«Shoh bo‘lsang-da bog‘ yarat...»
Bahor fasli kelishi bilan yurtimizda ko‘chat o‘tqazish mavsumi boshlanadi. Bunday paytda shaharliklar ham qarab turishmaydi: ko‘cha bo‘ylari, mahallalar, ko‘ngilochar maskanlarda manzarali, sersoya, mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishadi. Masalan, bu yil Toshkent shahar hokimligi hududni yanada ko‘rkamlashtirish maqsadida “Yashil tashabbus” aksiyasi o‘tkazildi.
— “Yashil tashabbus — 2019” aksiyasida shahrimizning asosiy ko‘chalari, ijtimoiy obyektlari, aholi dam olish maskanlari, mahallalar, ta’lim muassasalari hududiga ko‘chat ekish mo‘ljallangan edi, — deydi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bosh boshqarmasi ijrochi direktori Nodirjon Yunusov. — Kashtan, eman, yapon sakurasi, shumtol, yasin, qayrag‘och kabi bargli va ninabargli daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirda shahrimizda faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, tadbirkorlar, obodonlashtirish boshqarmalari faol qatnashdi. Ta’lim muassasalarida ochiq darslar, mashg‘ulotlar o‘tkazilib, yoshlar bilan daraxt ko‘chati ekishning foydasi, ularning hayotimizdagi ahamiyati, parvarish qilishda faol bo‘lish haqida suhbatlashdik. Tadbir maqsadi aks ettirilgan bannerlar, tarqatma materiallar tayyorlandi. Bugungi kungacha ikki yuz mingdan ortiq ko‘chat ekildi. Bu ko‘rsatkichni to‘rt yuz mingga yetkazishni niyat qilganmiz.
“Elning duosida gap ko‘p…”
... Rivoyat qilishlaricha, podshoh bir qishloqdan o‘tib ketayotsa, yoshi to‘qsonni qoralab qolgan bir chol daraxt ko‘chati ekayotganmish. Cholning g‘ayratiga havasi kelgan shoh otini to‘xtatib, otaxonni gapga solibdi: “Hormang, ota, nima ko‘chat ekyapsiz?”. Otaxon xushhollik bilan: “Bor bo‘ling, olampanoh, yong‘oq ko‘chati ekyapman”, deb javob beribdi. “Yong‘oq ko‘chati 10—15 yilda hosilga kiradi, ungacha kim bor-u kim yo‘q, mevasidan o‘zingiz yeyolmaysiz-ku”, debdi shoh. “Olampanoh, bobolarimiz ekdi, biz yedik, biz ekamiz, bolalarimiz, nevaralarimiz yeydi”, debdi otaxon. Cholning javobi shohga ma’qul bo‘libdi va bir hamyon tilla hadya etibdi. Hadyani olib bobo ta’zim qilibdi va debdi: “Ana ko‘rdingizmi, olampanoh, boshqalarning ko‘chati 10—15 yilda hosil bersa, mening ko‘chatim shu zahotiyoq meva berdi”. Shunda shoh bu cholning g‘ayratiga va hozirjavobligiga tan bergan ekan...
Yangibozor tumanidagi Qalandardo‘rmon qishlog‘ida yashovchi fermer Nuquljon Jumaniyozovaning g‘ayratiga, ishbilarmonligiga ko‘pchilik havas qiladi.
— 2003-yili fermer bo‘lib bog‘ yaratishga kirishdim. Olma, nok, shaftoli ko‘chatlari ekdim. Mehnatim o‘z samarasini berdi, bog‘im baravj bo‘lib gurkiradi. Davlat shartnomaviy rejasini oshig‘i bilan bajarib, ortgan mahsulotni bozorga olib chiqdim. Shu bog‘ning orqasidan besh bolamning to‘rtovini oliy ma’lumotli qildim, ikki qizimni uzatdim. Uylar qurdik, to‘ylar qildik. Uch yil oldin bog‘imdagi keksargan mevali daraxtlarni olib tashlab, o‘rniga yangi ko‘chatlar o‘tqazdim. Ko‘chatlarni ataylab Farg‘onadan keltirdim. Hammasi bir tekis tutdi. Mana, bu yildan qiyg‘os gullab, meva berishga tayyor turibdi.
Asolat AHMADQULOVA