Besh tashabbus — besh imkoniyat
Yosh skripkachi Fotimaning Bellini mavzusidagi variatsiya usulida chalgan kuyini tomoshabinlar berilib tinglashdi. “Funny Ehglish” to‘garagi a’zolarining inglizcha sahna ko‘rinishlari, sport maydonidagi futbol o‘yini atrofdagilarning e’tiborini tortdi.
Poytaxtimizdagi 149-maktabda o‘tkazilgan “Besh tashabbus — besh imkoniyat” mavzusidagi ochiq eshiklar kuni ana shunday qizg‘in tashkil etildi. Ayniqsa, ushbu maktabda nabirasi ta’lim olayotgan Hamidulla Usmonovning qo‘l mehnati bilan yasalgan “Sirli sandiqcha”, “Oltin so‘ri” “Maktab binosi” deb nomlangan texnologik ijod ishlari o‘quvchilarni shogird tushishga undadi.
Besh tashabbus doirasida uyushtirilayotgan tadbirlar o‘quvchilarning yashirin iste’dodlarini namoyon etishiga turtki bo‘ldi, — deydi maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Gulnoza Xolniyozova. — Uchinchi tashabbusning yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga qaratilgani bois, o‘quv mashg‘ulotlarida AKTni samarali qo‘llashga urinyapmiz. Mana shu bilimlarni qamrab olgan bir necha qismdan iborat “Kids’ Test book” hamda “English pupil’s book” qo‘llanmalarini chop ettiryapmiz.
Yashnobod tumanidagi 244-maktabda ochiq eshiklar kuni doirasida to‘garaklar festivali o‘tkazildi. O‘quvchilarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi “Raqqosalar”, “Kichik xor”, “Yosh musavvirlar”, “Pazandalar” to‘garaklari faoliyatidan lavhalar ko‘rsatildi. Ikkinchi tashabbus, ya’ni yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport bo‘yicha qobiliyatini aniqlash maqsadida belbog‘li kurash, shashka va voleybol musobaqalari o‘tkazildi. Maktab direktori Mamlakat Abduvaliyevaning ta’kidlashicha, o‘g‘il-qizlarga hunar o‘rgatish, ular ma’naviyatini yuksaltirish hamda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.
Tumandagi 69-maktabda o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni”ga ota-onalar, mahalla faollari taklif etildi. Tabiat va atrof-olam uyg‘unligi aks etgan rasmlarni asfaltga chizgan bolalarning tasviriy san’atga ishtiyoqi yanada oshdi.
Poytaxtimizdagi 198-maktabda ham besh tashabbusga bag‘ishlangan “ochiq eshiklar kuni” ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. “Yosh rassomlar” to‘garagi rahbari Manzura Abdusamatova o‘quvchilari bilan birgalikda manzara, portret, naqqoshlik, sopol idishga rasm solish yo‘nalishida o‘z ijod namunalarini namoyish etishdi.
Shoira BOYMURODOVA