Qo‘lyozmalar yonmaydi
Zamonaviy axborot texnologiyalari asrida insonlarning og‘irini yengil qiladigan hayratomuz texnik qurilmalarning rivojlanishi kishilarni hayotdagi zavqli mashg‘ulotlar, foydali ko‘nikmalar, nafaqat insonlar, balki biz uchun qadrli bo‘lgan buyumlar bilan muloqotdan tobora uzoqlashtirmoqda. Endi odamlar o‘zi bajaradigan yumushlarning aksariyatini “aqlli texnika”lar zimmasiga yuklagani kabi, qo‘lda yozishdek maroqli mashg‘ulot o‘rnini ham kompyuterlarga bo‘shatib berayotir.
Oramizda ko‘pchilik “Oxirgi marta qachon qo‘lda yozdingiz?”, “So‘nggi bor qachon o‘z kechinmalaringiz, tuyg‘ularingizni ruchka yordamida qog‘ozga tushirdingiz?”, degan savollarga tayinli javob berolmaydi. Chunki bugun kundalik hujjatlarni to‘ldirishdan tortib, biror asar yoki maqola yozishgacha — barchasi kompyuter yordamida bajariladi. Biror joyga hujjatni qo‘lda yozib borsangiz, kinoya bilan “kompyuteringiz yo‘qmi?”, deb kulib qo‘yishadi.
Aslida, insoniyatning savodi yozish orqali chiqqan. Eramizdan oldingi davrda 4000—3000-yillardayoq odamlar yoza boshlagan. Avvaliga mutlaqo tushunarsiz bo‘lgan yozuvlar asosida tasvirlar, harflar paydo bo‘ldi. Insoniyatning ongi rivojlangani sari yozuv vositalarini yaratishga bo‘lgan talab ortib bordi. Avvaliga yozish uchun qamishli popuklar, metall yoki suyakdan ishlangan perolardan foydalanilgan bo‘lsa, keyinroq ularnig o‘rnini g‘oz patidan qilingan peroli ruchka, toshqalam va avtoruchkalar egalladi. XIX asrning oxirlariga kelib, jahonda sharikli ruchkalar ommalasha boshladi.
Bugun esa ruchkalar o‘rnini kompyuterlar, zamonaviy gajetlar egallayapti. Oramizda “tayyor kompyuter turganda, qo‘lda yozishga nima bor?”, deydiganlar ham topiladi. Bunga balki erinchoqlik, balki sifatga bo‘lgan talab sababdir. To‘g‘ri, matnni kompyuterda terishning ijobiy tomonlari ko‘p. U harflarning bir tekis, chiroyli, tushunarli va o‘qishli bo‘lishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, unda so‘zlarni istagancha o‘chirib, qayta yozsangiz ham qog‘ozdagi kabi bo‘yalmaydi. Ammo...
Biz qanchalik kompyuter va zamonaviy gajetlarda yozishga odatlanmaylik, psixologlar ruchka va yondaftardan aslo voz kechmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Qo‘lda yozish — inson ruhiyati va miya faoliyati uchun juda foydali mashg‘ulot bo‘lib, alsgeymer (xotira yo‘qolishi) xastaligining oldini olishda muhim vosita hisoblanadi. Mashhur psixologlarning aytishicha, biz ruchka bilan qog‘ozga yozganimizda, tanamizda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lar ekan.
Diqqatni oshiradi
Inson biror matnni qo‘lda yoza boshlaganida bosh miyaning ma’lumotlarni tartibga solish va qayta ishlash xususiyatiga javob beruvchi qismi faollashadi. Natijada barcha keraksiz yumush va xayollarni bir chetga surib, bor diqqatni matnga qaratamiz. Kompyuterda yozganda esa xayolni bir joyga jamlash qiyin kechadi. Vashington universiteti psixologi Virjinya Berninger bu holatni quyidagicha izohlaydi: «Qo‘lda yozganda, har bir harf ayrim elementlar jamlanmasini yozishni talab etadi. Klaviaturada terganda esa shunchaki kerakli tugmani bosish yetarli». Bunda inson qaysi klavishni bosayotgani haqida o‘ylab ham o‘tirmay, xuddi avtomat kabi harakatlanadi.
Hissiyotlarga ta’sir etadi
Nima uchun psixologlar ko‘pincha insonlarga o‘z kechinmalarini aynan qo‘lda yozishni tavsiya etishlarini bilasizmi? Sababi oddiy. Gap shundaki, ayni shu jarayonda kishi ruhiyatidagi taranglik yengil bartaraf bo‘la boshlaydi. Xuddi shunday holat biror kitobni o‘qiganda ham sodir bo‘ladi. Ammo bu yerda gap elektron kitoblar haqida bormayapti. Faqat qo‘lda tutib o‘qilgan asarlargina miyani juda yaxshi tinchlantirish xususiyatiga ega.
Yana , psixologlar kundalik tutish va unga kechinmalarni yozib borish ham ruhiyatga ijobiy ta’sir etuvchi ajoyib mashg‘ulot ekanini ta’kidlaydi. Bu, ayniqsa, o‘smir yoshdagilar uchun foydali. Chunki bu yoshdagi o‘g‘il-qizlar ancha tajang, qaysar bo‘lib qoladi. Kundalik esa ularning o‘zlariga tashqaridan qarashlariga yordam beradi.
Umuman olganda, kundalik tutish — har qanday yoshdagi inson uchun kerakli va foydali odat. Kishi o‘zidagi salbiy kechinmalar, ruhiy iztiroblarini qog‘ozga yozish orqali ancha yengil tortishi ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan. Ammo faqat yomon narsalarni yozish shart emas. Hayotdagi yoqimli voqealar, kutilmagan quvonchli holatlarni yozib borish ham kishiga ijobiy hissiyotlarni qayta-qayta tuyish imkonini beradi. Muhimi, umrimizning yorqin lahzalarini qog‘ozga tushirish orqali uni bir umrga qalbimiz va xotiramizga muhrlaymiz.
Tasavvurni boyitadi
Inson qo‘lda yozayotgan vaqtida miyaning o‘ng yarim shari faollashadi. Mutaxassislarning aytishicha, u miyaning chap yarim shari kabi faqat mantiqqa emas, balki obrazli fikrlash, san’atni idrok etish hamda hissiyotlarga mas’ul. Bu matnning qanchalik ta’sirchan, ijodiy chiqishi o‘ng yarim sharning faolligiga bog‘liq deganidir. Nima uchun kompyuterda terilgan matnlarning ko‘pi taftsiz, quruq chiqishi ana endi tushunarli. Axir, kursorni topish, shriftni o‘zgartirish va boshqa vazifalar kompyuterda bajariladigan, kamiga ora-sira internetga ko‘z tashlash — bularning bari kishini ijodiy jarayondan chalg‘itadi. Ammo yoningizda faqat qog‘oz va ruchka tursa, miya ikkinchi darajali yumushlarga chalg‘imay, faqat yagona vazifasi — fikrlash va tasavvur bilan band bo‘ladi.
Ishonmasangiz, tajriba o‘tkazib ko‘ramiz. Qog‘oz va ruchka hamda kompyuterni shaylang. Bir xil mavzuda ikkita matn yozing: faqat birini kompyuterda, boshqasini qo‘lda. Ikkinchi matnni yozayotganda, birinchisiga ko‘z tashlamang. Shunchaki, xayolingizga kelgan fikrlarni yozing. Natijada bir-biridan farq qiladigan ikki xil matn paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lasiz. Marhamat, ularni solishtirib ko‘ring!
Savodni oshiradi
Oramizda ko‘pchilik qo‘lda yozganda xato qilib qo‘ysa, uni kompyuterdagi kabi maxsus tugmalar yordamida ortga qaytarish yoki o‘chirib yuborish imkoni yo‘qligini kamchilik deb hisoblaydi. Ammo aslida, bu bizning foydamizga. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, xatolarni o‘zimiz to‘g‘irlaymiz. Matnning avval qoralamasini yozib, barcha xatolarni to‘g‘rilab chiqqach, so‘ng uni oqqa ko‘chirish jarayonida savodimiz oshib boradi. Xatolarni qayta-qayta tuzatish orqali imlo qoidalari yod bo‘lib ketadi. Kompyuterda esa bularning barini “aqlli” funksiyalar bajaradi.
Og‘zaki nutqni rivojlantiradi
Ko‘pgina mashhur yozuvchilar kompyuter paydo bo‘lganidan keyin ham asarlarini qo‘lda yozishni davom ettirgan. Hozir ham haqiqiy ijodkorlar yozish jarayonida kamdan-kam hollardagina yuqori texnologiyalardan foydalanadi. Ular ko‘pincha asarni qo‘lda yozib tugatgandan so‘ng terishga beradi.
Mutaxassislarning aytishicha, yozishga uzoq vaqtgacha faqat harakatlantiruvchi omil sifatida qaralgan. Biroq zamonaviy tadqiqotlar natijalari yozish nafaqat harakat, balki zehn, eng muhimi, og‘zaki nutq bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Aniqrog‘i, qo‘lda yozish jarayonida og‘zaki nutq ham rivojlana boradi.
Vashington universiteti olimlari qo‘lda yozadigan talabalar kompyuterda ishlaydiganlaridan ilg‘orroq ekanini o‘z tajribalarida isbotlagan. Bunday yigit-qizlarning so‘z boyligi yaxshi rivojlangan, husnixati chiroyli, fikrlashi izchil bo‘ladi, deydi universitet professorlari.
Psixologlarning ta’kidlashicha, kalligrafiya (husnixat) nafaqat nutqni shakllantiradi, shu bilan birga, tushkunlikdan xalos etish xususiyatiga ham ega. Bu holat ko‘pincha telefonda suhbatlashayotgan vaqtda qog‘ozga nimalarnidir chizib, o‘zimizni shu orqali tinchlantirgan paytda ko‘zga tashlanadi.
Shu o‘rinda, “bir kunda necha marta qo‘lda yozish kerak?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Psixologlar bu borada qat’iy chegara qo‘ymaydi. Axir, biz qancha o‘qish, o‘ylash, haftada necha marotaba madaniyat maskanlariga borish haqida boshqalardan so‘ramaymiz! Bu ham xuddi shunday. U har kimning shaxsiy ehtiyojiga bog‘liq.
Miya faolligini uzaytiradi
Psixologlar ruhiy tashxis o‘tkazganida, insonning holatidan tashqari, og‘zaki va yozma nutqi qanchalik me’yorda ekanini ham tahlil qiladi. Bemordagi ayrim ruhiy og‘ishlarni aniqlash uchun, odatda, qo‘lda to‘ldirishga anketa beriladi. Zero, og‘zaki va yozma nutqning me’yorda bo‘lishi sog‘lomlikning muhim belgilaridan hisoblanadi. Agar inson qo‘lda umuman yozolmasa, bu uning aqliy rivojlanishida jiddiy muammolar borligidan darak. Axir, oddiy jumlani yozish uchun ham so‘zlarni eshita olish, tovushlarni farqlay bilish, harflarning obrazini eslab qolish va ularni yozishda qo‘llarni to‘g‘ri harakatlantirish kerak-da! Shu bois, yozma nutq murakkab ruhiy jarayon bo‘lib, shaxs ruhiyatida muhim o‘rin tutadi.
Mutaxassislarning aytishicha, inson qo‘lda yozgan vaqti asosiy ishni ko‘zi emas, miyasi bajaradi. Axir, qo‘l o‘z-o‘zidan harakatlanmaydi-ku!
Miya shunchaki yozganda emas, balki yozish vaqtida zarur darajada fikrlash jarayonida rivojlana boradi. Miya o‘ng yarim sharining ruhiy vazifalari yaxshiroq harakatlana boshlaydi. Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda bu jarayon kattalarga nisbatan tezroq kechadi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.