“Tinchlik haqida so‘zlab beraman”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan yurtimiz bo‘ylab qator loyiha va aksiyalar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ham ushbu tadbirlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Jumladan, joriy yilning 25-aprel kuni “Sharaf lentasi”ni tarqatish aksiyasi boshlandi. Shu munosabat bilan poytaxtimizning Xalqlar do‘stligi majmuasi maydonida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti kursantlari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol va ko‘ngilli yoshlari ishtirokida milliy bayrog‘imiz ramzi tushirilgan “Sharaf lentasi”ni aholiga tarqatish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bekatga kelib to‘xtagan jamoat transportlari hamda avtoulovlarga Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan maxsus stikerlar yopishtirildi, yo‘lovchilar va yig‘ilganlarga esa bejirim tasmalar taqdim etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad tinchligimiz va yorug‘ kunlarimiz uchun kurashgan, hayotini qurbon qilgan vatandoshlarimiz, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘gan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, shuningdek, yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga inson qadri uning xotirasini sharaflash bilan ulug‘ ekanini singdirishdan iborat.
Aksiya jarayonini ko‘zida yosh bilan kuzatib turgan keksa onaxonlardan biri shunday fikrlarni bildirdi: “Ko‘nglimiz shod, juda ham chiroyli bayram bo‘lyapti. Tarqatilayotgan sharaf lentasi va stikerlardan nevaralarimga ham oldim, ularga Ikkinchi jahon urushi tarixi va bugungi tinch kunlar haqida so‘zlab beraman. Yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik tilayman, farzandlarimiz aslo urush ko‘rmasin”.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar hamda el ardog‘idagi san’atkorlarning taronalari aksiya ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Nafosat ZAFAROVA, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi