12 yosh psixologiyasi
Nima uchun aynan 12 yosh psixologiyasi haqida yozyapman? Bu yosh insonning boshqa kamolot bosqichlaridan ko‘ra shunchalik muhimmi?
Hadislarda 12 yoshgacha bo‘lgan davrdagi tarbiyaga alohida urg‘u berilgan. Uning ma’nosi quyidagicha: “Bola 12 yoshgacha ota-ona va ustozlari aytganini qiladi, 12 yoshdan so‘ng o‘z bilganini qiladi”. Demak, 12 yoshdan keyingi tarbiya — bu kechikkan tarbiya. Tarbiya homiladan boshlanishi kerakligi, ya’ni ona qornidagi bola hamma tovushlarni tinglashi va ma’lumotlarni miyasiga yozib borishi haqida ham yozilgan.
Hozir homila davrini qo‘ya turib, 12 yosh psixologiyasiga qaytsak. Muammo shundaki, ota-ona 18 yoki 20 yoshga to‘lgan farzandiga salom-alikni o‘rgatolmay, so‘zini o‘tkazolmay, ish buyura-buyura sarson. U endi allaqachon izdan chiqib bo‘lgan farzandini mullaga o‘qitadi, psixologga yuborib ko‘radi, do‘q-po‘pisa qiladi, “qachon senga aql kiradi”, deb yig‘lab yolvoradi. Biroq endi barchasi befoyda. Chunki bola tarbiya relsidan chiqib bo‘ldi. Bu urinishlardan ota-onaning asabi buzilgani va ruhiyati ezilgani qoladi, xolos.
Nima uchun aynan 12 yosh tanlangan, degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, bosh miyaning peshona qismida prefrontal soha bor. Faqat insonlarda bo‘ladigan ushbu soha 12 yoshda anatomik jihatdan shakllanib bo‘ladi va so‘ng u takomillashadi, xolos. Bu joyni “oliy analitik markaz” deb atasa bo‘ladi. Ushbu analitik markaz shakllanib bo‘lgach, bosh miya atrof-muhitdan kelib tushayotgan ma’lumotlarni ko‘r-ko‘rona to‘plash bilan emas, balki ularni mustaqil ravishda tahlil qilib, qaror chiqarish bilan shug‘ullana boshlaydi. Bosh miya 12 yoshgacha nimaniki to‘plagan bo‘lsa, keyingi hayot shular asosida shakllanadi. Agar shu davrgacha ota-ona bolaga yaxshi tarbiya berolmagan bo‘lsa, ya’ni salom-alik, mehr-muhabbat, qadr-qimmat, mehnat, e’tiqod va diyonatga o‘rgatolmagan bo‘lsa, bundan so‘ng ham o‘rgatolmaydi.
Endi 12 yoshgacha va undan keyingi davrning 12 xil sir-sinoati, ya’ni sabab va oqibat orasida nimalar yotganini ko‘rsatib o‘tamiz:
1. Kap-katta bola nega harom-xarish yo‘llarga kirib ketdi? Chunki 12 yoshgacha bo‘lgan davrda uning luqmasiga harom aralash«gan.
2. Kap-katta bola nega salom-alikni bilmaydi? Chunki u 12 yoshgacha salom-alikka o‘rgatilmagan.
3. Kap-katta bola nega mehnatdan qochadi? Chunki u 12 yoshgacha mehnatga o‘rgatilmagan, mehnat — bu buyuk tarbiya ekanini ota-onaning o‘zi ham anglab yetmagan.
4. Kap-katta bola nega ota-onasidan yiroq yurishga intiladi, ulardan qochaveradi? Chunki 12 yoshgacha bo‘lgan davrda ota-ona ham undan yiroq yurgan va yonida bo‘lishga vaqt topmagan.
5. Kap-katta bola nega kitob o‘qimaydi, ilmga intilmaydi? Chunki 12 yoshgacha bo‘lgan bola ota-onasining kitob o‘qiganini ko‘rmay o‘sgan.
6. Kap-katta bola nega kattani hurmat, kichikni izzat qilmaydi? Chunki 12 yoshgacha uning o‘ziga ham izzat ko‘rsatilmagan va hurmat qilinmagan.
7. Kap-katta bola nega ota-onasi, ustozlari, qolaversa, jamiyatga tajovuzkor? Chunki 12 yoshgacha unga tajovuzkor munosabatda bo‘lingan va jamiyat bola haqida qayg‘urmagan.
8. Kap-katta bola nega o‘g‘rilikka qo‘l urib, jinoyat yo‘liga kirib qoladi? Chunki u 12 yoshgacha to‘g‘rilik va o‘g‘rilik nimaligini bilmay o‘sgan yoki uning ko‘z o‘ngida o‘g‘riliklar sodir etilgan.
9. Kap-katta bola nima uchun hech kim bilan muloqotga kirisha olmaydi, nega uning so‘z boyligi kam, og‘ziga mum solgandek jim turadi? Chunki u bilan 12 yoshgacha dildan suhbat qurilmagan, muloqotda bo‘linmagan.
10. Kap-katta bola nima uchun o‘zini o‘zi himoya qilolmay, yomon odamlarga qo‘shilib qoladi? Chunki 12 yoshgacha u himoyaga olinmagan va “Sen — yomon bolasan”, deb miyasiga quyib kelingan.
11. Kap-katta bola nima uchun qo‘rqoq va o‘z fikrini dadil ayta olmaydi? Chunki 12 yoshgacha ota-onasi — uyda, tarbiyachi — bog‘chada, o‘qituvchi — maktabda uni faqat qo‘rqitib tarbiyalagan.
12. Kap-katta bola nega din nimaligini bilmaydi, Ollohni tanimaydi? Chunki 12 yoshgacha bolaga bunday ma’lumotlar berilmagan yoki bu sohada ota-onaning o‘zi ilmsiz.
Zarifboy IBODULLAYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor