Kitobxonlikning o‘tmishi va buguni
23-aprel jahon madaniyati tarixida muhim sana hisoblanadi. Bu kuni Shekspir, Servantes, X.K.Laksness, Moris Dryuon kabi buyuk ma’rifatparvarlar tavallud topgan yoki bu dunyoni tark etgan. 1995-yili Parijda o‘tgan yirik xalqaro konferensiyada UNESCO dunyo ahamiyatiga molik va uzoq kutilgan ajoyib tashabbus bilan chiqdi. Xalqaro tashkilotning jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk yozuvchilar xotirasiga 23-aprelni “Xalqaro kitoblar va mualliflik huquqi kuni” deb e’lon qilish haqidagi taklifini konferensiyaning barcha ishtirokchilari bir ovozdan ma’qulladi.
Ushbu sanada jahon ahli nafaqat kitoblarni saqlash, balki kitob sanoatini rivojlantirish, yozuvchilik sohasida ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘ymaslik va mualliflik huquqini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratadi.
Kitobning insoniyat taraqqiyoti, aqliy rivojlanishidagi roli va o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Turli xalqlar madaniyati va an’analaridan so‘zlovchi kitoblar vaqt va makonni birlashtirib turadigan, ajdodlarni avlodlar, tarixni kelajak bilan bog‘laydigan qadim ko‘prikdir. Ularni o‘qigan inson borki, bilimlar xazinasidan o‘ziga muhim ma’lumotlar bilan birga, ma’naviy ozuqa oladi.
Kitoblarning paydo bo‘lish tarixi yozuvning yaratilishi va shakllanishi bilan uzviy bog‘liq. Ilk yozuv materiali va quroli, yozuvning o‘ziga xosliklari va tuzilish xususiyatlari, o‘z navbatida, kitobning tuzilishini ham belgilab berdi. Qadimgi Misr, Rim, Yunoniston va Markaziy Osiyoda odamlar avvaliga yozish uchun tosh, palma barglari, sopoldan foydalangan bo‘lsa, keyinchalik — miloddan avvalgi 3-4-mingyilliklarda Nil sohildagi botqoqliklarda o‘suvchi qamish poyasidan tayyorlangan papirus — qog‘ozlarga yozish urfga kirdi. Manbalarda keltirilishicha, qog‘oz ma’nosini anglatuvchi inglizcha “paper” so‘zi “papirus” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, o‘sha davrda Sharq mamlakatlari, Qadimgi Rim va Yunonistondagi ko‘pgina nodir asarlar papirusdan tayyorlangan qog‘ozlarga bitilgan.
Qadimgi rimliklar ham kitob yozishda asosan papirusdan foydalangan. Mashhur tarixchi Herodotning “Tarix” asarida qog‘ozni ham, yozuvni ham Gretsiyaga finikiyaliklar keltirgani yozilgan. Unga qadar greklar va rimliklar yozish uchun daraxt po‘stlog‘i, palma yaproqlari va boshqa materiallardan foydalangan. Shu bois, bu mamlakatlarda yozish uchun mo‘ljallangan papirus finikiyaliklarning port shahri — “Biblos” nomidan kelib chiqib «biblion», kitob uchun mo‘ljallangan papirus esa «biblos» deb atalgan.
O‘sha kezlari papirusdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi juda oddiy bo‘lib, uni ishlab chiqarish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmagan. Biroq bunday qog‘oz tez uqalanib ketgani bois, uni taxlab qo‘yishning imkoni bo‘lmagan. Keyinchalik misrliklar kitobni avvaliga o‘ram holida bog‘lash, keyin esa saqlash qulay bo‘lishi uchun alohida o‘ram holida yelimlashni o‘ylab topdi. Ularning mana shu ixtirolari tufayli kelajak avlod qadimgi kitoblarni o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Qadimiy kitoblar haqida gap borganda, ularning bugungacha saqlanib qolgan namunalari ko‘pchilikni qiziqtiradi. Insoniyat taraqqiyotining turli davrlarida yuz bergan bosqinlar tufayli dastlabki kitoblarni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan esa-da, keyingi davrlarga oid asarlar eng qadimgi kitoblar sifatida qayd etilgan. Xususan, Gretsiyadagi Abusir ibodatxonasidan topilgan, beshinchi avlod hukmdori Neferirkar Kakai davriga taalluqli hisob ilmiga oid kitoblar eramizgacha bo‘lgan 2400-yillarda yozilgan bo‘lib, yer yuzidagi dastlabki manbalardan sanaladi. Ushbu topilma 1950-yili papiruslar kolleksiyasi bilan shug‘ullanadigan bir kishi tomonidan Britaniya muzeyiga keltirilgan. Hozir u 1950,0209.1.9 raqami bilan Londondagi Britaniya muzeyining qadimgi Misr va Sudan bo‘limida saqlanmoqda.
Antik davrga kelib, kitoblarning ko‘rinishi sezilarli darajada o‘zgardi. II–IV asrlardan boshlab qadimgi Rimda xuddi hozirgi kitoblarning varaqalari singari buklanib, tikib tayyorlangan va bir-biriga biriktirilgan muqovali kitob — kodeks paydo bo‘ldi. Og‘ir va beso‘naqay bunday kitoblar dastlab papirus, so‘ng pergament(teri)ga yozilgan. Ularning muqovasiga o‘ziga xos bezak berilgan. Qadimgi gretsiyalik Timofey Miletskiyning eramizgacha bo‘lgan 450—360-yillari yozilgan “Eroniylar” dostonining tashqi bezaklari ham juda qadimiyligi bilan ajralib turadi.
Qadimiy yodgorliklardan yana biri shumer xalqiga tegishli “Gilgamish” dostonidir.
U shumer adabiyotining yuksak namunasi bo‘lib, eramizdan avvalgi XVIII–XVII asrda yaratilgan. Dostonning loytaxtalar va qadimgi misr papiruslari po‘stlog‘ida saqlangan eng qadimgi nusxasi Nineviyadagi Ashurbanipal kutubxonasidan topilgan.
Daosizm asoschisi Lao Szining “Dao De Szin” asari ham bizgacha yetib kelgan va bambukka yozib qoldirilgan qadimgi kitoblardan sanaladi.
2003-yili Bolgariya milliy muzeyida yana bir eng qadimiy kitob taqdimoti o‘tkazildi. Oltita nafis oltintaxtaga tushirilgan asar etrusklar tilida yozilgan bo‘lib, olimlar hanuzgacha uni o‘qiy olmagan. Kitobda tasvirlangan otliqlar, suv parilari va qurollangan odamlar tasvirlarini tushunishning ham imkoni bo‘lmadi. Muzey direktori Bojidar Dimitrovning so‘zlariga qaraganda, londonlik mutaxassislar kitobning asl nusxa ekanini tasdiqlagan. Qadimgi qo‘lyozmaning yoshi 2,5 ming yildan ortiq bo‘lib, 67 yil oldin Bolgariyadagi Strum daryosi sohillaridagi qabrdan topilgan. Nodir asarni muzeyga makedoniyalik 87 yoshli bir kishi topshirgan.
Qog‘ozning kashf qilinishi kitobat tarixida yangi davrni boshlab berdi. Buddaviylarning 1377-yili yozilgan “Chikchi” kitobi daftar qog‘oziga matn tarzida tushirilgan eng birinchi nashrlardan hisoblanadi. U harakatlanuvchi metall shriftda bosilgan birinchi kitob sifatida ham qayd etilgan. Oradan 80 yil o‘tib, 1450-yildagina germaniyalik ixtirochi Iogann Guttenberg matbaa uskunasini kashf etib, kitoblar chop eta boshladi.
Keyinroq, odamzodning ongi rivojlanib, dunyo haqidagi tasavvuri boyigach, ilmiy kitoblar yaratila boshlandi. Ularda Oyning qachon tutilishi, Quyoshning qachon chiqishi-yu botishi, eng baland tog‘ning cho‘qqisi va boshqa astronomik hodisalar borasidagi farazlar, mulohazalar qayd etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tmish ham, bugun ham, kelajak ham kitoblarda mujassam. Kitoblar qadim zamonlarda jamiyat hayotida qanchalik muhim o‘rin tutgan bo‘lsa, hozir ham o‘z qiymatini zarracha yo‘qotmagan. 23-aprel — Xalqaro kitoblar va mualliflik huquqi kunida tashkilotchilar ana shu haqiqatni yana bir bor insonlar yodiga solishga intiladi.
Bugun ushbu sanani nishonlaydigan mamlakatlar soni yil sayin ko‘paymoqda. Har yili shu kuni UNESCO va boshqa yirik tashkilotlar tomonidan biror mavzu tanlanadi va barcha davlatlarda shu mavzu doirasida kitob yarmarkalari, adabiyot kechalari, ko‘ngilochar tadbirlar, ko‘rgazmalar, mutolaani targ‘ib etuvchi aksiyalar, yosh avlod o‘rtasida bilimlar bellashuvlari tashkil etilib, unda mashhur yozuvchilar va havaskorlar o‘z ijod namunalarini keng omma e’tiboriga havola qiladi. Tadbirlarda eng mashhur asarlardan kichik parchalar ijro etiladi.
Shu kuni UNESCO shtab-kvartirasida ham katta bayram tadbiri o‘tkaziladi. Unga mashhur yozuvchilar taklif etilib, yoshlarga seminar darslari o‘tadi. Shuningdek, xalqaro tashkilot “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun” mukofotini joriy etgan bo‘lib, bayramda u o‘z egalariga tantanali topshiriladi.
2001-yildan buyon Xalqaro kitoblar va mualliflik huquqi kuni arafasida UNESCO hamda uchta yirik xalqaro tashkilot — Xalqaro noshirlar Ittifoqi, Kutubxonalar assotsiatsiyalari va tuzilmalari xalqaro federatsiyasi va Kitob savdosi xalqaro federatsiyasi vakillari kitobxonlikni targ‘ib etish taklifi bilan chiqqan davlatlar orasidan eng munosibini tanlab, unga bir yilgacha “Xalqaro kitoblar poytaxti” maqomi beriladi. Shu vaqtgacha ko‘plab davlatlar, xususan, Madrid, Aleksandriya, Nyu Dehli, Monreal, Bogota, Bayrut, Buenos Ayres, Bangkok, Afina kabi shaharlar bu sharafli nomga sazovor bo‘lgan.
Ushbu bayramning yana bir o‘ziga xos an’anasi bor. Ma’lumotlarda aytilishicha, 1931-yili Barselonada kitob xarid qilganlarga atirgul sovg‘a qilingan. Keyinchalik bu an’ana 23-aprel sanasiga ko‘chib, har yili Xalqaro kitoblar va mualliflik huquqi kunida kitob xarid qilganlarga atirgul va sovg‘alar berish odat tusiga kirgan.
Aslida, kitoblar nafaqat bayram sanasida, balki har kuni millionlab insonlarni ezgulik g‘oyasi ostida birlashtiradi. Buni yurtimiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda kitobxonlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, o‘quvchilar uchun tashkil etilgan kutubxona-avtobuslar, yoshlar orasida o‘tkazilayotgan kitobxonlik tanlovlarining bari mutolaa madaniyati o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketganini yana bir karra tasdiqlaydi.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.