganimizdan mamnunmiz. Savollarga oilaviy javob izlayotganingiz, xalq maqollarini qaynona, momolaringiz bilan birga tahlil qilib, ma’nosini topayotganingiz haqidagi xabarlar bizni g‘oyat xursand qilmoqda.
Turli tushunmovchiliklarning oldini olish, mushtariylarga qulaylik yaratish maqsadida savollar gazetamizda chop etilgandan so‘ng www.marifat.uz sayti hamda @marifatmushtariylari “Telegram” guruhida ham berilmoqda. Javoblar esa info@marifat.uz elektron hamda @Charos_Burxon “Telegram” manzilida qabul qilinmoqda.
Mart oyida berilgan savollarning javoblari bilan tanishing:
1. Dunyodagi eng katta ensiklopediya — “Yevro-Amerika bezakli universal ensiklopediyasi” bo‘lib, 1 million 15 ming sahifadan iborat.
2. Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”ida “Balu-balu” so‘ziga qadimgi turkiy tilda “Onalar bolasini beshikda uxlatish uchun qo‘llaydigan alla o‘rnidagi so‘z”, deb ta’rif berilgan.
3. Har bir bog‘ o‘tin uchun 1 so‘mdan — 8 bog‘ga 8 so‘m to‘landi, deb bo‘lmaydi. Holbuki, ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Bu pul 8 bog‘ning uchdan bir qismiga to‘langan. Chunki olovdan uch kishi teng foydalangan. Bundan chiqadigan xulosa shuki, 8 bog‘ning hammasi 8x3=24 so‘m va bir bog‘ning bahosi 3 so‘m ekani chiqadi. Endi har qaysi ayolga qancha pul tegishini bilish oson. Ikkinchi ayol 5 bog‘ o‘tin uchun 15 so‘m olishi kerak. Ammo uning o‘zi o‘choqdan 8 so‘mlik foydalandi, demak, u 15-8=7 so‘m olishi kerak. Birinchi ayol o‘zining 3 bog‘ o‘tini uchun 9 so‘m olishi kerak. Agar bundan 8 so‘mni, ya’ni o‘choqdan foydalanish haqini chegirib tashlasak, 1 so‘m olishi kerak.
Savollarimizga birinchi bo‘lib Chiroqchi tumanidagi 8-IDUM direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Yarqulov to‘g‘ri javob yo‘lladi. G‘olibga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Xalqimizning otashqalb farzandi”, “Yodi hamisha yodda”, “Enayo‘l” hamda “Barxanlarda ungan gul” kitoblari taqdim etiladi.
Shuningdek, Shovot tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi Kamolot Rahimova, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi Gulchehra Ashurova, Xonqa tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi Azzatjon Azimova hamda Zomin tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi Akmal Nomozov ham ikkita savolga to‘g‘ri javob yo‘llagan. Tanlovda faol ishtirok etgan barchaga rahmat!
Aprel oyi savollari bilan tanishing:
1. “Kechqurun” so‘zidagi “qurun”ning ma’nosi nima?
2. Dunyodagi eng sho‘r ko‘l qayerda joylashgan?
3. Bu narsa miya saratonining so‘nggi bosqichini davolashga yordam beradi. O‘zbekistonda uni ishlab chiqarish va eksport qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Uni ayollar ko‘proq sevishadi va foydalanishadi.