O‘zbekistonlik o‘quvchilar хalqaro tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi
Joriy yilning 25-26-aprel kunlari Olmaota shahrida Sharqiy Yevropa, Kavkaz va O‘rta Osiyo mamlakatlari pedagoglarining iqlim o‘zgarishi mavzusidagi 2-Xalqaro Konferensiyasi hamda maktab o‘quvchilarining “Iqlim qutichasi” 1-Xalqaro tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tadbir Birlashgan Мillatlar Tashkilotining taraqqiyot Dasturi ko‘magida tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Tanlovda O‘zbekiston, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston umumta’lim maktablarining 40 nafardan ortiq o‘quvchilari iqlim o‘zgarishining oldini olish, suvni tejamkorlik bilan ishlatish va is gazini kamaytirish yuzasidan o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasidan ishtirok etgan o‘quvchilar BMTning Taraqqiyot Dasturi loyihasi doirasida Xalq ta’limi vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri o‘quvchilari o‘rtasida 2019-yilning 9-aprelda o‘tkazilgan “Iqlim o‘zgarishi” muammosi bo‘yicha loyihalar tanlovi respublika bosqichi g‘oliblaridir.
Quvonarlisi, mazkur xalqaro tanlovda O‘zbekiston vakillari faol ishtirok etishdi. Jumladan, Toshkent shahridagi 233-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Amirbek Rozimahammadov “Tirik” va “o‘lik” suvlar yordamida o‘simlik nihollarini o‘stirish va parvarish qilish” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimoti bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq tumanidagi 1-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Biybixan Saliyevaning innovatsion g‘oyasi amaliyotga joriy etish bo‘yicha eng yaxshi xalqaro loyiha deb topildi. Nukus shahridagi 20-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Bo‘tako‘z Yermagambetovaning ekologik loyihasi “Ijtimoiy ko‘ngilli” nominatsiyasi bo‘yicha eng yaxshi loyiha deb e’tirof etildi. Shu bilan birga Nukus shahridagi 46-maktab o‘quvchisi Abdusalom Isaqov loyihasi ham barchaga manzur bo‘ldi.
Yunusobod tumanidagi 9-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Dilmurod Yo‘ldoshev hamda Chilonzor tumanidagi 107-maktabning 9-sinf o‘quvchilari Amaliya Nazarova va Arslon Mirsagitovlarning loyihalari dolzarb masalalarga bag‘ishlanganligi bilan e’tirofga loyiq deb topildi.
Tanlovning 2 nafar g‘olibiga joriy yilning 30-may – 20-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida joylashgan “Orlyonok” bolalar oromgohida dam olish uchun yo‘llanma berilishi ma’lum qilindi.
Xalqaro tanlov yakunida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga samarali hamkorligi hamda g‘olib o‘quvchilar ustozlariga o‘quvchilarning muvaffaqiyatli ishtiroki uchun Tashkiliy qo‘mita tomonidan Minnatdorchilik xati topshirildi. Jumladan, poytaxtimizdagi 233-maktab o‘qituvchisi Vinera Abubakirova, Mo‘ynoq tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi Nurmaxanbet Arzuyev, Nukus shahridagi 20-maktab muallimasi Orazgul Serjanova o‘quvchilarni xalqaro tanlovga muvaffaqiyatli tayyorlaganliklari uchun rag‘batlantirildi.