Xalq kutubxonasi ochildi
Shu kunlarda yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan turli tadbir va aksiyalar yurtimiz bo‘ylab keng davom etmoqda. IIV Yong‘in xavfsizligi institutida o‘tgan “Kitobxonlik bizni birlashtiradi” xayriya aksiyasi ham ana shunday xayrli ishlarning bir qismi bo‘ldi.
Uchrashuvda Sergeli tumanidagi 2-, 3- va 285-maktablar o‘quvchilari, Chortoq, Al-Farg‘oniy va Yo‘ldosh mahallalari faollari, institut professor-o‘qituvchilari, kursantlari hamda turli sohalarda xizmat qilayotgan sobiq bitiruvchilar ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari kitob mutolaasi va kitobxonlikning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bugunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir doirasida joriy yilning mart-aprel oylarida institut kursantlari va yosh xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan to‘rt bosqichli “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng “Kitobxon shahar” loyihasi doirasida institut hududida aholi, ayniqsa, yoshlar foydalanishi uchun Xalq kutubxonasi ochildi. Unga ushbu ta’lim dargohini tamomlagan sobiq bitiruvchilar shaxsiy kutubxonalaridan kitoblar sovg‘a qildi.
Tadbir davomida Xalq kutubxonasi javonlari 700 ga yaqin o‘zbek va jahon adabiyotiga oid badiiy adabiyotlar bilan boyidi. Ular orasida sevimli adiblarimiz Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Muhammad Yusuf, Tohir Malik va jahon adabiyoti namoyandalarining asarlari borligi institut atrofida yashovchi bolalar va mahalla quvontirdi.
Xayriya aksiyasi doirasida Yong‘in xavfsizligi instituti professor-o‘qituvchilari Sergeli tumanidagi 2-, 3- va 285-maktablar o‘quvchilariga badiiy adabiyotlar jamlanmasini sovg‘a qildi.
Sherali ANVAROV, O‘zbekiston Respubliksi IIV Yong‘in xavfsizligi instituti matbuot kotibi, podpolkovnik
Farhodjon XOJAYEV, institut o‘qituvchisi, kapitan