5 tashabbus bo‘yicha amaliy ishlar
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish maqsadida Bo‘ka tumanida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, ijodkor ziyolilar, psixologlar ishtirokida tumandagi ta’lim muassasalari yoshlari hamda aholi bilan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Jumladan, Toshkent viloyatidagi 116 ta kasb-hunar kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida “Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning mazmun-mohiyati, uni hayotga tatbiq etish, yoshlarni ma’naviy barkamol va kitobxon qilib tarbiyalash” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbir qatnashchilariga yoshlar qalbida fidoyilik, yurt ravnaqiga daxldorlik hissini uyg‘otish, ma’naviyatni oshirishning ta’sirchan omillarini aniqlash, har taraflama o‘rganish bugunning dolzarb masalalaridan hisoblanishi tushuntirildi.
Bo‘ka tumanida tikuvchilik yo‘nalishida bepul o‘qitilayotgan 100 ga yaqin ishsiz ayollar bilan seminar-trening o‘tkazildi. Kunning ikkinchi yarmida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari tomonidan tumandagi maktablar direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va maktabgacha ta’lim muassasalari uslubchilariga 5 tashabbusning ahamiyati, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining metodik ta’minotini takomillashtirish xususiyatlari, shuningdek, bu borada Markaz tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlarga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Shahnoza TOJIDDINOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi matbuot xizmati rahbari