Vatan deya jang qilgan pedagog
1942-yil. Ikkinchi jahon urushining eng og‘ir kunlari. Fashist gazandalarini yanchib tashlash uchun Kattaqo‘rg‘onda tug‘ilib o‘sgan pedagog Ibrohim Odilov katta jasorat ko‘rsatgan.
Ibrohim Odilov dastlab o‘z istagiga ko‘ra, artilleriya harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Bilim yurtida sohani mukammal o‘rganib, o‘qishni tamomlagach, uni ikkinchi Belorussiya frontiga vzvod komandiri etib tayinlab, harakatdagi armiya safida jang qilishga yuborishdi. Kapitan Ibrohim Odilov Minsk, Bryansk, Mogilevsk, Vatsbek shaharlari va Litva, Latviya, Estoniya Respublikalarining dushman tomonidan egallab olingan shaharlarini ozod qilishda mislsiz jasorat ko‘rsatdi — dushman harbiy texnikasiga juda katta talofat yetkazdi.
Ibrohim Odilovning fashist qurolli kuchlariga qarshi mardonavor jang qilganligi va buyuk xizmatlari munosib taqdirlandi. Artilleriyachi kapitan Ibrohim Odilov “Qizil Yulduz”, ikkinchi darajali Ulug‘ Vatan urushi ordenlari va 6 ta jangovar medal, 5 marta Oliy Bosh Qo‘mondonning rahmatnomasini olishga sazovor bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushi tugab, g‘olib jangchilar zaxiraga bo‘shatiladi va o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Vatan bag‘riga jo‘natiladi. Sobiq kapitan Ibrohim Odilov g‘olib jangchi sifatida ko‘ksi jangovar ordenlarga to‘lib, Kattaqo‘rg‘onga qaytdi. O‘zi sevgan kasb — o‘qituvchilikni davom ettirdi. Uning bolalarga mehri, talabchanligi hamda jonkuyarligi hisobga olinib, Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlandi.
Umri davomida turli qiyinchiliklarni boshdan kechirgan hamyurtimiz keyinchalik yana o‘zining sevimli ishi — o‘qituvchilikni davom ettirdi. Rafiqasi Roziya Ustaboyeva bilan 10 nafar farzandni munosib kasb egalari, mehnatsevar va halol insonlar qilib tarbiyaladi.
Dovyurak sobiq artilleriyachi, kamtar, mehnatsevar va halol pedagog Ibrohim Odilov 1972-yili vafot etdi. Uning porloq xotirasi qalblarimizda saqlanadi.
G‘ayrat SHUKUROV, faxriy jurnalist