Urganchda xalqaro konferensiyasi boshlandi
Bugun, 24 aprel kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida «Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari« «Central Asia – 2019» XIII xalqaro konferensiyasi boshlandi. Unda 10 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, AKT mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda axborot-kutubxona sohasiri rivojlantirishga oid Prezident qarori qabul qilingan va ushbu qaror ijrosi yuzasidan ta’lim muassasalari kutubxonalarini adabiyotlar bilan to‘ldirish, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarining audio variantlarini yaratish, «Bibliobus»lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, QR-kodlar yordamida elektron kitoblardan foydalanish, kutubxonachilik sohasida milliy va xalqaro tadbirlarni tashkil etish singari muhim ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro konferensiyada, shuningdek, AQSh Kutubxona fondi ijrochi direktori Merris Sumrall, Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy va boshqa xalqaro ekspertlar xalqaro konferensiyaning ahamiyati, unda muhokama etilayotgan mavzularning dolzarbligi haqida so‘z yuritdi.
Anjumanning birinchi kunida “Biblioteka 4.0” – xizmat ko‘rsatish kutubxonasining kelajak modeli”, “Kontentlar tizimini boshqarish imkoniyatlari: Axborot savodxonligini oshirish yechimlari va kutubxona dasturlari”, “Ilmiy yangiliklar agregatori tahliliy tadqiqotlar uchun axborot resursi va baza sifatida”, “Raqamlashtirilgan kolleksiyalar elektron to‘plamlarni tashkil qilish shakli sifatida: Prezident kutubxonasi tajribasi”, “O‘zbekiston Respublikasida kutubxona va axborot sohasining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglanmoqda.