Faol qizlar sammiti
Qiz bola — jamiyat gultoji. U uyda ota-onasi, bobo-buvilaridan olgan tarbiyasidan tashqari, ilm-fanni ham munosib tarzda o‘rgangan bo‘lsa nur ustiga nur. Yurtimizda “Ilm-fan — kelajak poydevori” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Qizlarjon” o‘quvchi-qizlar sammitining asosiy maqsadi ham shu.
Sergeli tumanidagi 8-maktabda tuman hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi madaniyat bo‘limlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchi-qizlari o‘rtasida “Qizlarjon” sammiti o‘tkazildi. Sammit o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini oshirish va sportga jalb etish, kitobxonlikka o‘rgatish madaniyatini shakllantirish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida o‘tkazildi.
Ko‘zni quvnatuvchi milliy liboslarda, sochlari o‘rilib, boshlariga bejirim do‘ppi kiyib olgan qizlarni ko‘rib, dilingiz yayraydi. Toshkent shahar “Oila” ilmiy amaliy-tadqiqot markazi rahbari F.Abdurahimova, “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi boshqaruvi raisi S.Tursunboyeva, shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Ahmadjonova va boshqalar qizlarni qutlab, yosh avlodning ma’naviy va jismoniy kamoloti uchun qayg‘urish, ularning zamon talablariga mos bilim olishi, kasb-hunar tanlashi, qobiliyat va iqtidorini erkin namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladilar.
Tuman “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi to‘garagi a’zolari tomonidan namoyish etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar yig‘ilganlarga bayramona ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
N.XOLMETOVA