Bolangizga kitob sovg‘a qiling!
Eh, kutubxona! Mo‘jazgina bag‘ringga shuncha kitobni sig‘dirib, ko‘z qorachig‘idek saqlab tursang-u, sendan foydalanuvchilar nega buncha sanoqli ekan-a?
“Kutubxona — nurxona”, “Kutubxona — bebaho xazina” kabi chiroyli jumlalarni ko‘p ishlatamiz. Kutubxonachilarimiz kutubxonalari haqida g‘ururlanib gapirishadi-yu, aslida kutubxonalari ko‘p vaqtlar huvillab qolganidan ko‘ngillari cho‘kadi. Xo‘sh, nega kutubxonalarga kitobxonlar kirmay qo‘ydi?
Bu masalada har kim o‘zicha fikrlaydi, kimdir “Kutubxonaga kitobxonlarni jalb qilish kerak, buning uchun kutubxonachi mas’ul”, desa, boshqasi “Internet bor-ku, xohlagan kitobni bir zumda topib o‘qish mumkin”, deydi.
To‘g‘ri, kutubxonaga kitobxonlarni jalb qilish, kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatish kutubxonachining vazifasi. U, avvalambor, shirinso‘z bo‘lmog‘i darkor. Ayrimlar kutubxonachining mehrli ko‘zlarini ko‘rish, uning qalbga yo‘l topa oladigan so‘zlarini eshitish uchun ham faol kitobxonga aylanadi.
Lekin men bu masalada oilaning o‘rni alohidaligini takidlamoqchiman. Farzand kitobxon bo‘lishi uchun ota-onaning o‘rni birinchi darajada turishi kerak. Biz, ota-onalar farzandlarimizning tug‘ilgan kuni yoki bayramlarda bejirim ko‘ylaklar-u qimmat poyabzal, zamonaviy telefon sovg‘a qilamiz-u, kitob sovg‘a qilmaymiz.
Kitobga qiziqmagan bolaga kitob sovg‘a qilgandan foyda yo‘q, baribir kitobni ochib ham qaramaydi, sababi, biz uni kitob o‘qishga o‘rgatmaganmiz. Farzandini kitobga qiziqtirish uchun ota-onalarning o‘zi kitobxon bo‘lishi kerak.
Ilgari ota-onalar farzandlari uyquga yotishidan avval qiziqarli kitob o‘qib berardi. Hozir-chi? Qo‘l telefonimizdan multfilm qo‘yib bera qolamiz. Bunga ishdan charchab kelganimizni yoki sevib tomosha qiladigan seriallarni ko‘rolmay qolishimizni sabab qilib ko‘rsatamiz.
Bolalarni kitobga qiziqtirishda ularga atalgan matbuot nashrlari, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar, ertak kitoblarning roli katta.
O‘zbekiston kitobxon mamlakatga aylansa, unda o‘z-o‘zidan ekstremizm, yolg‘onchilik, korrupsiya singari illatlar yo‘qoladi.
Laziza HAYDAROVA, Respublika bolalar kutubxonasi yetakchi mutaxassisi