To‘garak tashkil etayotgan o‘qituvchilar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusni ilgari surgan edi. Mazkur tashabbuslar o‘chog‘i bo‘lib esa maktablar xizmat qilishi lozim.
Mazkur tashabbuslar doirasida maktablarning infratuzilmasidan maqsadli foydalanish uchun madaniy, sport va fan to‘garaklari tashkil etiladi. To‘garaklarni tashkil etgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish esa, to‘garaklarni samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ta’lim muassasalarida madaniy, sport va fan to‘garaklarini samarali tashkil etish hamda o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi, deyiladi vazirlik axborot xizmati bergan xabarda.
Qaror bilan maktablarda pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatda pullik ta’lim xizmatlari maktabda zarur moddiy-texnik baza hamda tegishli pedagog xodimlar mavjud bo‘lganda yoki mutaxassis jalb etilib tashkillashtirilishi mumkinligi belgilangan. Bu kabi ta’lim xizmatlari o‘quv dasturi bo‘yicha o‘quvchiga beriladigan ta’lim-tarbiya jarayoniga xalal bermasligi kerak.
Maktablarda tashkil etiladigan ta’lim xizmatlari o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida shartnoma asosida ko‘rsatilishi belgilanmoqda. Asosiysi, direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni pullik ta’lim xizmatlariga majburiy jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim xizmatlari narxlari Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. To‘lovlar belgilangan tartibda banklar orqali maktabning hisob varaqlariga naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Kam ta’minlangan oila farzandlari uchun narxlar umumiy to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Pullik xizmat ko‘rsatishdan kelib tushadigan mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga yo‘naltiriladi. Bu esa o‘qituvchilarning mehnatini rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Mazkur hujjat maktablarda qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlaydi. Shu bilan birga o‘quv muassasasining infratuzilmasi va ta’minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha mablag‘ topish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Xalq ta’limi muassasalarini byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Qaror bilan Xalq ta’limi muassasalarini byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom xalq ta’limi tizimidagi muassasalarning ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan, o‘quvchilar uchun tashkil etilgan pullik xizmatlardan, homiylik, grant va boshqa mablag‘lar hisobidan shakllantirilgan byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘laridan samarali va to‘g‘ri foydalanishni tartibga soladi.
Xalq ta’limi muassasalarining ko‘chmas mulkini belgilangan tartibda berishdan tushgan mablag‘, o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) bilimlar bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim berishga qaratilgan mashg‘ulotlardan olingan foyda, faoliyat turi bo‘yicha ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari va boshqa qonun hujjatlari bilan ta’qiqlanmagan mablag‘lar xalq ta’limi muassasalarini jamg‘armasi mablag‘larining manbasi hisoblanadi.
Xalq ta’limi muassasalarining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari faqat tasdiqlangan daromad va xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan maqsadlar uchun yo‘naltirilishi mumkin.
Bundan tashqari, muassasa rahbariga byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘larini Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda erkin tasarruf etish, shu jumladan jamg‘arma daromadlarining jami summasidan 10 foizini o‘z moddiy rag‘batlantirishi uchun yo‘naltirish huquqi taqdim qilinadi.
Shu bilan birga, muassasaning bo‘sh turgan ob’ektlaridan hamda boshqa mavjud imkoniyatlardan samarali va oqilona foydalanish orqali muassasaning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Bu esa o‘z navbatida, yosh avlodni tarbiyalashda hamda o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishga imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur qarorlarning samarali amaliyotga joriy qilinishi ota-onalardan ta’lim muassasalarida noqonuniy yig‘imlarni bartaraf etishga ham ko‘mak beradi.