«Ma’rifat» bilimdoni» tanlovining navbatdagi g‘oliblari va may oyi uchun savollari
Qadrli mushtariylar! “Ma’rifat” bilimdoni” tanlovi orqali siz bilan yanada yaqinroq tanishib borayotganimizdan mamnunmiz. Savollarga oilaviy javob izlayotganingiz haqidagi xabarlar bizni g‘oyat xursand etmoqda.
Turli tushunmovchiliklarning oldini olish, mushtariylar masofalarining turlicha ekanligini hisobga olib, savollar gazetamizda chop etilgandan so‘ng www.marifat.uz sayti hamda @marifatmushtariylari “Telegram” guruhida ham berilmoqda. Javoblar esa info@marifat.uz elektron manzilimizda hamda @Charos_Burxon “Telegram” manzilida qabul qilinmoqda.
Aprel oyida berilgan savollarning javoblari bilan tanishing:
1. Kechqurun so‘zi tilimizda oqshom ma’nosini anglatib keladi. Bu so‘zdagi “kech” so‘zi hammamizga tushunarli. Qurun so‘zi qadimgi tilimizda “vaqt” ma’nosini bildirgan deb izohlanadi. “Qurun” so‘zi tilimizda hozir alohida ishlatilmaydi. Alisher Navoiy asarlarida “qurun” so‘zi alohida ishlatilgan o‘rinlar ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, “Nasoyim ul-muhabbat” asarida “o‘z zamonasida balki buncha qurunlarda alardek solik murtoz kishi yod bermas”, degan jumla bor. E.Severtyan “qurun” va “qurum” so‘zlarini bir-biriga bog‘liq holda “qorakuya” ma’nosida sharhlaydi.
2. Dunyodagi eng sho‘r ko‘l O‘lik dengizi bo‘lib, Falastin, Iordaniya va Isroil o‘rtasida joylashgan turg‘un sho‘r ko‘ldir.
3. Oltin miya saratonining so‘nggi formasini davolashda yordam beradi. O‘zbekistonda uni ishlab chiqarish va eksport qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Uni ayollar ko‘proq sevishadi va foydalanishadi.
Savollarimizga birinchi va aniq to‘g‘ri javob yo‘llagan ishtirokchimiz — Zomin tumanidagi 6-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Akmal Qarshiboyev!
G‘olibga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Cокровищница мыслей” (Alisher Navoiy g‘azallarining ruscha tarjimasi), “O‘zbek adiblari”, “Xalq qalbiga yo‘l”, “Yodi hamisha yodda” kitoblari taqdim etiladi.
Shuningdek, Vobkent tumanidagi 21- maktab o‘qituvchisi Dilnoza Narzullayeva, Xonqa tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi Azzatjon Azimova, Termiz tumanidagi 19-maktab o‘qituvchisi Ilhom Boymurodov, Dildor Nurmuhammedova, Diyorbek Keldiyorov ham ikkitadan savolga to‘g‘ri javob yo‘llagan. Faol ishtirok etgan barchaga rahmat!
May oyi uchun savollar bilan tanishing:
1. Mario Pyuzo “Cho‘qintirgan ota yoxud mafiya sardori” asarida u har qanday iqtidor va hokimiyatdan ham ustun turishini, faqatgina oiladan biroz pastda ekanini aytadi. Gap nima haqida ketmoqda?
2. Bu kasb egalari quloq og‘rig‘idan (aynan chap quloq) tez-tez shikoyat qilishadi. Ularning kasbini va nima uchun shikoyat qilishlarini toping.
3. Alla, jonim, o‘dag‘a,
O‘zim bo‘lay sadag‘a.
Ushbu parchadagi “o‘dag‘a” so‘zi qanday ma’noni anglatadi?