“Barkamol avlod” barkamol yoshlarni tarbiyalay oladimi?
Yoshlarni ijodkorlik va mehnatsevarlikka o‘rgatishda “Barkamol avlod” bolalar markazlarining o‘rni katta. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta respublika, 16 ta tuman va shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyat yuritmoqda. Jami 481 ta to‘garakka 13073 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar markazida ayni paytda 39 ta to‘garakda 1032 o‘quvchi o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda.
Markaz faoliyati bilan tanishish jarayonida o‘quvchilarning qo‘l mehnati mahsuli bo‘lmish turli rasmlar, to‘qilgan, tikilgan kiyim-kechaklar, milliy hunarmandlik namunalari, munchoqli, kashtali buyumlarni ko‘zdan kechirdik. Qandolatchilik to‘garagida ham ish qizg‘in. Qizlar turli shirinliklar pishirishni ham nazariy, ham amaliy o‘rganmoqda.
— Qizlarimiz qandolatchilik, pazandalik sirlarini tez o‘rganmoqda, — deydi to‘garak rahbari Rayhon Palvashova. — Ular uchun bu sevimli va qiziqarli jarayon. Oz fursat ichida o‘z mehnati mahsulini tatib ko‘rishi, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini aniqlab, kelasi safar undan ham yaxshiroq, mazaliroq pishirishi mumkin. Quvonarlisi, turli bayram va kechalarda dasturxonni qizlarimiz o‘z qo‘llari bilan bezatib, ko‘pchilikning olqish va tahsiniga sazovor bo‘lmoqda.
Eshigiga “Liboslar dizayni” deb yozilgan xonadagi qoraqalpoq milliy liboslari — rang-barang naqshlarga to‘la, o‘ziga xos betakror san’at asarlari e’tiborni tortadi. 2018-yili Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Milliy qadriyatlar” tanlovining respublika bosqichida markaz liboslar dizayni yo‘nalishida ikkinchi o‘ringa munosib topilgani to‘garak faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
— Markazda bo‘sh vaqtimiz mazmunli o‘tmoqda, — deydi shaxmat to‘garagi a’zosi, shaxmat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston chempioni Muhammedyar Orazboyev. — Bu yerda o‘z ustimizda ko‘proq ishlash imkoni bor. Tez-tez muzey va teatrlarga sayohatga olib boramiz. Kasb-hunar sirlari qatori o‘lkamiz madaniyati va tarixini ham yaqindan o‘rganmoqdamiz.
Darhaqiqat, markazda ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili to‘garak a’zolari uchun Xiva shahri va o‘lkamizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkillashtirildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Respublika “Barkamol avlod” markazi shu kunga qadar avtotransport vositasi bilan ta’minlanmagan. Markazda aqalli bitta avtobus bo‘lganida O‘zbekiston bo‘ylab bundan ham ko‘proq sayohatlar tashkil etish imkoni bo‘lardi.
Dilfuza Kazakova rahbarligidagi “Tasviriy san’at” to‘garagi a’zosi Fazilbek Sharafov 2018-yili “Ekologiya bolalar nigohida” ekofestivalining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yakuniy bosqichida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, Xalq ta’limi vazirligining diplomi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, u 2018-yil iyul — 2019-yil mart oylari oralig‘ida Yaponiyaning Narita shahrida o‘tkazilgan “Milliy festivallar” mavzusidagi bolalarning ijodkorlik ishlari bo‘yicha rasmlar ko‘rgazmasida ishtirok etib, “Do‘stlik” diplomi bilan taqdirlandi.
Markazda iqtidorli, qobiliyatli yoshlar juda ko‘p. Ammo «Barkamol avlod» bolalar markazi markaz uchun moslashtirilmagan binoda joylashgan. To‘garak xonalari, zamonaviy texnologiyalar yetishmaydi. Kitobga va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga kuchli e’tibor qaratilayotgan bir vaqtda markaz kutubxonasi nochor ahvolda. Badiiy kitoblar oz, o‘quv qo‘llanmalari yo‘q hisobi, o‘quv xonasi esa juda kichkina. “Barkamol avlod” markazlari uchun maxsus darsliklar zarurligi ham seziladi.
— Yaqinda markazimizda “Kitoblar yarmarkasi” o‘tkazildi, — deydi kutubxonachi Zulfiya Bekmuratova. — Markaz xodimlari, to‘garak a’zolari va ota-onalar yarmarkada faol ishtirok etganligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi хalq ta’limi vazirligi va qator tashkilotlar tomonidan bir million so‘mlik sertifikat bilan taqdirlandik. Yaqin kunlar ichida kutubxonamiz fondi yangi adabiyotlar bilan boyiydi.
Yana bir e’tiborimizni tortgan jihat markazda oylik maoshning kamligidir. Ko‘pchilik oz muddat ishlab, keyin boshqa ishga o‘tib ketayotgan ekan. Agar to‘garak rahbarlari shu tarzda almashtirilaversa, bu to‘garak a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
“Barkamol avlod” deya atalmish markazlarda barkamol insonlarni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Markaz direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Qadirboy Ismaylov fikrlariga quloq tutamiz:
— Dono bobolarimiz “Qiz bolaga qirq hunar, yigitga yetmish hunar oz” degan va farzandlariga yoshligidan kasb-hunar sirlarini o‘rgatishgan. Qancha ko‘p hunar o‘rgansak, shuncha farovonlikka erishamiz. Aslida, “Barkamol avlod” markazlarida yetarlicha imkoniyat bo‘lsa, ota-onalar hamda yoshlarning taklif va qiziqishiga ko‘ra, ko‘plab hunarlar (70 ga yaqin to‘garak) o‘rgatilishi maqsadga muvofiq. Eng asosiysi, bizga psixolog kadr juda zarur. Ota-onalarimiz markazimizga farzandlarini olib kelishadi, ammo to‘garak tanlashda qiynalishadi. Bunday paytlari, bola bilan suhbatlashib, uning qiziqishiga mos to‘garak tanlash juda muhim. Markazlarda psixolog shtatlari joriy etilsa, yaxshi bo‘lardi. Markazlarimizda o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar ham faoliyat yuritadi. Ular ham malaka oshirish kurslarida o‘qitilsa, o‘qituvchi va o‘quvchilarning yangidan-yangi qirralari kashf etilardi. Shuningdek, markazlarda texnik ijodkorlik yo‘nalishidagi (robototexnika va elektron o‘yinchoqlar, mexatronika, aviamodel, raketamodel) to‘garaklariga tajribali mutaxassislar yetishmaydi. Shu bois, oliy ta’lim muassasalarida texnik ijodkorlik yo‘nalishlaridagi to‘garak rahbarlarini tayyorlaydigan maxsus yo‘nalishlar ochilsa, degan istagimiz bor.
Qadirboy akaning takliflari ko‘p. Jumladan, u markazda tahsil olgan o‘quvchilarga beriladigan guvohnoma kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarga kirishda o‘quvchilarga imtiyoz bersa, “Barkamol avlod» bolalar markazlarining nufuzi oshar edi, deydi.
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA